2023-yilda O‘zbekiston Rossiya tabiiy gazini 1000 kub metri uchun 160 dollardan sotib oldi. Bu haqda “Kommersant’” Rossiya gaz bozorlarini diversifikatsiya qilish haqidagi maqolasida yozdi.

O‘zbekiston 2023-yil 7-oktabrdan Qozog‘iston orqali Rossiya gazini import qilishni boshladi. UzGasTrade va “Gazprom” o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra, kunlik yetkazib berish hajmi 9 mln kubometrni, yillik hajm esa 2,8 mlrd kub metrni tashkil qiladi. Ushbu hajm taxminan 448 mln dollarga tushadi.

Avvalroq Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamaxmudov Rossiyaning barcha gazi ichki bozorga yo‘naltirilishini ma’lum qilgandi, bunda davlat korxonalari va budjet tashkilotlari uchun tarif 1-oktabrdan boshlab 1000 so‘mga, yuridik shaxslar uchun esa 900 so‘mga ko‘tarilgandi. Aholi uchun tarif 2019-yildan beri o‘zgarishsiz qolmoqda — 330 so‘m.

“Kommersant’” ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonga yetkazib berilayotgan mahsulot narxi Turkiyaga (1000 kub metr uchun taxminan 270−280 dollar) va Xitoyga (260−270 dollar) o‘rtacha sotuv narxidan ancha past. Shunga qaramay, joriy narx “Gazprom”ga 1000 kub metrdan 20−22 dollar foyda olish imkonini beradi, deya qayd etgan Energetika va moliya instituti vakili Sergey Kondratev.

Rossiya gazining Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga tranzitini 2026-yildan boshlab joriy 3 mlrd kub metrdan yiliga 11 mlrd kub metrgacha oshirish rejalashtirilmoqda, deya xabar berdi “TASS” Qozog‘iston energetika vazirligiga tayanib.

Sergey Kondratevning fikricha, mahalliy gaz qazib olish hajmining qisqarishi fonida O‘zbekistonga Xitoyga eksport shartnomasi shartlarini bajarish uchun 11 mlrd kub metr hajm yetarli bo‘ladi (10 mlrd kub metr ekani aytilmoqda).

“Menimcha, O‘zbekiston 2030-yilga borib Xitoyga 5−6 mlrd kub metr gaz eksport qilishi uchun importni 15−18 mlrd kub metrga yetkazishi kerak. Albatta, bu holatda gap nafaqat Rossiyadan yetkazib berish, balki Turkmanistondan import hajmini oshirish haqida ham ketmoqda”, — degan ekspert.

“Gazprom” rahbari Aleksey Millerning aytishicha, 2024-yil o‘rtalariga qadar Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston 15 yil davomida gaz yetkazib berish va tranzit bo‘yicha hamkorlik majburiyatlarini belgilashni rejalashtirmoqda.

Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston hukumati “shimoldan” gaz importi hajmini oshirish uchun magistral gaz tizimini 500 mln dollarga modernizatsiya qilmoqchi. Hozirda O‘zbekiston bu yo‘nalish orqali Rossiya gazini olmoqda. Yetkazib berish hajmini kuniga 9 mln kubometrdan 32 mln kub metrgacha oshirish rejalashtirilgan.

Yaqinda Jahon banki Markaziy Osiyo davlatlarida tez orada gaz talabi va taklifi o‘rtasidagi nomutanosiblik kuchayib borishi mumkinligidan ogohlantirgandi.