Shavkat Mirziyoyev 28-dekabr kuni soliq va budjet siyosatining 2024-yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilingani munosabati bilan qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. “Gazeta.uz” asosiy o‘zgarishlar bo‘yicha sharh tayyorladi.

2024-yil uchun daromad solig‘i (15 foiz, ayrim toifalar uchun 20 foiz), jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i (12 foiz), ijtimoiy soliq (budjet tashkilotlari 25 foiz, boshqalar 12 foiz), aylanmadan olinadigan soliq (4 foiz), shuningdek, avtomobillarning mamlakat bo‘ylab tranziti uchun yig‘imlar va spirtli ichimliklarni sotish huquqi uchun yig‘imlar bo‘yicha stavkalar saqlanib qoldi.

Bundan tashqari, QQS (12 foiz), mobil aloqa xizmatlari uchun aksiz solig‘i (10 foiz), qishloq xo‘jaligi yerlari uchun yer solig‘i (0,95 foiz) va yuridik shaxslar uchun mol-mulk solig‘i (1,5 foiz) stavkalari o‘zgarmaydi.

O‘zgarishlar

Sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va atrof-muhitni muhofaza etish doirasida 2024-yil 1-yanvardan alkogolli mahsulotlarga aksiz solig‘i stavkasi ikki baravar oshiriladi — litri uchun 7400 so‘mdan 14,9 ming so‘mgacha.

Ishlab chiqarilgan alkogolli mahsulotlarga (aroq, konyak va boshqa spirtli ichimliklar) aksiz solig‘i 1-iyuldan 5 foizga — 38 ming so‘mdan 40 ming so‘mgacha, boshqa vinolar, jumladan, vermutga 2310 so‘mgacha, pivoga 1628 so‘mgacha oshiriladi. Import qilinadigan alkogolga aksiz solig‘i 5 foizga — 101,5 ming so‘mgacha, import qilinadigan tabiiy vinolarga 28,5 ming so‘mgacha, boshqa vinolarga — 40,6 ming so‘mgacha, pivoga 50 foizgacha, (lekin kamida 12,2 ming so‘m bo‘lishi kerak)gacha pasaytiriladi.

Ishlab chiqariladigan tamaki mahsulotlariga (sigaretalar, sigaralar, kalyan tamakilari, snyus va boshqalar) aksiz solig‘i stavkalari 12 foizga oshdi, import qilinadigan sigaretalar uchun esa 5 foizga pasaytirildi.

Avvalroq 0,5 litrli aroq 448 so‘mga, bir quti sigaret esa 601 so‘mga qimmatlashishi qayd etilgandi.

Aksiz solig‘ining o‘zgarishi Jahon savdo tashkiloti (JST) talablariga muvofiq import va ishlab chiqarish uchun stavkalar o‘rtasidagi farqning qisqartirilishi bilan bog‘liq.

1-apreldan Ai-80 benziniga aksiz solig‘i stavkasi 12 foizga oshadi, Ai-91 va undan yuqori oktanli benzin uchun esa o‘zgarishsiz qoladi. Qaror zararli gazlarning aholi salomatligiga salbiy ta’sirini kamaytirish zarurati bilan izohlangan, biroq aksiz solig‘i yanada ekologik tozaroq bo‘lgan yonilg‘i turlari uchun ham oshirilmoqda.

Shuningdek, 1-apreldan shakar yoki boshqa shirinlashtiruvchi yoki xushbo‘ylashtiruvchi moddalar bo‘lgan va iste’mol qadog‘iga qadoqlangan gazlangan ichimliklarga (energetik va tonik ichimliklar bundan mustasno) 1 litri uchun 500 so‘m miqdorida aksiz solig‘i joriy etiladi. Bunda me’yoridan ortiq iste’mol tufayli kasalliklar, shu jumladan, diabet ko‘payishi mumkinligi hisobga olingan. Bunday soliq 50 dan ortiq mamlakatlarda (Fransiya, Vengriya, Buyuk Britaniya va boshqalar) mavjud.

Energetik va tonik ichimliklar litri uchun 2000 so‘mlik aksiz solig‘i joriy etiladi. Aksiz solig‘idan tushgan mablag‘lar Tibbiyotni rivojlantirish jamg‘armasiga yo‘naltiriladi.

1-iyuldan O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan yoki import qilingan pnevmatik rezinali shinalar va pokrishkalar uchun utilizatsiya yig‘imi joriy etiladi. Uning miqdori avtomobil shinasining og‘irligiga qarab (kg uchun) BHMning 0,3 foizi (990 so‘m) miqdorida belgilash rejalashtirilgan. Yengil avtomobil shinalari og‘irligidan kelib chiqqan holda (R13 dan R20 gacha) yig‘im miqdori 6200 so‘mdan 16 200 so‘mgacha, yuk avtomobillari uchun (R16 dan R18 gacha) 11,3 ming so‘mdan 58,8 ming so‘mgacha bo‘lishi kerak.

Utilizatsiya yig‘imidan kelib tushgan mablag‘lar “Yashil makon” dasturi doirasida daraxt ko‘chatlari ekish va atrof-muhitni muhofaza qilish loyihalarini moliyalashtirishga yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.

1-apreldan yuk avtomobillarining respublika va mahalliy ahamiyatga molik avtomobil yo‘llariga yetkazgan zararni hisobga olgan holda og‘irligi 10 tonnadan ortiq bo‘lgan yuk avtomobillari uchun BHMning 5 dan 10 baravarigacha bo‘lgan miqdorda (1,7 million so‘mdan 3,4 million so‘mgacha) yo‘l yig‘imi ham joriy etiladi. Mablag‘lar Avtomobil yo‘llarini rivojlantirish maqsadli jamg‘armasiga yo‘naltiriladi.

1-yanvardan qishloq xo‘jaligi yerlarini sug‘orish va baliq yetishtirish uchun foydalaniladigan suv hajmiga soliq stavkasi hisoblagichsiz har bir kub metr uchun 45 so‘mdan 100 so‘mgacha (80 so‘mgacha oshirilishi rejalashtirilgandi) oshdi, hisoblagich mavjud bo‘lgan holatda 0,7 pasaytiruvchi koeffitsiyent qo‘llanadi.

Avtomobil yuvish uchun ishlatiladigan suv uchun soliq stavkasi 12 foizga — 2410 so‘mdan 2700 so‘mgacha oshdi.

Mineral tuzlar (tosh tuz (ovqatga ishlatiladigani), kaliy tuzi, sulfat tuzi), karbonat xomashyosi (ohaktoshlar, dolomitlar), mineral o‘g‘itlar (glaukonit, fosforitlar va boshqalar) hamda boshqa kon-kimyo xomashyosi soliq stavkasi 3,5 foizgacha (lekin 5600 so‘mdan kam bo‘lmagan) oshiriladi (avval 3,5 foiz, lekin 5000 so‘mdan kam bo‘lmagan miqdorda edi).

Sement ishlab chiqarish uchun ohaktoshga solinadigan soliq stavkasi qariyb to‘rt baravarga pasaytirildi — bir tonna uchun 22 500 so‘mdan 6000 so‘mgacha (avvalroq 11 250 so‘mgacha pasaytirish taklif qilingan bo‘lsa-da).

Tabiiy bezaktoshdan bloklar, arralanadigan xarsangtosh, xarsangtosh, marmar, ohaktosh-chig‘anoq, ohaktosh (sement va ohak ishlab chiqarish uchun mo‘ljallangan ohaktoshdan tashqari), dolomitlar, qurilishda ishlatiladigan mayda toshlar, bazalt, granitlar, granodioritlar, granosiyenitlar, siyenitlar, porfiritlar, diabaz-porfiritlar, gabbro, slanets jinslari, karbonat xomashyosi, travertin uchun stavkalar 5 foizgacha (lekin 5600 so‘mdan kam bo‘lmagan) miqdorda oshdi (avval 5 foiz, lekin kamida 5000 so‘m edi).

Gips toshi, gips va angidrid, ganch bo‘yicha stavkalar alohida moddaga, 5 foiz stavkada, lekin bir tonna uchun 14,5 ming so‘mdan kam bo‘lmagan (uch baravar ko‘p) miqdorda kiritilgan. G‘isht va kafel xomashyosi, qurilish qumi, qum-shag‘al aralashmasidan foydalanganlik uchun soliq stavkasi 12 foizga — 5 foiz, lekin 4200 so‘mdan kam bo‘lmagan miqdorgacha oshiriladi.

O‘zbekistonda mineral resurslarni qazib oluvchi kompaniyalar uchun yana bir imtiyoz joriy etilmoqda, avvalroq bunga deputat Doniyor G‘aniyev qarshi chiqqani haqida yozgandik. 2024-yil 1-yanvardan 2025-yil 31-dekabrgacha metallar va uglevodorodlarni qazib olishni boshlagan korxonalar metallar va uglevodorodlarni qazib olish bo‘yicha faoliyatning butun davri uchun, ya’ni butunlay foydali qazilmalarni qazib olganlik uchun maxsus renta solig‘idan ozod etiladi.

Shu bilan birga, davlat ulushi ustun bo‘lgan korxonalar uchun barcha konlar, shu jumladan, yangi konlar bo‘yicha yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq quyidagi stavkalarda belgilanadi: Navoiy kon-metallurgiya kombinati (NKMK), Olmaliq kon-metallurgiya kombinati (OKMK) oltin uchun — 10 foiz (qolganlar — 7 foiz), palladiy, kumush va mis uchun — 15 foiz (7 foiz), “Navoiyuran” uran uchun — 16 foiz (boshqalar 8 foiz).

2028-yil 1-yanvarga qadar budjet tashkilotlari, davlat korxonalari hamda davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslarning tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishga doir aylanmasi, shuningdek, ularning importi qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilinadi. Bunda tovarlar ijtimoiy soha hamda infratuzilmani rivojlantirish uchun xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlaridan jalb qilinadigan, davlat tashqi qarzi hisobidan to‘liq yoki qisman amalga oshiriladigan loyihalar doirasida sotib olingan bo‘lishi lozim. Tijorat banklari orqali qayta moliyalashtiriladigan yoki qayta kreditlanadigan mablag‘lar bundan mustasno. Ya’ni tovarlarni olib kirish, shuningdek, XMI va DTXK kreditlari hisobiga sotib olingan tovarlarni (xizmatlarni) sotishdagi aylanmalar bo‘yicha berilgan imtiyozlar bekor qilinmoqda.

2024-yil 1-yanvardan 2026-yil 1-yanvargacha bo‘lgan davrda kichik biznes subyektlarini uzluksiz qo‘llab-quvvatlash kompleks dasturida ishtirok etuvchi tijorat banklarining loyihalar uchun ajratilgan bank kreditlari bo‘yicha olingan foizlar ko‘rinishidagi daromadlari daromad solig‘ini hisoblashda chegirib tashlanadigan xarajatlar sifatida e’tirof etiladi.

“Izlanish va rivojlanish” markazlari 2024-yil 1-yanvardan 2027-yil 1-yanvarga qadar bo‘lgan davrda mazkur markazlarning obyektlari va ular egallagan yer uchastkalari bo‘yicha yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni hamda yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘ini ushbu soliqlar bo‘yicha hisoblangan summaning 1 foizi miqdorida, shuningdek, ijtimoiy soliqni 1 foiz miqdoridagi soliq stavkasi bo‘yicha to‘laydi.

Qat’iy belgilangan soliq stavkalarining oshirilishi

1-fevraldan soliqni qat’iy belgilangan miqdorlarda to‘laydiganlar uchun soliq stavkasi 10 foizga oshiriladi. Gap oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari, dehqon bozorlaridagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, gazeta-jurnal va kitoblar, maishiy xizmat ko‘rsatish va boshqa faoliyat turlarining chakana savdosi tariflari haqida bormoqda.

Mulkni ijaraga beruvchilar uchun 1-yanvardan boshlab jismoniy shaxslar uchun eng kam oylik ijara stavkalari 11,1 foizdan 47 foizgacha oraliqda oshdi:

  • Toshkent shahridagi turar joylar uchun kvadratiga 25 ming so‘m, viloyat markazlarida 12 ming so‘m, boshqa hududlarda 5 ming so‘m;
  • Noturarjoy obyektlari uchun Toshkent shahrida kvadratiga 40 ming so‘m, viloyat markazlarida 23,5 ming so‘m, boshqa hududlarda 10 ming so‘m;
  • yengil avtomobillar uchun oylik ijara haqi (haydovchi o‘rindig‘isiz o‘rinlar soni 8 tadan ortiq bo‘lmagan transport vositalari uchun) 780 ming so‘m, mikroavtobuslar, avtobuslar va yuk avtomobillari uchun 1,55 mln so‘m.

1-yanvardan soliq to‘lovchining aylanmasi 500 mln so‘mgacha bo‘lsa, qat’iy belgilangan miqdordagi aylanma solig‘i stavkasi yiliga 25 mln so‘mni (hozir 20 million so‘m), agar aylanma 500 million so‘mdan oshsa, 34 mln so‘mni (hozir 30 mln so‘m) tashkil etadi.

2026-yil 31-dekabrgacha (avval 2024-yil 31-dekabrgacha edi):

  • jismoniy shaxslar — O‘zbekiston rezidentlari va norezidentlarining ularga (aksiyadorlarga) tegishli bo‘lgan aksiyalar bo‘yicha dividendlar ko‘rinishidagi daromadlari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod qilinadi;
  • norezident yuridik shaxslarning ularga tegishli bo‘lgan aksiyalar (aksiyadorlar) bo‘yicha dividendlar ko‘rinishidagi daromadlariga 5 foiz miqdorida daromad solig‘i stavkasi qo‘llanadi;
  • jismoniy va yuridik shaxslar — O‘zbekiston rezidentlari va norezidentlarining tadbirkorlik subyektlarining obligatsiyalari bo‘yicha foizlar ko‘rinishidagi daromadlari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i va foyda solig‘idan ozod qilinadi.

Yuridik shaxslarning mol-mulk solig‘i miqdorini aniqlashda binolar uchun soliq solinadigan baza 1 kvadrat metr uchun mutlaq qiymatda belgilangan quyidagi eng kam miqdorlardan past bo‘lishi mumkin emas:

  • Toshkent shahrida — 3 mln so‘m (ilgari 2,5 mln so‘m edi);
  • Nukus va viloyat markazlarida — 2 mln so‘m (1,5 mln so‘m);
  • boshqa shaharlar va qishloq joylarda — 1,2 mln so‘m (1 mln so‘m).

Jismoniy shaxslar uchun mol-mulk solig‘i stavkalari va yer solig‘ining bazaviy stavkalari o‘rtacha 12 foizga oshdi.

Teng shart-sharoitlarni yaratish va imtiyozlarni bekor qilish

QQS zanjirining yaxlitligi va uzluksizligini ta’minlash hamda tadbirkorlarga teng sharoitlar yaratish maqsadida 1-apreldan boshlab QQS bo‘yicha quyidagi imtiyozlar bekor qilinmoqda:

  • dori vositalari, tibbiyot va veterinariya buyumlarini, shuningdek, dori vositalari, tibbiyot va veterinariya buyumlarini ishlab chiqarish uchun xom ashyoni olib kirish va realizatsiya qilish aylanmasi;
  • tibbiy va veterinariya xizmatlari.

Shu bilan birga, ijtimoiy reyestrga kiritilgan fuqarolarga dori vositalarini sotib olishda qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini keshbek orqali qaytarib olish imkoniyatini berish rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, 1-apreldan aholiga suv ta’minoti, kanalizatsiya, sanitar tozalash va issiqlik ta’minoti sohasida ko‘rsatilayotgan xizmatlar uchun QQSning “nol” stavkasi ham bekor qilinadi.

Xuddi shu sanadan boshlab QQS to‘lovchilar doirasi kengaymoqda — endilikda bu soliq O‘zbekiston hududida xizmat ko‘rsatuvchi xorijiy jismoniy shaxslardan ham (ilgari faqat xorijiy yuridik shaxslar uchun bo‘lgan) undiriladi.

Bundan tashqari, o‘z o‘zini band qilganlarning yillik daromadi 100 mln so‘mdan oshsa, 4 foiz stavkada (yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun aylanma solig‘i kabi) soliq solish tartibi belgilandi. Shu bois o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar faoliyat turlarini solishtirish va keyinchalik ularning ro‘yxatini qayta ko‘rib chiqish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, yangi qurilish va maxsus texnikani, shuningdek, yuk tashish va turistik xizmatlar uchun avtotransport vositalarini olib kirishda nazarda tutilgan bojxona to‘lovlarining “nol” stavkalari amal qilish muddati ham tugayapti.

Ayrim oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari importi uchun “nol” stavkalarning amal qilish muddati 2025-yil 1-yanvargacha uzaytirildi.

Boshqa o‘zgarishlar

1-yanvardan soliq majburiyatlari bo‘yicha da’vo qilish muddati qisqartiriladi, ya’ni O‘zbekiston soliq organlari tadbirkorlik subyektlarini 5 yil emas, balki oxirgi 3 yil davomidagi faoliyati yuzasidan tekshirishi mumkin bo‘ladi. Kameral tekshiruv o‘tkazish tartibi ham o‘zgartirildi.

Xuddi shu kundan boshlab soliq to‘lovchilarga soliqlar va moliyaviy sanksiyalar summalari bo‘yicha o‘tkazilgan soliq tekshiruvi, shuningdek, kameral soliq tekshiruvi natijalariga ko‘ra qo‘shimcha hisoblangan soliqlar summalarini bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati beriladi (soliq organi qarori kuchga kirgan kundan boshlab 6 oy davomida teng ulushlarda).

Endilikda xalq deputatlari shahar va tumanlar kengashlari soliq organlariga 10-yanvargacha (ilgari 31-dekabrgacha) kelgusi yil uchun aniq soliq stavkalarini taqdim etadi (avval 31-dekabrgacha edi). Shu bilan birga, avvalgidek, soliq organlari bu haqda 5 kun muddatda yuridik shaxslarni xabardor qiladi.

2024-yil uchun qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlar bo‘yicha soliq hisobotlarini, shuningdek, soliq solish obyekti bo‘lmagan yer uchastkalari uchun sertifikatlarni taqdim etishning so‘nggi muddati 22-yanvar etib belgilandi (20 va 21-yanvar dam olish kunlari ekanini hisobga olgan holda).

Soliq kodeksining 434-moddasi 2-qismiga ko‘p kvartirali uylar mulkdorlariga umumiy foydalanish (notijorat maqsadlarda) uchun doimiy foydalanish huquqi asosida berilgan ko‘p kvartirali uylarga tutash yer uchastkalari soliq solish obyekti bo‘lmasligi, bundan tadbirkorlik faoliyatini yuritish uchun foydalanishga yoki ijaraga berilgan yer uchastkalari mustasno ekani kiritildi.

Ilgari soliq organlari soliqni to‘lash to‘g‘risidagi to‘lov xabarnomasini soliq to‘lovchilarga imzo qo‘ydirilgan holda yoki to‘lov xabarnomasi olinganini va olingan sanani tasdiqlovchi boshqa usulda topshirardi. Endi to‘lov bildirishnomalari quyidagi usullarda topshiriladi:

  • elektron shaklda soliq to‘lovchining shaxsiy hisob raqamiga (agar mavjud bo‘lsa);
  • soliq to‘lovchining nomiga ro‘yxatdan o‘tgan mobil telefon raqamiga SMS xabarnoma shaklida;
  • soliq organlarining maxsus mobil ilovasiga;
  • olingan fakt va sanani tasdiqlovchi boshqa usulda.