16-yanvar kuni bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova Shahrisabz shahrida yashovchi M.M. (2006-yilda tug‘ilgan) bilan uchrashdi. Ombudsman matbuot xizmati xabariga ko‘ra, bir kun avval qiz yordam so‘rab murojaat qilgan.

M.M. universitetda birinchi kursda o‘qiyotgani va o‘qishini davom ettirmoqchi ekanini aytdi. Ammo bir necha yildan buyon tanishi bo‘lgan O.B. ismli yigit uni turmushga chiqishga undab, turli bosimlar o‘tkazib keladi. Yigit va qizning ota-onalari esa qizdan rozilik so‘ramay, unashtiruv marosimini o‘tkazgan.

“Hozirda O.B. unga turmushga chiqishimga undab, ruhiy bosim o‘tkazmoqda”, — dedi qiz.

Vaziyat nazoratga olinib, ichki ishlar organlari va prokuratura xodimlari tomonidan o‘rganildi.

Yigit va qizning ota-onasi ayolni turmushga chiqishga majburlash jinoiy javobgarlikka tortish uchun asos bo‘lishi haqida ogohlantirildi.

Bundan tashqari, M.M.ga himoya orderi berildi va uning xavfsizligini ta’minlash choralari ko‘rildi, deyiladi ombudsman xabarida.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47−3-moddasiga (Nikoh yoshi to‘g‘risidagi qonunchilikni yoki nikoh tuzish tartibini buzish) ko‘ra, ushbu huquqbuzarlik BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi. Ayolni erga tegishga majbur qilish yoki uning erga tegishiga to‘sqinlik qilganlik uchun esa Jinoyat kodeksining 136-moddasiga ko‘ra, jarima, ahloq tuzatish ishlari, 3 yilgacha ozodlikdan cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish jazolari belgilangan.