Bolalar huquqlari bo‘yicha vakil Surayyo Rahmonova Alter Ego loyihasiga bergan intervyusida O‘zbekistonda iste’moli oqibatida kamida 69 bola halok bo‘lgan “Dok-1 Maks” siropi bilan bog‘liq jinoyat ishiga izoh berdi.

Surayyo Rahmonova o‘tgan yilning oktabr oyida, bolalarning ommaviy zaharlanishi ro‘y berganidan keyin bolalar ombudsmani etib tayinlangan edi. U ishni o‘rganib chiqqan va hozir sud jarayonini kuzatib bormoqda.

“Bugungi kunda sud jarayoni davom etmoqda va hali yakuniy sud qarori chiqmagani uchun [kompensatsiya to‘lash] qay darajada bajarilayotgani haqida xulosa chiqarishim qiyin. Albatta, ayni jinoyat ishi doirasida, jarayon davomida tovon to‘lanishi mumkin. Ammo baribir, yakuniy nuqta sud hukmi bilan belgilanadi, shundan so‘ng ijro boshlanadi. U yerdagi tizim allaqachon avtomatik tarzda ishlayapti”, — dedi u.

Surayyo Rahmonovaning ta’kidlashicha, bu bolalar o‘rtasida ko‘plab qurbonlar kuzatilgan shov-shuvli voqea, shuning uchun bolalar ombudsmani bu ishda hamkorlik qilishga tayyor.

“Ota-onalarning manfaatlari va ma’naviy zarari nuqtai nazaridan, biz bu ishda hamkor bo‘lamiz. Agar ota-onalar shunday istak bildirsa, albatta” — dedi u.

Bolalar ombudsmani yanvar oyi oxirida yangi farmakologik kuzatuv tizimini joriy etish to‘g‘risidagi prezident qarori imzolanganini eslatdi. Hujjat “bunday holatlarga munosabat bo‘ladi”, — dedi u.

“Tushunishim bo‘yicha, kelajakda bunday holatlarning oldini olish uchun tizimli ishlar olib borilmoqda. Mening bu masala bo‘yicha bolalar ombudsmani sifatidagi pozitsiyam: bolaning sog‘lig‘iga bo‘lgan huquqi uning asosiy huquqidir. Va bu huquqni hurmat qilmay, ta’minlamay turib, boshqa huquqlar haqida gapira olmaymiz. Ya’ni bu — asosiy narsa. Jamiyatda, mamlakatda bunday ommaviy zaharlanish holatlari ro‘y bersa, bu tizimda nosozlik borligi va uni qayta ko‘rib chiqish zarurligiga juda jiddiy ishoradir”, — deydi Surayyo Rahmonova.

Bolalar ombudsmani, shuningdek, dori vositalari, jumladan, bolalar dori vositalarini ommaviy iste’mol qilish bilan bog‘liq sohalarda juda qattiq standartlar qo‘llanishi kerak, deb hisoblaydi.

“Va bu algoritm A dan Ya gacha (rus tili alifbosi bo‘yicha — tahr.) ishlashi kerak — biror dori mamlakatga olib kirilgan paytdan boshlab, uni sotib olishdan bolaga bergunga qadar… Butun tizim zarracha xavf-xatarsiz qurilishi kerak. Turli eksklyuziv huquqlar va eksklyuziv imkoniyatlarni bekor qilish, raqamlashtirish orqali inson omilini minimallashtirish lozim. Sog‘liqni saqlash vazirligining ushbu algoritmga amal qiladigan va bolalar nima iste’mol qilishiga javobgar bo‘lgan xodimlarini qat’iy attestatsiyadan o‘tkazish kerak”, — dedi u.

Surayyo Rahmonova O‘zbekistonda boshqa davlatlardagi kabi bunday holatlardan keyin tegishli rahbarlar o‘z ixtiyori bilan iste’foga chiqadigan siyosiy mas’uliyat yo‘qligini tan oldi.

“Balki bu kelajakda sodir bo‘lar. Lekin har bir holatda qonuniy choralar ko‘rilishi, odamlarning javobgarlikka tortilishi muhimroq bo‘lsa kerak. Ya’ni bunday faktlar jazosiz qolmasligi kerak. Va bunday holatlar uchun, bunday jinoyatlar uchun jazo juda qattiq bo‘lishi kerak. Chunki gap millat salomatligi, bolalar salomatligi haqida ketyapti”, — deydi Surayyo Rahmonova.

Avvalroq sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonova “Dok-1 Maks” siropi ichganidan keyin vafot etgan bolalarning oilalariga, agar tergov o‘lim bilan dori o‘rtasida bog‘liqlik mavjudligini tasdiqlasa, kompensatsiya puli to‘lanishini ma’lum qilgan edi. Sirop ichgandan keyin nogiron bo‘lib qolgan bolaning otasi operatsiyalar uchun order olishgani, ammo barcha dori-darmonlarni o‘zlari xarid qilishganini aytgan. Na Sog‘liqni saqlash vazirligi, na sudlanuvchilarning hech biri yordam ko‘rsatmadi, degan u.

“Dok-1 Maks” ishi ko‘rilayotgan sud zalidan “Gazeta.uz"ning batafsil reportajlari bilan ushbu havola orqali tanishish mumkin.