Shavkat Mirziyoyevning 4-yanvardagi farmoni bilan 2024-yildan O‘zbekistonda qattiq maishiy chiqindilarni saralash tizimini bosqichma-bosqich tashkil etish loyihasi ishga tushiriladi. Bunday tizimni joriy etish bo‘yicha rejalar shu kungacha bir necha bor tasdiqlangan, biroq yakuniga yetkazilmagandi.

Qarorga ko‘ra, yangi tizim 2024−2026-yillarda Toshkent, Angren, Andijon, Buxoro va Termiz shaharlari, shuningdek, Toshkent viloyatidagi ko‘p qavatli uylar joylashgan hududlardagi chiqindi yig‘ish maydonchalarida (CHYM) bosqichma-bosqich joriy etiladi.

Bu hududlarda chiqindilarni chiqindi yig‘ish maydonchalarida “qayta ishlanadigan”, “qayta ishlanmaydigan” va “oziq-ovqat” toifalariga ajratgan holda yig‘ish tashkil etiladi.

Sanitar tozalash korxonalari 1-iyulgacha mazkur hududlar fuqarolariga QR-kodli, uch turdagi: qayta ishlanadigan qattiq maishiy chiqindilar uchun — rangsiz (shaffof), qayta ishlanmaydigan qattiq maishiy chiqindilar uchun — qora, oziq-ovqat chiqindilari uchun — jigarrang rangli chiqindi paketlarini bepul taqdim etishi kerak bo‘ladi.

Farmon bilan, qayta ishlanadigan qattiq maishiy chiqindilar chiqindi yig‘ish maydonchalarida sanitar tozalash korxonalari tomonidan sotib olinishi belgilandi.

Bunday chiqindilarga barcha turdagi plastik chiqindilar (jumladan, PET, HDPE, PVC, PELD, PP, PS va boshqalar), qog‘oz chiqindilari, qora va rangli metallarning chiqindilari va parchalari, shisha buyumlar, to‘qimachilik chiqindilari, rezina va rezinatexnika mahsulotlari chiqindilari (jumladan, avtoshina, avtokamera, transporter lentalari va boshqalar) kiradi.

Chiqindi yig‘ish maydonlarini paketlar bilan ta’minlash uchun Ekologiya jamg‘armasidan bosqichma- bosqich 30 mlrd so‘mgacha bo‘lgan mablag‘lar ajratiladi.

Avvalroq xuddi shu farmonga ko‘ra, 1-iyundan O‘zbekistonda chiqindi yig‘ish uchun qarzdorlik yuzaga kelgan taqdirda elektr energiyasi uchun to‘lov cheklanishi boshlanishi haqida yozgandik. Bu tartib dastlab Toshkent, Nukus va viloyatlar markazlarida, keyin esa butun respublika bo‘ylab amal qila boshlaydi.

Aprel oyidan ko‘chmas mulk va avtotransport vositalari bilan bog‘liq bitimlar chiqindini olib ketish xizmatlari uchun qarzdorlik bo‘lgan taqdirda notarial tasdiqlanmaydi.

Bungacha bo‘lgan urunishlar

Toshkentda chiqindilarni ajratilgan holda yig‘ishni joriy etishga 2012-yildan buyon harakat qilinadi. O‘shanda maishiy chiqindilarni besh turga (shu jumladan, xavfli chiqindilar — simobli lampalar) ajratish rejalashtirilgandi. Tuman hokimliklariga ko‘chalar va jamoat joylariga chiqindi qutilarini o‘rnatish bo‘yicha topshiriqlar berilgandi. Loyiha oxirigacha amalga oshirilmagan.

2014-yilda O‘zbekiston hukumati qattiq va suyuq maishiy chiqindilarni yig‘ish va olib chiqib ketish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatishning yangi qoidalarini qabul qildi. Mamlakat bo‘ylab chiqindilarni besh turga bo‘lish, CHYMni esa alohida konteynerlar bilan jihozlash rejalashtirilgandi. Bu rejalar ham to‘liq amalga oshirilmadi.

2017-yilda Toshkent hokimiyati 2018-yildan boshlab maishiy chiqindilarni ajratilgan holda yig‘ish yo‘lga qo‘yilishini ma’lum qilgandi.

2019-yil aprel oyida prezident tomonidan 2028-yilgacha qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish strategiya tasdiqlandi. Shu muddatgacha aholini qattiq maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish xizmatlari bilan 100 foiz qamrab olish, qayta ishlash darajasini 60 foizga yetkazish rejalashtirilgandi.

2021-yildan boshlab Toshkent shahridagi bir qator mahallalarda chiqindilarni ajratilgan holda yig‘ishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgandi. 2023-yildan boshlab tizim poytaxtning barcha tumanlarini qamrab olishi kerak edi.