Ekologlar Toshkent viloyatidagi issiqxona xo‘jaliklarida havo ifloslantiruvchi gazlarni tozalash qurilmalari o‘rnatilganini tekshirmoqda, deb xabar beradi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishlari vazirligi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, Toshkent shahri atmosfera havosining ifloslanish darajasi ortib borayotgani, shuningdek, yuqoridagi hududlarda atmosfera havosini sezilarli yomonlashgani haqida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan turli murojaatlar yuzasidan Toshkent viloyatining Zangiota, Toshkent, Qibray, Yangiyo‘l tumanlarida joylashgan issiqxonalarda ekologik monitoring o‘tkazilgan.

зарарли gazлар, issiqxona, экология vazirligi

Vazirlikning ma’lumotlariga ko‘ra, ko‘mirdan foydalanadigan issiqxonalar atmosfera havosi ifloslanishining asosiy sabablaridan biri bo‘lib qolmoqda. Oxirgi besh yilda iqtisodiyotda ko‘mir iste’molining o‘sish sur’ati 22 foizdan oshdi. Agar 2018-yilda 6,8 million tonna ko‘mir ishlatilgan bo‘lsa, 2022-yilda bu raqam 8,3 million tonnadan ortdi.

Monitoring davomida issiqxonalarda foydalanilayotgan yoqilg‘i turlari, yoqish qurilmalarining holati to‘liq xatlovdan o‘tkazilmoqda. Shuningdek, issiqxonalarga berilgan davlat ekologik ekspertizasining xulosalarida belgilangan me’yorlarga rioya etilgani o‘rganilmoqda.

Shu bilan birga, issiqxonalarda atmosfera havosini ifloslantiruvchi asosiy tashlanma manbalardan hosil bo‘ladigan ifloslantiruvchi gazlarni tozalash qurilmalari o‘rnatilgani ham tekshirilmoqda.

Monitoring 31-yanvargacha davom etadi.

зарарли gazлар, issiqxona, экология vazirligi

Avvalroq Ekologiya vazirligi “Gazeta.uz”ga Toshkent atrofida “yashil halqa” o‘rniga haqiqatda issiqxona xo‘jaliklaridan iborat “kulrang halqa” shakllani va ular ko‘mirdan foydalanishga o‘tgandan so‘ng atrofdagi hududlar, shu jumladan, poytaxtning havo sifatiga nihoyatda salbiy ta’sir ko‘rsatganini ma’lum qilgandi. Poytaxt atrofida jami 1314 gektar maydonda 631 ta issiqxona faoliyat yuritmoqda. Vazirlik tahliliga ko‘ra, so‘nggi besh yilda issiqxonalar soni 2,5 barobarga yetdi (Toshkent viloyatida — 2 barobar) va ushbu issiqxonalarning 60 foizi isitish tizimining asosiy manbai sifatida ko‘mirdan foydalanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yil fevralida O‘zbekistonda gazni tejash maqsadida issiqxonalar, sement va g‘isht zavodlari, bolalar bog‘chalari, maktab va shifoxonalarning bir qismi ko‘mir yoqilg‘isiga o‘tkazilishi haqida yozgandik. 2023-yilda 5407 ta ijtimoiy obyekt, 1147 ta issiqxona va 250 ta zavodning ko‘mirdan foydalanishga o‘tkazilishi kutilgandi.

Iqlimshunos Erkin Abdulahatov “Lolazor” podkastida issiqxonalarni ko‘mir yoqilg‘isiga ommaviy ravishda o‘tkazish haqida gapirdi, uning aytishicha, bu Parij iqlim kelishuviga zid ekanini aytgandi. “Ekologlar bu fikrga qarshi bo‘lishlari kerak edi. Mayli, gaz yo‘q, boshqa chora yo‘q, lekin avval narxidan qat’i nazar, filtrlar o‘rnatish, ularni tekshirish, keyin ko‘mirga o‘tish kerak edi”, — dedi mutaxassis.

Avvalroq Ekologiya vazirligi poytaxtning Chilonzor, Sergeli va Yangihayot tumanlaridagi jami 160 ta korxonaga chang-gaz tozalash uskunalarini o‘rnatish to‘g‘risida ogohlantirish xatlari bergandi.