Joriy yilning 1-aprelidan boshlab chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish xizmatlari uchun nol darajali stavka bo‘yicha soliq solinishi bekor qilinadi, deb xabar berdi Sanitar tozalash ishlarini tashkil etish respublika markazi.

Qayd etilishicha, bu soliq va budjet siyosatining 2024-yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

Mazkur tartib joriy etilishiga mas’ul bo‘lgan Soliq organining tushuntirishiga ko‘ra, endi xizmat ko‘rsatuvchi korxona tomonidan ko‘rsatiladigan sanitar tozalash xizmatlari qiymatiga nisbatan qo‘shilgan qiymat solig‘i hisoblanadi. Mazkur o‘zgartirish aholi va tadbirkorlar uchun ham amal qiladi.

Ya’ni, masalan, amaldagi xizmat qiymati 4000 so‘mni tashkil etsa, ushbu qiymatga nisbatan 1-apreldan boshlab 12 foiz miqdorda QQS hisoblanganda, jami xizmat qiymati 4480 so‘mni tashkil etadi.

Noyabr oyida Toshkent shahridagi aholi va tashkilotlar uchun chiqindi to‘plash va olib chiqib ketish xizmati narxi 7500 so‘mga oshirilgandi. Yangi tartib bo‘yicha bu summa, QQSni hisoblaganda, 8400 so‘mni tashkil qiladi. Shuningdek, oltita viloyatda qattiq maishiy chiqindi xizmatlari uchun yangi tariflar belgilangan.

Chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirishga doir farmon

Yanvar oyi boshida O‘zbekistonda chiqindilarni yig‘ish va boshqarish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida prezident farmoni qabul qilingandi. Hujjat bilan barcha sanitar tozalash korxonalari yagona elektron tizim orqali xizmat ko‘rsatishi, tizimga ulanmagan korxonalar bilan shartnoma bekor qilinishi belgilangan.

Bundan tashqari, endi qattiq maishiy chiqindilar bo‘yicha ko‘rsatilgan xizmatlardan qarzi bor shaxs elektr energiyasi uchun pul to‘lolmaydi. Ko‘chmas mulk va avtotransport vositalari bilan bog‘liq bitimlar chiqindini olib ketish xizmatlari uchun qarzdorlik bo‘lmagan taqdirdagina notarial tasdiqlanadi.

Tadbirkorlarga ekologik huquqbuzarliklarni qayd etish va Davlat ekologik nazorat inspeksiyasiga xabar berish huquqi berildi.

Toshkent va bir necha viloyatlarda maishiy chiqindilarni alohida yig‘ish boshlanadi. Aholiga bepul chiqindi paketlari beriladi. Fuqarolarga qayta ishlangan chiqindilar uchun pul to‘lash rejalashtirilmoqda.