Yo‘l-transport infratuzilmasi va atmosfera ifloslanishiga doir masalalarning dolzarbligi, ushbu mavzularda ko‘plab aholi murojaatlari va muhokamalari mavjudligidan kelib chiqqan holda, Toshkent shahar hokimligida hokimlik, Toshkent Invest AJ, Global ekologik fond (GEF), Xitoyning CRRC Group kompaniyasi, BMT TD va Transport vazirligi vakillarining ishtirokida uchrashuv tashkil etildi, deya xabar qildi poytaxt hokimligi.

Yig‘ilishda jamoat transportini takomillashtirish, yashil yoqilg‘ida harakatlanadigan transport vositalari ulushini oshirish, mikromobillikni kengaytirish, yo‘lovchilar va haydovchilar uchun qulaylik yaratish masalalari muhokama qilindi.

Xususan, tadbir davomida “Toshkent shahrida kam uglerodli transportga investitsiyalarni jalb qilishni jadallashtirish” loyihasi taqdim etildi. Loyiha GEF va BMT Taraqqiyot dasturi ko‘magida ishlab chiqilgan bo‘lib, poytaxtning eng gavjum ko‘chalaridan biri Shota Rustaveli ko‘chasi bo‘ylab yashil transport yo‘lagini yaratishni sinov tariqasida taklif qilmoqda. Loyiha haqida yaqin kunlarda “Gazeta.uz” batafsil ma’lumot beradi.

Shuningdek, CRRC Group kompaniyasi vakillari ishlab chiqarilayotgan transport vositalari haqida batafsil ma’lumot berdi. Xususan, g‘ildirakli tramvaylarning afzalliklari, qulayligi, samaradorligi va sig‘imi haqida so‘z yuritilib, ularni poytaxt transport tizimiga integratsiyalashuvi taklif etildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar kelgusida eng samarali yechimlarga erishish uchun hamkorlikda ishlash va munozaralarni davom ettirishga kelishib oldi.

G‘ildirakli tramvay nima?

CRRC dan SRT g‘ildirakli tramvay — bu g‘ildirakli “avtobus” bo‘lib, tramvayga o‘xshash belgilangan yo‘l hududi bo‘ylab harakatlanadi, deb yozadi temir yo‘l transportiga ixtisoslashgan axborot agentligi Rollingstock. G‘ildirakli tramvay sun’iy yo‘ldosh navigatsiya tizimi bilan sinxronlashtirilgan avtomatik boshqaruv tizimi bilan jihozlangan.

Tortishish quvvati 25 km bo‘lgan litiy-ionli batareyalar bilan ta’minlanadi. Zaryadlash vaqti 10 minut. Transport 176 yo‘lovchini sig‘dira oladi, 70 km/soat tezlikda harakatlana oladi va radiusi 15 m bo‘lgan egri chiziqlar bo‘ylab harakatlana oladi. Harakatlanuvchi tarkibni vodorod yonilg‘i bilan jihozlash va masofani 200 km gacha oshirish mumkin.

Hozirda Malayziya va Avstraliyada quvvat zaxirasi 245 km bo‘lgan birinchi avlod ART g‘ildirakli uch seksiyali “tramvay” sinovdan o‘tkazilmoqda.

CRRC Xitoy korporatsiyasi bo‘lib, dunyodagi eng yirik temir yo‘l transporti ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi, u jahon bozorining qariyb yarmini egallaydi.