Indoneziyada 14-fevraldan boshlab Baliga tashrif buyurgan sayyohlar uchun 150 ming Indoneziya rupiyasi (taxminan 10 dollar) miqdorida yig‘im joriy etildi, deb yozmoqda BBC News.

Indoneziya rasmiylarining tushuntirishicha, yig‘im orol atrof-muhiti va madaniyatini muhofaza qilish hamda servisni yaxshilashga qaratilgan.

Soliq orolga kelgan barcha sayyohlarga tegishli. Yig‘imni orolga kelgach yoki hukumatning Love Bali portali orqali to‘lash mumkin.

Indoneziya fuqarolari va Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari uyushmasi a’zolari (Indoneziyadan tashqari Bruney, Vetnam, Kambodja, Laos, Malayziya, Myanma, Singapur, Tailand va Filippin kiradi) soliq to‘lashdan ozod qilingan.

Bali dunyodagi eng mashhur sayyohlik manzillaridan biri hisoblanadi. 2023-yilning yanvaridan noyabrigacha orolga deyarli 4,8 million sayyoh tashrif buyurgan.