Xitoylik investorlar Toshkent shahridagi eskirgan uy-joylar o‘rnida renovatsiya dasturi doirasida yangi ko‘p qavatli uylar quradi. Bu haqda “O‘zbekiston 24” telekanalining seshanba kuni prezident bilan uchrashuvga bag‘ishlangan lavhasida xabar berildi.

renovatsiya, тошкент

Misol tariqasida renovatsiya loyihasi boshlangan Shayxontohur tumanidagi Olim Xo‘jayev mahallasini (Oqtepa massivi) keltirish mumkin. Xabar qilinishicha, xitoylik investorlar 1960-yillarda qurilgan 568 ta xonadonli ikki qavatli uylar o‘rnida 3200 ta xonadonli ko‘p qavatli uylar qurmoqchi.

renovatsiya, тошкент

Telekanal ma’lumotlariga ko‘ra, loyihani amalga oshirish uchun budjet va bank mablag‘lari emas, 360 million dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya jalb qilinadi.

2021-yilning noyabr oyida prezident Shavkat Mirziyoyev “Olim Xo‘jayev” mahallasida bo‘lib, u yerdagi ikki qavatli uylar renovatsiya dasturiga kiritilishi rejalashtirilayotganini ma’lum qilgandi. Davlat rahbari uy-joylarning foydalanish muddati allaqachon tugaganini aytgan. Yangi hududda 9, 12 va 16 qavatli binolar qurish taklif etilgan. “Gazeta.uz” muxbiri Viktoriya Abdurahimova 2022-yilning mart oyida mazkur hudud aholisining uylari buzilib, ko‘p qavatli yangi uylarga ko‘chib o‘tilayotgani haqidagi fikrlarini o‘rgangandi.

Fevral oyining oxirida poytaxt hokimi v.b. Shavkat Umurzoqov Toshkentda 500 gektardan ortiq maydondagi uy-joylar renovatsiya dasturiga kiritilganini ma’lum qilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, gap “talabga javob bermaydigan, ko‘p yillar oldin qurilgan ikki qavatli binolar va vaqtincha qurilib ketgan uylar” haqida ketmoqda.

Shavkat Mirziyoyev 2018-yil dekabr oyida parlamentga yo‘llagan murojaatnomasida birinchi marta jahon megapolislari tajribasidan kelib chiqqan holda uy-joylarni renovatsiya qilish dasturini qabul qilish zarurligini ma’lum qilgandi.

O‘sha yili respublika bo‘yicha ikki va undan yuqori qavatli 34 584 ta ko‘p qavatli uyni inventarizatsiya qilish natijalari taqdim etilgan. 455 ta uyda avariya belgilari aniqlangan (fasaddagi yoriqlar, poydevorning cho‘kishi, yerto‘la va tom inshootlarida betonning korroziyasi va boshqalar).

2023-yilning noyabr oyida “Adolat” partiyasi bu tartib uchun mustahkam qonunchilik asoslari bo‘lmaguncha uning asosida Toshkent shahrida yangi qurilishlarni amalga oshirishga qarshi chiqqandi.