Shavkat Mirziyoyev 16-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida “Donmahsulot” tarkibidagi korxonalar narxi sun’iy oshirib yuborilgani uchun sotilmayotganini ta’kidladi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

“Donmahsulot” tarkibidagi savdoga chiqarilgan 43 ta korxonadan bor-yo‘g‘i 10 tasi sotilgan. Ayrimlari 2−3 yildan beri sotilmasdan turibdi. Bunga sabab sifatida korxonalar narxi xususiy sektorga bermaslik uchun sun’iy oshirib yuborilgani ko‘rsatildi.

Prezident mas’ul amaldorlarga sotilmasdan turgan 33 ta don korxonasi narxini bozor qiymatiga keltirib, joriy yilda sotilishini ta’minlash vazifasini topshirdi.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev xususiylashtirish dasturiga kiritilgan 484 ta davlat aktivlari savdoga chiqarilmayotgani tanqid qildi. Bularning hisobidan yana 200 mlrd so‘m tushumni ta’minlash imkoni mavjud bo‘lgan. Vazirlar Mahkamasiga qoloqliklarni bartaraf etib, 2024-yilda 20 trln so‘m tushum ta’minlaydigan yangi xususiylashtirish dasturini kiritish topshirig‘i berildi.

Yig‘ilishda, shuningdek, 2023-yilda iqtisodiy o‘sish 6 foizni tashkil qilgani ma’lum qilindi. “Zamonga munosib fikrlash, qaror qabul qilishda tezkorlik yetishmayotgani” sabab hukumatning iqtisodiy kompleksdagi o‘rinbosarlar sonini 15 foizga (hozir ular 40 nafar) qisqartirish to‘g‘risida topshiriq berildi.

Bundan tashqari, iqtisodiy kompleks rahbarlariga oylik, choraklik va yillik samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) joriy etilishi ma’lum qilindi. Ish haqi ham ularning ijrosiga bog‘lanadi.

Shavkat Mirziyoyev 2024-yil iqtisodiy kompleks rahbarlari va barcha davlat korxonalari uchun tannarxni qisqartirish va samaradorlik yili bo‘lishini ta’kidladi.

Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga o‘tkazilishi ma’lum qilindi. Departament va Hisob palatasi birgalikda ishlab, yashirin iqtisodiyotni jilovlash va budjet mablag‘larini to‘g‘ri sarflanishi uchun javobgar bo‘ladi.