O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan keyingi ilk aholini ro‘yxatga olishning zarurati haqida 2017-yildan beri gapirilmoqda. 2019-yilda prezident Shavkat Mirziyoyev uni o‘tkazish konsepsiyasini tasdiqladi. Dastavval ushbu tadbirni 2022-yilda amalga oshirish rejalashtirilgan edi.

Biroq 2020-yil noyabr oyidayoq, koronavirus pandemiyasi sababli, muddatlar 2023-yilga ko‘chirildi. O‘shanda Davlat statistika qo‘mitasi (hozirgi prezident huzuridagi Statistika agentligi) muddatning kechiktirilishini karantin cheklovlarining tadbirga tayyorgarlik jarayonlariga ta’siri bilan izohlagan edi.

2023-yilda aholini ro‘yxatga olish o‘tkazilmadi. Rasmiylar muddatning navbatdagi ko‘chirilishi haqida ma’lum qilmadi. Davlat budjeti xarajatlariga tayanib xulosa qilinsa, 2024-yilda ham ushbu tadbir o‘tkazilishi ko‘zda tutilmagan.

Aholini ro‘yxatga olish nima uchun kerak?

Aholini ro‘yxatga olish aholi soni, jinsi va yosh tarkibi, yashash sharoiti va migratsiyasining to‘liq tasvirini shakllantiradi. BMT aholini kamida 10 yilda bir marta ro‘yxatga olishni tavsiya qiladi va aholini ro‘yxatga olish milliy siyosatni ishlab chiqish va rejalashtirish, shuningdek, mamlakat rivojlanishini kuzatish uchun asosiy axborotlarni taqdim etishini ta’kidlaydi.

Aholining turar joy, uy-ro‘zg‘or buyumlari, oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechak, tibbiy asbob-uskunalar va dori-darmonlar, ijtimoiy xizmatlar, ish o‘rinlariga bo‘lgan ehtiyojiga doir O‘zbekiston uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan axborotni aholi to‘g‘risidagi ishonchli ma’lumotlar asosidagina aniqlash mumkin.

aholini ro‘yxatdan o‘tkazish, statistika agentligi, unfpa

Aholini ro‘yxatga olish haqiqatda yashayotgan aholi to‘g‘risida nafaqat butun mamlakat bo‘ylab, balki mintaqalar kesimida ham ma’lumot beradi. Aholi to‘g‘risidagi ma’lumotlar turli ma’muriy manbalarda va davlat idoralarining ma’lumotlar bazalarida mavjud, biroq ularning barchasida axborot to‘liq emas. Bu to‘liq tasvirni shakllantirish imkonini bermaydi, deydi BMT Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi aholishunoslik va rivojlanish masalalari bo‘yicha dasturi tahlilchisi A’zam Toshpo‘latov.

“Masalan, fuqarolikni rasmiylashtirish va migratsiya bo‘limlarida fuqarolarning ro‘yxatga olingan (propiska) joyi to‘g‘risida ma’lumotlar bor, aslida esa bu odamlar boshqa manzilda yoki hatto boshqa viloyat yoki mamlakatda yashashi mumkin, — deydi mutaxassis. — Saylovchilar ro‘yxatlarida ham aholi to‘g‘risida to‘liq ma’lumot yo‘q — ularda ovoz berishda ishtirok eta olmaydigan fuqarolar hisobga olinmagan”.

aholini ro‘yxatdan o‘tkazish, statistika agentligi, unfpa

Mamlakatlar so‘rovnomaning yakuniy versiyasiga kiritiladigan savollar ro‘yxatini mustaqil ravishda belgilaydi. Qoida tariqasida har bir davlat organi o‘zini qiziqtirgan masalalarni so‘rovnomaga imkon qadar ko‘proq kiritishni xohlaydi. Biroq, savolnoma qanchalik katta bo‘lsa, aholini ro‘yxatga olish shunchalik qimmatga tushadi, chunki aholini ro‘yxatga oluvchilar har bir xonadon uchun ko‘proq vaqt sarflashiga to‘g‘ri keladi. Shu sababli, 2019-yilda UNFPA davra suhbati ekspertlari eng muhim masalalarni aniqlab olishni tavsiya qildi. Mutaxassislarning qayd etishicha, namunaviy tadqiqotlar doirasida aholi tarkibini batafsilroq o‘rganish mumkin.

Statistika agentligining veb-saytiga sinov tariqasida ro‘yxatga olish uchun namunaviy shakl (forma)lar joylashtirilgan. Ularda doimiy va vaqtinchalik yashash joyi, ta’lim darajasi va ilmiy darajaga ega yoki ega emaslik, sport mashg‘ulotlari, taxminiy daromad darajasi, migratsiya, bandlik va boshqa savollar mavjud.

aholini ro‘yxatdan o‘tkazish, statistika agentligi, unfpa

Milliy darajada aholini ro‘yxatga olish uchun ro‘yxatga olish shakllaridan sport mashg‘ulotlari va daromad darajasiga oid savollar chiqarib tashlangan, deya ta’kidladi Statistika agentligi vakillari “Gazeta.uz” muxbiri bilan suhbatda. Bu savollar aholi noroziligini keltirib chiqargani uchun shunday qaror qabul qilingan. Milliy darajada aholini ro‘yxatga olish uchun namunaviy so‘rovnomalar allaqachon ishlab chiqilgan, biroq hukumat tomonidan hali tasdiqlanmagan va shuning uchun nashr etilmagan.

Qayd etib o‘tamiz, 2020-yilda so‘rovnoma nashr qilinganida, nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari bo‘yicha faollarning e’tirozlariga sabab bo‘lgan, chunki nogironlik haqidagi savollar ro‘yxatga kiritilmagan edi. JSST ma’lumotlariga ko‘ra, nogironligi bo‘lgan shaxslar dunyo aholisining 16 foizini tashkil qilsa, O‘zbekistonda 2022-yilda aholining atigi 2,3 foizi nogironligi bo‘lgan shaxs sifatida tan olingan. Ayni vaqtda, Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolarining 13,5 foizini nogironligi bo‘lgan shaxslar tashkil qiladi.

“Insonning nogironligini qanday aniqlashni bilmaymiz, — degan edi 2020-yili Davlat statistika qo‘mitasi rahbari Bahodir Begalov. — Ko‘plab davlatlarning amaliyotida bu savollar aholini ro‘yxatga olish shakliga kiritilmagan”.

aholini ro‘yxatdan o‘tkazish, statistika agentligi, unfpa

Huquq himoyachilarining fikricha, nogironlikni olish va tasdiqlashdagi barcha qiyinchiliklarni hisobga olinsa, aholini ro‘yxatga olish O‘zbekistonda nogironlikning real voqelikka yaqinroq manzarasini ochib berishi va tibbiy-ijtimoiy ekspertiza siyosatini o‘zgartirishi mumkin.

Shu bilan birga, to‘liq ro‘yxatga olish uchun ro‘yxatga olish shakli daromad manbalari to‘g‘risidagi savolni o‘z ichiga oladi. Ushbu savolga javob variantlaridan biri — “nogironlik nafaqasi” — nogironligi bo‘lgan shaxslarning haqiqiy sonini ijtimoiy ta’minotni taqdim etuvchi organlarning ma’lumotlar bazasi bilan solishtirish imkonini beradi, deya ta’kidlaydi Statistika agentligi.

Aholini ro‘yxatga olish boshqa mamlakatlarda

AQShda aholini ro‘yxatga olish har bir shtatdagi hududlar chegaralarini yangilab, hukumatga budjetni rejalashtirishda qaysi sohalarga ko‘proq mablag‘ ajratish kerakligini tushunishga yordam berdi. AQSh Konstitutsiyasiga ko‘ra, har bir fuqaro aholini ro‘yxatga olishda ishtirok etishi shart. Mamlakat 72 yil davomida ma’lumotlarning maxfiyligini ta’minlab kelmoqda.

Germaniyada aholini ro‘yxatga olish aholi to‘g‘risidagi demografik ma’lumotlarni yangilash va odamlarning yashash sharoitlari haqida ko‘proq ma’lumot olish maqsadida o‘tkaziladi. Oxirgi aholini ro‘yxatga olish 2021-yilda o‘tkazilgan. Ushbu protsedura mamlakat fuqarolari va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari uchun majburiydir.

Qozog‘istonda mustaqillik davrida aholini ro‘yxatga olish uch marta (1999, 2009 va 2021-yillarda) o‘tkazilgan.

Aholini ro‘yxatga olish O‘zbekistonga qanday foyda keltiradi?

UNFPA O‘zbekistondagi vakolatxonasining aholishunoslik va rivojlanish masalalari bo‘yicha dasturi tahlilchisi A’zam Toshpo‘latov O‘zbekistonda aholini ro‘yxatga olish mamlakat fuqarolariga ijobiy ta’sir ko‘rsatishini ta’kidlaydi.

Masalan, maktab yoshidagi bolalar soni haqidagi ma’lumotlar maktab qurish bo‘yicha rejalarni muvofiqlashtirishga yordam beradi. Hududlar kesimida qayerda va qaysi sohada yangi ish o‘rinlariga ehtiyoj mavjudligi, qanday mutaxassislar kerakligini bilish uchun ishsizlar soni va ularning malaka darajasini bilish lozim. Favqulodda vaziyatlarda FVV xodimlari, shuningdek, shifokorlar aholini ro‘yxatga olish ma’lumotlari asosida zarur yordam ko‘lamini belgilaydi.

aholini ro‘yxatdan o‘tkazish, statistika agentligi, unfpa

A’zam Toshpo‘latovning qayd etishicha, aholini ro‘yxatga olish tadbirkorlik rivojiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Aholi soni va daromadi, uning turar-joyga bo‘lgan ehtiyoji to‘g‘risidagi ma’lumotlarga ega bo‘lgan holda, masalan, maishiy texnika ishlab chiqaradigan korxonalar ishlab chiqarish hajmini prognoz qilishlari mumkin, ularni import qiluvchi kompaniyalar esa xaridlarni rejalashtirishlari va zararni minimallashtirishlari mumkin.

Aholini ro‘yxatga olish makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarni kelgusi 10−20 yillik davrga prognoz qilish uchun ham zarur. Statistik ma’lumotlar manzilli dasturlarni ishlab chiqish, fuqarolar salomatligini mustahkamlash, oilalarga moddiy ko‘maklashishda muhim ahamiyatga ega.

“Aholini ro‘yxatga olish ma’lumotlari davlat maktablari, kutubxonalar, sog‘liqni saqlash markazlari, shuningdek, energiya resurslari va suv ta’minotiga bo‘lgan ehtiyojni ko‘rsatib beradi. Aholini ro‘yxatga olish natijalari hukumat tomonidan mahalliy hokimiyat organlariga ajratilishi zarur bo‘lgan mablag‘ miqdorini aniqlashga yordam beradi”, — deya tushuntiradi A’zam Toshpo‘latov.

Turar joy va noturar joy fondlarini ro‘yxatga olish

O‘zbekistonda aholini ro‘yxatga olish kadastr ma’lumotlarini ham yangilashi kutilmoqda, chunki statistika organlari nafaqat aholini, balki uy-joy fondini ham ro‘yxatga oladi. Tegishli so‘rovnomani aholini ro‘yxatga olish veb-saytida topish mumkin.

Statistika agentligining izoh berishicha, turar-joy fondini ro‘yxatga olish asosida to‘liq raqamli xarita ishlab chiqish rejalashtirilmoqda. Buning uchun turar joy va noturar joy binolar, korxonalar va boshqa obyektlarning soni va holatini aniqlash lozim. Bu ma’lumotlar keyinchalik O‘zbekistondagi aholi punktlari infratuzilmasini rejalashtirish uchun asos bo‘ladi.

aholini ro‘yxatdan o‘tkazish, statistika agentligi, unfpa

Turar joy fondini ro‘yxatga olish ko‘plab mamlakatlarda o‘tkaziladi. Germaniyada 2011-yilda o‘tkazilgan aholini ro‘yxatga olish natijalari asosida hukumat mamlakat turar joy fondining to‘liq manzarasiga ega bo‘ldi. Bunda turar joy turi (xonadon, xususiy uy, yotoqxona), xonalar soni, isitish tizimining mavjudligi va turi hisobga olingan.

BMTning tushuntirishicha, turar joy fondini ro‘yxatga olish zarur, chunki u aholining shaxsiy hayoti va sog‘ligini himoya qiladi. Olingan ma’lumotlardan, shu jumladan, uysizlar haqidagi ma’lumotlar uy-joy yetishmasligining sabablarini o‘rganish va muammoni qanday hal qilish choralarini topish uchun foydalaniladi.

Aholini ro‘yxatga olish qanday o‘tkaziladi?

Statistika agentligining “Gazeta.uz"ga ma’lum qilishicha, aholini ro‘yxatga olish uch bosqichda o‘tkaziladi. Birinchisi — tayyorgarlik bosqichi. U 2020-yilda boshlangan va uch yildan ortiq davom etmasligi kerak.

Ikkinchi bosqich — to‘g‘ridan-to‘g‘ri ma’lumotlarni yig‘ish va tekshirish. Bu ish taxminan ikki oy davom etadi.

Uchinchi bosqich — axborot tahlili, bu bir-ikki yil vaqt talab etiladi. Ma’lumotlar qayta ishlanadi, maxsus dasturda tizimlashtiriladi, tahlil qilinadi va jamoatchilikka taqdim etiladi.

Tayyorgarlik bosqichi 2023-yilda yakunlanishi kerak bo‘lganiga qaramay, hali ham davom etmoqda. Uning doirasida statistiklar allaqachon aholini ro‘yxatga olish metodologiyasi, me’yoriy-huquqiy hujjatlar, veb-sayt, ma’lumotlarni saqlashning yagona tizimini ishlab chiqdi va 2021-yil noyabr oyida sinov tariqasida aholini ro‘yxatga olish o‘tkazildi.

aholini ro‘yxatdan o‘tkazish, statistika agentligi, unfpa

Sinov tariqasida aholini ro‘yxatga olish paytida ma’lumotlarni yig‘ishning asosiy usuli qog‘oz usuli edi. Aholini ro‘yxatga oluvchilar planshetlardan ham foydalandi. Barcha fuqarolar savollarga, jumladan, onlayn shaklda ham javob berishlari mumkin edi. Uyma-uy yurib o‘rganish uchun respublikaning to‘rtta ma’muriy birligi tanlab olindi: Toshkent shahrining Yashnobod tumani, Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumani, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumani va Xorazm viloyatining Xiva shahri.

Xalqaro amaliyotda sinov tariqasida o‘tkazilgan aholini ro‘yxatga olish natijalari, qoida tariqasida, e’lon qilinmaydi. Statistika agentligi saytida qayd etilishicha, vaqtinchalik ishga yollangan operatorlar sinov tariqasida o‘tkazilgan aholini ro‘yxatga olish jarayonida to‘plangan ma’lumotlarni maxsus ishlab chiqilgan tizimga kiritgan.

Sinov tariqasida o‘tkazilgan aholini ro‘yxatga olish natijalariga ko‘ra, qog‘oz shakllarni to‘ldirish va ulardan ma’lumotlarni elektron tizimlarga ko‘chirish shunchalik ko‘p vaqt talab qildiki, Statistika agentligi milliy darajada aholini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun qog‘oz shakllardan voz kechishga qaror qildi.

aholini ro‘yxatdan o‘tkazish, statistika agentligi, unfpa

Shuningdek, agentlik tomonidan aholini ro‘yxatdan o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida respublikaning barcha kichik-tumanlarining sxematik xaritalari yangilanib, turar-joy va noturar joy binolar ro‘yxati shakllantirildi. Ushbu tadqiqot natijalariga ko‘ra, statistiklar uy xo‘jaliklarining 17 foizdan ortig‘i hali ham ro‘yxatga olish raqamiga ega emasligini aniqladi. 30 mingdan ortiq buzilgan binolar xaritalarda hali ham aks ettirilmoqda. Aholini ro‘yxatga olish uchun ushbu kamchiliklarni bartaraf etish lozim, deya tushuntiradi Statistika agentligi.

Bundan tashqari, tayyorgarlik bosqichini yakunlash uchun agentlik planshetlar xarid qilishi, aholini ro‘yxatga olishning ahamiyati bo‘yicha aholi orasida tushuntirish ishlari olib borishi, bu ishga OAVni jalb etishi zarur.

Aholini ro‘yxatga olish qanchaga tushadi?

Aholini ro‘yxatga olish mamlakatlar uchun eng yirik statistik tadbir hisoblanadi. Uni o‘tkazish xarajatlari statistika organlarining yillik joriy budjetlaridan sezilarli darajada oshadi.

Agentlik aholi va turar joy fondini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik va uni o‘tkazish uchun davlat budjeti xarajatlarini 65 mln dollarga baholamoqda. Ma’lumotlarni yig‘ishning qog‘oz usulidan voz kechish budjetni 46 mln dollarga yaqin tejash imkonini beradi. Aholini ro‘yxatga olish bo‘yicha xodimlar sonini 70 ming kishigacha qisqartirish orqali xarajatlarni optimallashtirish mumkin bo‘ladi, deydi agentlik vakillari. Agar qog‘oz usuli qo‘llanilganda, agentlik 155 ming kishini vaqtinchalik ishga yollashiga to‘g‘ri kelar, aholini ro‘yxatga olish xarajatlari esa 111 mln dollarni tashkil etgan bo‘lardi.

aholini ro‘yxatdan o‘tkazish, statistika agentligi, unfpa

2022-yilda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish uchun davlat budjetidan Statistika agentligiga 59,2 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgan. Mablag‘lar hududlar xaritalarni yaratishda ishtirok etgan 6 mingdan ortiq xodimning mehnatiga haq to‘lash uchun yo‘naltirildi, deya ma’lum qildi Statistika agentligi matbuot xizmati.

2022-yilda Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi matbuot xizmati statistika tizimini modernizatsiya qilish uchun mamlakatga 50 mln dollar miqdorida imtiyozli kredit ajratilishini ma’lum qildi. Ushbu loyihaning tarkibiy qismlaridan biri ma’lumotlarni yig‘ish usullari va standartlarini takomillashtirishga qaratilgan. Bu milliy darajada aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishda yordam berishi kutilmoqda.

Biroq, bu loyihani amalga oshirish murakkab byurokratik jarayon sabab kechikmoqda. O‘zbekistonda xalqaro donorlar mablag‘laridan foydalanish tashabbuslari prezidentning tegishli qarori qabul qilingandan keyingina amalga oshirilishi mumkin. Ushbu talab Statistika agentligi loyihasini moliyalashtirishni kechiktiradi, chunki bunday hujjatni ishlab chiqish va tasdiqlash bir yil yoki undan ko‘proq vaqt olishi mumkin.

2023-yilda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish uchun respublika budjetidan 10 mlrd so‘m mablag‘ ajratildi. 2024-yilda aholini ro‘yxatga olish bo‘yicha Statistika agentligiga bor-yo‘g‘i 18 mlrd so‘m ajratiladi, vaholanki, aholini ro‘yxatga olish uchun safarbar qilingan 70 ming xodim mehnatiga haq to‘lash va 54 ming dona planshet sotib olish uchun 800 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ talab etiladi. Aholini ro‘yxatga olish hukumat davlat budjetini muvozanatlashtirishga muvaffaq bo‘lganda o‘tkazilishi kutilmoqda.

Aholini ro‘yxatga olishni kechiktirish qanday oqibatlarga olib keladi?

2019-yilda BMT Aholishunoslik jamg‘armasining davra suhbatida xalqaro ekspertlar aholini aholini ro‘yxatga olish bo‘yicha aholi xabardorligini oshirish va ushbu tadbirga mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha keng ko‘lamli kampaniya o‘tkazish qay darajada muhimligini ta’kidlagan edi. Tadqiqot bir necha o‘n yillar davomida o‘tkazilmaganligi sababli, odamlar ro‘yxatga olish nima ekanligi va unda ishtirok etish nima uchun kerakligini bilmaydi.

Qolaversa, oxirgi yillarda xalqaro tashkilotlar va ekspertlar O‘zbekistonga kadrlar salohiyatini oshirish, aholini ro‘yxatga olishni rejalashtirish va ko‘plab uslubiy hujjatlarni ishlab chiqishda yordam berganligiga qaramay, 30 yildan ortiq vaqt mobaynida mutaxassislar aholini ro‘yxatga olish bo‘yicha asosiy ko‘nikmalarini yo‘qotgan.

aholini ro‘yxatdan o‘tkazish, statistika agentligi, unfpa

Biroq, aholini ro‘yxatga olish qanchalik ortga surilsa, aholi to‘g‘risida ilmiy asoslangan siyosat va investitsiya dasturlarini ishlab chiqish imkonini beradigan muhim ma’lumotlarni olish imkoniyatidan shunchalik uzoqlashamiz.

Mamlakat bo‘ylab faol qurilish ishlari olib borilayotgani hisobga olinsa, statistiklar va davlat kadastr xodimlari tomonidan 2022-yil avgust oyida tuzilgan aholini ro‘yxatga olish xaritalari o‘z ahamiyatini yo‘qotadi. Sezilarli kechikish ko‘plab uslubiy hujjatlar va o‘quv materiallarini yangilashni talab qiladi. Bundan tashqari, kechiktirish tayyorlangan xodimlarning va aholini ro‘yxatga olishni tayyorgarlik jarayoni uchun hukumat tomonidan kiritilgan investitsiyaning yo‘qotilishiga olib keladi. Natijada, aholini ro‘yxatga olishdan manfaatdor tomonlarga unga tayyorgarlik ko‘rish uchun resurslarni safarbar qilish qiyin bo‘lishi mumkin.

“Gazeta.uz” ushbu materialni tayyorlashdagi hamkorligi uchun prezident huzuridagi Statistika agentligi va BMT Aholishunoslik jamg‘armasining O‘zbekistondagi vakolatxonasiga minnatdorchilik bildiradi.