Jamoatchilik muhokamasiga qaramay, Buxoroning tarixiy qismi va bufer zonasi bilan chegaradosh hududda “Boqiy Buxoro” madaniy-etnografik parki loyihasini amalga oshirish boshlandi. Qiymati 470 million dollarga baholanayotgan loyiha buyurtmachisi sifatida Samarqandda xuddi shunday markazni qurgan Enter Engineering kompaniyasi tanlangan. 32,6 gektar maydonda majmua yaratish uchun 29 ta davlat obyekti, jumladan, Buxoro viloyati va Buxoro shahri hokimliklari binolari, viloyat prokuraturasi, Majburiy ijro byurosi, Buxoro shahridagi 2-sonli maktab singari ma’muriy va madaniy binolar buzilishi rejalashtirilgan.

Ayni paytda “Buxoro Arena” stadioni, shahar hokimligi binosi, musiqa maktabi va bir qancha obektlarni buzish jarayonlari qizg‘in kechmoqda. Ammo binolar orasida “snos”ga tushgan va buzilishini kutayotganlari ham bor. “Gazeta.uz” muxbirlari Buxoroga safari davomida ana shunday binolarning ayrimlarini kadrlarga muxrladi.

бuхоро, бuхоро turistik markazi

Buxoro viloyati hokimligi binosi.

Buxoro viloyati hokimligi binosining “snos” rejasiga kiritilgani jamoatchilik e’tirozlarini keltirib chiqarmoqda. Jumladan, Alerte Héritage tashkiloti o‘z bayonotida mazkur binoning rejalashtirilgan turizm hududida tutgan o‘rni alohida qayd etilgan. U dastlab O‘zSSR Kommunistik partiyasining Buxorodagi qo‘mitasi uchun qurilgan. Uning me’morlari — Richard Blez (u Toshkent markazidagi “Sharq” nashriyotining 16 qavatli binosini ham loyihalashtirgan), A.Kuranov, N.Kuranova, T.Abramova, L.Xristich. Muhandislar: O.Braverman (GIP), R. Kim, N.Nichushkinalar edi.

“Ma’muriy bino o‘zbekistonlik mashhur me’mor Richard Blez (1986) loyihasi bo‘yicha qurilgan oxirgi yirik obyektdir. Me’mor o‘z ishida asosiy e’tiborni strukturaning ifodaviyligi, yorug‘lik va soya effektlari hamda kompozitsion strukturaning yaxlitligini ishlab chiqishga qaratgan”, — deyiladi Alerte Héritage bayonotida.

бuхоро, бuхоро turistik markazi

“Buxoro hokimligi binosida stilobat asosiy kirish eshigiga olib boruvchi hajmlar tizimi sifatida, antablatura esa lift bloki ustida chiqib turuvchi parallelepiped shaklidagi „stalaktitlar“ va oxirgi ikki qavatni balkonli galereya bilan bog‘lovchi sifatida ishlab chiqilgan. Xuddi shunday kompozitsiyaga ega bino — Toshkentdagi axborot-hisoblash markazi qurilishi tugallanmadi va endi uni yo‘qolgan deb hisoblasa ham bo‘ladi”, — deyiladi tashkilot xabarida.

“2000−2010-yillarda nashriyot binosining ko‘plab elementlari almashtirilganini hisobga olgan holda, bugungi kunda Buxoro hokimligi binosi Blezning asari bo‘lib, u o‘zining me’moriy yodgorlik fazilatlarini to‘liq saqlab qolgan, shuningdek, uning oldidagi obodonlashtirilgan bulvar — O‘zbekistonning noyob modernistik bulvarlaridan biri bo‘lib, ular ham o‘z tuzilishini bugungi kungacha saqlab kelmoqda”, — deya ta’kidlaydi Alerte Héritage.

Tashkilot xabariga ko‘ra, YUNESKO bufer zonasiga kiritilgan kvartal va Blez binosini o‘z ichiga olgan har qanday rekonstruksiya “atrofdagi binolarni o‘rganishda uni saqlash va hurmat bilan ko‘rib chiqishni o‘z ichiga olishi kerak. Aks holda, garchi yaratilayotgan yangi tuzilmaga tarixiy va yangi obyektlar uchun foyda keltirishi mumkin bo‘lsa ham, Buxoro shaharsozlari Tashkent City qurilishi paytida Kinochilar uyi vayron qilingani kabi dramatik xatoni takrorlashi xavfi bor”, — deya ta’kidladi tashkilot.

Viloyat bosh arxitektori Zuxriddin Muxiddinovning “Gazeta.uz” muxbiriga bergan intervyusida aytishicha, viloyat hokimligi binosining o‘rniga zamonaviy mehmonxona quriladi.

“Biz binoni saqlab qolish bo‘yicha ishlar olib bordik. Loyihachilar va turizm sohasidagi ekspertlar bilan birgalikda binoning loyihaviy yechimi o‘rganib chiqildi. Bu esa yangidan quriladigan yoki xalqaro talablarga javob beradigan brend mehmonxonalar standartlari talablariga javob bermasligi xulosa qilindi. Shundan keyin binoning o‘rniga yangi zamonaviy mehmonxona qurilishi o‘zini iqtisodiy oqlashi to‘g‘risida xulosaga kelindi”, — dedi u.

Buxoro viloyati prokuraturasi binosi.

Buxoro viloyati MIB binosi.

бuхоро, бuхоро turistik markazi

Viloyat Mikrokreditbank binosi.

Loyiha va aholining e’tirozlari haqida

2023-yil yanvar oyi boshida buxoroliklar O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga shahar markazida sayyohlik markazi qurilishi rejasi yuzasidan murojaat qilgandi. Loyiha buyurtmachisi sifatida Samarqandda xuddi shunday markazni qurayotgan Enter Engineering kompaniyasi tanlangan

32,6 gektar maydonda majmua yaratish uchun 29 ta davlat obyekti, jumladan, Buxoro viloyati va Buxoro shahri hokimliklari binolari, viloyat prokuraturasi, Majburiy ijro byurosi, Buxoro shahridagi 2-sonli maktab buzilishi mumkin edi. Shuningdek, ula orasida davlat tibbiyot kolleji, Madaniyat kolleji, “Buxoro Arena” stadioni, FHDYO va boshqalar ham bo‘lgan.

Buxoroning tarixiy qismi va bufer zonasi bilan chegaradosh hududlarda qurilish va rekonstruksiya ishlari olib borilishi hisobga olinib, loyiha konsepsiyasini YUNESKO bilan kelishish to‘g‘risidagi hukumat qarori chiqarilgan.

Kun.uz nashrining xabar berishicha, turistik markaz qurilishi uchun tanlangan hudud Buxoroning tarixiy markazi bufer zonasida joylashgani bois YUNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi loyihani qo‘llab-quvvatlamagan.

Hokimlik bir yil avval jamoatchilik va fuqarolarning fikr-mulohazalarini inobatga olgan holda loyihani amalga oshirish uchun boshqa yer uchastkalari tanlab olinishini ma’lum qilgandi. Ma’muriyat, shuningdek, YUNESKO xulosasi olingandan keyingina yakuniy qaror qabul qilinishi va qurilish ishlari boshlanishiga ishontirgandi.

Biroq joriy yilning yanvar oyida loyiha baribir dastlab rejalashtirilgan joyda amalga oshirilishi ma’lum bo‘ldi. Deyarli barcha inshootlar, jumladan, stadion buziladi. Viloyat hokimi Botir Zaripov Buxoro shahrining 6-mikrotuman hududida 20 ming o‘rinli yangi markaziy stadion bunyod etilishini ma’lum qilgan. Unga ko‘ra, avtoturargohlar uchun 5−6 gektar yer ajratiladi.

Fevral oyi boshida YUNESKO vakolatxonasi Kun.uz`ga hukumat ushbu loyiha uchun tashkilotdan hali ruxsat olmaganini ma’lum qilgan va O‘zbekiston rasmiylarini tarixiy shaharning bufer zonasidagi loyiha haqida zudlik bilan xabar berishga chaqirgandi. “Gazeta.uz” YUNESKOga qo‘shimcha savollar bilan yuzlandi.

Shunga qaramay, aholi va OAV xabarlariga ko‘ra, Buxoroda markaziy o‘yingohni buzish ishlari allaqachon boshlab yuborilgan.