Toshkent shahrining sobiq hokimi, tadbirkor Jahongir Ortiqxo‘jayev o‘ziga tegishli yettita kompaniyani sotib yuborgan. Bu haqda uning o‘zi Termiz shahrida bo‘lib o‘tgan biznes-marafonda aytib o‘tdi.

“Crafers`ni sotdim, chunki men unda obro‘ qozona olmadim, ya’ni men eplashtirolmadim bu sohani, masalan, ishlab chiqarishni, oziq-ovqatni. Mediapark`ni sotdim hamma “magazin”lari bilan. Kim ishlayotgan bo‘lsa, o‘shanga sotdim. Masalan, Ecobozor`ning sotdim bittasini. Akfa Lighting`ni sotdim. Magic City`ni sotdim. Yana nimalarni sotdik?.. Basalt`ni ham nemislarga sotdim, Basalt`ni Knauf`ga”, — dedi u.

Sobiq hokimning aytishicha, u har besh yilda “o‘zini o‘zi tozalab oladi”. “Men aytmoqchimanki, besh yilda o‘zimni o‘zim tozalab olaman bitta. Kerakmasmi, men unga qiziqmayapmanmi, unga pul tikmayapmanmi — sotaman. Yana boshqa ochaveraman… Ichidan yaxshisi chiqib qoladi, uni olib qolib, rivojlantiraman, qolganlarini tozalab tashlayveraman”, — dedi u.

Poytaxtning sobiq rahbari Akfa Lighting`ni yaratish uchun 15 yil vaqti ketganini aytdi. “Umrim ketdi. Lekin undan keyin men „lampochka“ bilan shug‘ullanmoqchi emasman, „vklyuchatel“ bilan shug‘ullanmoqchi emasman. „Prosto ne xochu, vsyo“”, — dedi u.

Jahongir Ortiqxo‘jayev 2018-yilning dekabridan 2023-yilning 16-yanvarigacha, poytaxtdagi energetika inqirozi fonida prezident tomonidan ishdan bo‘shatilguniga qadar Toshkent shahri hokimligini boshqargan.

Siyosatga kirishdan oldin Ortiqxo‘jayev tadbirkor bo‘lgan va bir qancha muvaffaqiyatli korxonalarga, jumladan, Akfa va Artel`ga asos solgan. 2019-yil sentabr oyida Ortiqxo‘jayev Spot nashriga bergan intervyusida biznesni tark etishi haqida gapirgan edi.

Biroq u davlat xizmati davomida bir qator kompaniyalar, jumladan, 2021-yil oktabr holatiga ko‘ra, Crafers, Akfa Lighting, Mediapark, Discovery Invest Akfa, Artel, Atlas, CityNet, Chimgan Plaza, Durable Beton kabi jami 200 dan ortiq savdo belgilari egasi hisoblangan J-United Group kompaniyasining asoschisi bo‘lishda davom etdi.

Hozir kompaniya ixtiyorida 23 ta savdo belgisi mavjud.

Sotilgan kompaniyalar haqida

Crafers qandolat fabrikasi 2018-yil oktabr oyida tashkil etilgan. U 2021-yil avgust oyida sotuvga qo‘yilgan. Hozirda korxona va tashkilotlarning yagona davlat registri ma’lumotlariga ko‘ra, ustav kapitali 551,1 milliard so‘m bo‘lgan kompaniyaning ta’sischilari Finland Butter xususiy korxonasi (52,4 foiz) va Nurulla Sunnatullayevich Ruzemuxamedov (47,6 foiz) hisoblanadi.

Finland Butter — yog‘-moy va qandolat mahsulotlari (Okeyk, Pankie, N’medov, Landor va boshqalar) ishlab chiqaruvchi korxona — Nig‘matillo Sobirovga tegishli.

Tadbirkor Nurulla Ruzemuxamedov Chococream, Glory Food, New Life Medical, Dolci Organic kabi yana bir qator kompaniyalarning ulushdori hisoblanadi.

Mediapark kompaniyasi 2015-yilda O‘zbekistondagi birinchi texnika va elektronika do‘konlari tarmog‘i sifatida tashkil etilgan. Hozirda Mediapark Group ta’sischisi Maxmudjan Nadjimidinovich Latipov bo‘lib, u, shuningdek, Akfa Building Systems, Techno Profil (Atlas savdo majmualari), Maroon Trade (Joseph Joseph, Pearl, Señor & Señorita va Seniorita Home brendlari egasi), Novoget, Techno Alliance va Comfortrent kompaniyalarida ulushdor hisoblanadi.

Magic City istirohat bog‘i Milliy bog‘ hududida 2021-yil iyun oyida ochilgan. Loyiha investori Akfa tarkibiga kiruvchi Stargate Systems bo‘lgan.

Ustav kapitali 426,9 milliard so‘m bo‘lgan Stargate Systems kompaniyasi ta’sischilari Tashkent Aquarium (86,2 foiz) va prezidentning sobiq maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidovning (Jahongir Ortiqxo‘jayevning qudasi) o‘g‘li Alisher Abdujabborvich Abduvohidov (13,8 foiz) hisoblanadi. Alisher AbduvohidovTashkent Aquarium`ga to‘la egalik qiladi (100 foiz), shuningdek, Artel Technical School va boshqa korxonalarda ulushlarga ega.

Birinchi Ecobozor bozori 2018-yilning mart oyida Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanidagi sobiq tramvay deposi o‘rnida ochilgan edi. Hozirda tovar belgisi egasi Saidqaxromxon Saidazimxonovich Saidazimov (48,5 foiz), Farrux Baxtiyarovich Mamadjanov (48,5 foiz) va Kassim Nabil Adilga (3 foiz) tegishli bo‘lgan Gradient kompaniyasi hisoblanadi.

Akfa kompaniyalar guruhi 2010-yilda energiya tejovchi lampalar ishlab chiqarishga mo‘ljallangan Akfa Lighting zavodiga asos solgan. Savdo belgisi hozirda 2021-yil avgust oyida tashkil etilgan Smart Illumination kompaniyasiga tegishli. Uning asoschisi Muzaffar Anvarovich Abdullayev bo‘lib, u Climate Solutions kompaniyasiga ham egalik qiladi.