13-yanvar kuni Samarqand viloyati “Zarafshon” milliy tabiat bog‘ining Olmazor mahallasi hududida joylashgan qismida yong‘in kelib chiqdi, deya xabar bermoqda Bosh prokuratura matbuot xizmati.

Voqea hududiga yong‘in-qutqaruv ekipajlari jalb etilib, yong‘in to‘liq bartaraf etilgan. Uning nima sababdan kelib chiqqanina aniqlik kiritilmagan. Hodisa oqibatida tan jarohati olgan va halok bo‘lganlar aniqlanmagan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, tabiatga yetkazilgan zarar miqdori 120,7 million so‘mni tashkil etmoqda. Holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Bosh prokuratura nazoratida tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ma’lumot uchun, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tarkibida bo‘lgan “Zarafshon” milliy tabiat bog‘i 2022-yilning avgustida Davlat ekologiya qo‘mitasi (hozirgi Ekologiya vazirligi) tizimiga o‘tkazilgan.

Eslatib o‘tamiz, mazkur bog‘da avval ham bir necha marotaba yong‘in sodir bo‘lgan. Xususan, 2021-yilning iyul oyida bog‘ning 1,5 gektar maydonida yong‘in kelib chiqqan. U olti soatdan ko‘proq vaqt davomida o‘chirilgan.

2022-yilning iyun oyida mazkur bog‘ga qarashli o‘rmonda yong‘in ro‘y bergan. Uni 6 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji 2 soatdan ko‘proq vaqtda bartaraf etgan. Ikkala hodisada ham tan jarohati olgan va halok bo‘lganlar bo‘lmagan.