13-dekabrdan Toshkent shahridagi va O‘zbekistonning besh viloyatidagi avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalarining (AGTKSH) yarmi ishini vaqtincha to‘xtatdi. Bu haqda “Hududgazta’minot” kompaniyasi xabar berdi.

Toshkent shahri, Samarqand, Toshkent, Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlaridagi 1179 ta AGTKSHdan 547 tasi (46%) ishlaydi. Avval xabar berganimizdek, ular ertalab soat 6:00 dan 12:00 gacha ochiq bo‘ladi.

Qaror aholiga gaz yetkazib berishda uzilishlar oldini olish maqsadida qabul qilindi, deyiladi kompaniya xabarida.

O‘zgidrometning xabar berishicha, 14−15-dekabr kunlari sovuq havo massasi O‘zbekiston hududidan chekinadi, sovuq kuchsizlasha boshlaydi.

Energetika vazirligining 8-dekabr kuni xabar berganidek, 7−16-dekabrgacha kutilayotgan sovuq davrda gaz bosimining pasayishi kutilmoqda (0 daraja — 8-dekabr, -16 daraja — 12-dekabr). Shundan kelib chiqib, “aholini tabiiy gaz bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida” metan shoxobchalarining ish vaqtini cheklash choralari ko‘rilmoqda.

O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov avvalroq deputatlarga joriy qishda energetika inqirozining oldini olish bo‘yicha qanday chora-tadbirlar ko‘rilgani, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan gaz va elektr quvvati taqchilligi qaysi manbalardan qoplanishi haqida ma’lumot bergandi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan qish mavsumida gaz tanqisligining eng yuqori darajasi kuniga 21,6 million kub metrga yetgan. 2023-yilda gaz tanqisligini o‘tkazish quvvati 18−20 million kub metrdan 35−40 million kub metrgacha ko‘tarilgan gaz omborlaridan to‘ldirish, shuningdek, Uzbekistan GTL sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqarish majmuasiga gaz yetkazib berishni kuniga 5 million kub metrga qisqartirish rejalashtirilgan.

Zarur bo‘lganda, ayrim gaz quyish shoxobchalariga (AGTKSH) gaz ta’minoti 30 foizga qisqartiriladi: hozirda ular kuniga 15 million kub metr gaz oladi, 5 million kub metrga cheklovlar joriy etilishi mumkin.

Avvalroq “O‘ztransgaz”, “Xududgazta’minot”, “Hududiy elektr tarmoqlari”, “O‘zenergoinspeksiya” va boshqa korxonalar rahbarlari prezidentga qish mavsumiga tayyorgarlik bo‘yicha hisobot bergandi. Ular energiya tizimi “har qanday ob-havo injiqligi va anomal sovuqqa tayyor”ligini ma’lum qilgan.