Samarqand shahrining Gagarin va Rudakiy ko‘chalarida yashovchi fuqarolar O‘zbekiston prezidenti yordamchisi Saida Mirziyoyevaga xat yo‘llab, mazkur ko‘chalar chorrahasida tunnel qurilishi rejalashtirilganidan xavotir bildirdi. “Gazeta.uz” o‘rganib chiqqan maktubni 100 ga yaqin kishi imzolagan.

“Gazeta.uz” avvalroq zaruriyat mavjudligi ham aholi, ham mutaxassislarda savol uyg‘otgan ushbu loyiha haqida yozgandi. Tunnel qurilishi shahardagi transport muammolarini hal etmaydi, balki yangilarini yaratadi, degan fikr Transport vazirligining Transport va logistikani rivojlantirish muammolarini o‘rganish markazi direktori Murod Abidov va Samarqandning transport bosh rejasini ishlab chiqqan kompaniya — SIMETRA kompaniyasi vakili Vladimir Valdin tomonidan bildirilgan. Kun.uz ham qurilish zaruriyati haqida savollar bilan murojaat qilgan. Ommaviy axborot vositalaridagi bunday materiallarga Samarqand shahri va viloyati hokimiyatlari tomonidan hech qanday munosabat bildirilmagan.

Mahalliy hokimiyat organlari fuqarolar va mutaxassislarning fikr-mulohazalarini e’tiborsiz qoldirayotgani bois aholi Prezident administratsiyasiga maktub yo‘lladi. Unda shunday deyiladi: “Biz ushbu tunnel qurilishi loyihasi shahar aholisining xavfsizligi, hayoti va sog‘lig‘i, shuningdek, atrof-muhit uchun jiddiy xavf tug‘dirishiga ishonchimiz komil”.

“Murojaatimizga javoban mahalliy hokimiyat buning davlat siyosati ekanini bildirdi”, — deya ta’kidlaydi xat mualliflari. “Amaldor va siyosatchilarning hech biri bu chorrahada yashamaydi”, — deya qo‘shimcha qilgan murojaatchilar bunday qurilish loyihalari jamoatchilik muhokamasidan o‘tishi kerakligini eslatib o‘tdi.

Qurilishga tayyorgarlik ishlari allaqachon hudud ekologiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Aholi tungi vaqtda olib borilgan daraxt kesilishlaridan norozi. Jarayon tufayli oylar davomida chang ko‘tarilmoqda. Avtotransport oqimining oshishi bilan (hokimiyat ayni shu maqsadda tunnel qurilayotganini yashirmaydi) havo sifati muqarrar ravishda yomonlashdi va shovqin darajasi ko‘tarildi.

Yerosti kommunikatsiyalarini (suv, gaz, kanalizatsiya) ko‘chaning markazidan turar joy binolariga o‘tkazish ham katta tashvish tug‘dirmoqda. “Biz kommunal qurilish bo‘yicha mutaxassisni taklif qildik, u bizga gaz, kanalizatsiya va suv quvurlarini yotqizish ishlari bitta chuqurlikda va ko‘p qavatli turarjoy binolari yaqinida amalga oshirilishi qurilish me’yorlariga mos kelmasligi to‘g‘risida aniq tushuntirishlar berdi”, — deyiladi maktubda.

“Tunnel qurilishi ko‘chadagi transport harakatida katta o‘zgarishlarga olib kelishi, bu esa mahalliy aholi va korxonalar uchun harakat erkinligi va qulayligiga ta’sir qilishi mumkin. Tunnel qurilgandan so‘ng 900−1200 metr radiusda jamoat transporti uchun to‘xtash joylari bo‘lmaydi”, — deydi xat mualliflari.

Tunnel qurilishi yashash sharoitlarining yomonlashishiga olib keladi va hududdagi ko‘chmas mulk bozoriga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bundan tashqari, u piyodalar uchun qulaylikni kamaytirib, ovqatlanish shoxobchalari, do‘konlar va boshqa muassasalarga kirishni qiyinlashtiradi, bu esa oqibatda mijozlar yo‘qolishiga va ushbu korxonalar daromadlarining pasayishiga sabab bo‘ladi.

“Tunnellar turar joy massivlari va infratuzilmasi bo‘lmagan joylarda quriladi”, — deb ta’kidlaydi mualliflar. “Turar joylari mavjud ko‘chada tunnel qurish shunchaki texnik vazifa emas”, balki odamlar hayotining ko‘p jabhalariga taalluqli masala, deydi ular.

Aholining ta’kidlashicha, ular shaharda infratuzilmani rivojlantirish zarurligini e’tirof etadi, ammo sanab o‘tilgan jihatlarni hisobga olish kerak, chunki qurilish hudud va butun shahar uchun potensial xavflarni keltirib chiqaradi. “Biz qarorlar jamiyat manfaatlari va barqaror rivojlanish o‘rtasidagi muvozanatga asoslanishiga umid qilamiz”, — deydi ular.

Saida Mirziyoyevaga yuborilgan xat varaqlaridan biri.Saida Mirziyoyevaga yuborilgan xat varaqlaridan biri.

Aholining maktubiga ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan foto- va videomateriallar ilova qilingan.

Eslatib o‘tamiz, qurilishi rejalashtirilgan tunnel Samarqand markazidagi uchinchi tunnelga aylanadi. Birinchisi SHHT sammiti arafasida Rudakiy va Bo‘stonsaroy ko‘chalari chorrahasida qurilgan. U yerda muntazam tirbandliklar allqachon vujudga kelgan. Ikkinchi tunnel Gagarin va Mirzo Ulug‘bek ko‘chalari kesishmasida qurilmoqda. Quyida ushbu mavzu bo‘yicha oldingi materiallarimizga havolalar mavjud.