Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Doniyor Toshxo‘jayev qator jinoyatlarda gumonlanuvchilar va jinoiy guruh vakillarini qo‘lga olish bo‘yicha reydlar nega hozirga kelib ko‘payganiga izoh berdi. U bu haqda 12-dekabr kuni boshqarmada o‘tkazilgan brifingda aytib o‘tdi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.

Qayd etilishicha, 27-noyabrdan boshlab Toshkent shahrida o‘tkazilgan maxsus tadbirlar doirasida jami 103 nafar shaxs protsessual tartibda ushlangan. Shundan 52 nafariga sud ajrimiga asosan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan, 48 nafari bilan dastlabki surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

“Uyushgan guruh va jinoyatlarni sodir etgan shaxslar, aynan bugun yoki kecha emas, balki oylar va yillar davomida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan kuzatuvga olingan…Jinoyat ishlarni tahlil qiladigan bo‘lsak, ular o‘zlari uchun o‘ylab topgan qonun qoidalari bilan obro‘ yasab olgan, atrofiga sportsmenlarni yig‘ib olib, chiroyli mashinalarda yurib…boshqalarni qiynoqqa solib, tovlamachilik va pul undirish yo‘llari bilan qonunga xilof ravishda o‘zini va oilasini yedirib-ichirib, shunaqa „chiroyli“ hayot kechirib yurishibdi”, — dedi Doniyor Toshxo‘jayev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, uyushgan jinoiy guruh bilan bir-ikki kunda, bir yarim oy yoki yilda masalani hal qilib bo‘lmaydi. Me’yoriy qonunlarga asosan ular kuzatuvga, har bir qilayotgan ishlari nazoratga olinib, vaqti kelganida chorasi ko‘riladi. Hozir o‘tkazilayotgan reydlar “Dolzarb 40 kunlik” aksiyasiga aloqasi yo‘qligini, bu kabi maxsus tadbirlar yilning boshqa paytlarida boshqa nomlar ostida o‘tkazib kelinishini aytdi.

“Sizlarni ishontirib aytamanki, bu kecha boshlangan ish emas. Yillar davomida ishlovga olingan, vaqti-soati shunga to‘g‘ri kelib qolgan… Biz hammasiga yetarli dalillar topganimizdan keyin, ertaga jabrlanuvchini qo‘rqitib yoki boshqa ta’siriy choralarni ko‘rib, ochiqda qolib ketmasligiga ko‘zimiz yetganidan keyin bu tadbirlarni amalga oshirganmiz. Ishoning, deyarli 11 kun davomida ishlayotgan bo‘lsak, bularni uyushgan guruh tarkibida harakatlangan, deb qo‘rqmasdan ayta olaman”, — deya ta’kidladi boshqarma vakili.

Poytaxt IIBB boshlig‘i o‘rinbosari buning sababi sifatida kuni kecha tergovchilar tomonidan qo‘shimcha yig‘ilgan dalillarga asosan bir qator shaxslarga uyushgan jinoyatchilik aybi e’lon qilingan.

Shuningdek, u reydlar Qirg‘iziston yoki boshqa qo‘shni davlatlarda o‘tkazilayotgan reydlar bilan bog‘liq emasligini, shunchaki, bir vaqtga to‘g‘ri kelib qolganini qo‘shimcha qildi. Qo‘shiqchi Jah Khalib konserti vaqti Humo Arena majmuasida yuz bergan tartibsizliklarga ham aloqasi yo‘qligini aytdi.

“Men avgustda Toshkent shahar IIBBda ish boshladim va yig‘ma jildlar bilan tanishdim. Mendan oldingilar buni davom ettirgan, yakuni esa menga kelib qoldi. Oddiy tilda aytganda, olma pishadigan va uni uzadigan vaqt keldi”, — dedi Doniyor Toshxo‘jayev.

O‘tkazilgan tadbirlar bo‘yicha Jinoyat kodeksining quyidagi moddalari bo‘yicha jami 38 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda:

  • 165-moddasi (Tovlamachilik);
  • 168-moddasi (Firibgarlik);
  • 248-moddasi (O‘qotar qurolning, o‘q-dorilarning, o‘qotar qurol asosiy qismlarining, portlovchi moddalarning, portlatish vositalarining yoki portlatish qurilmalarining qonunga xilof muomalasi);
  • 273-moddasi (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish);
  • 276-moddasi (Giyovandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar);
  • 277-moddasi (Bezorilik).

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston bo‘ylab huquq-tartibot idoralari tomonidan “ko‘cha bollari” va jinoiy guruhlarni aniqlash va qo‘lga olish bo‘yicha keng ko‘lamli reydlar o‘tkazilmoqda. Tezkor chora-tadbirlar jinoyatchilik bilan bog‘liq vaziyatni yaxshilashga qaratilgan.

O‘tgan haftada Toshkent shahar IIBB xodimlari “Saidaziz medgorodok” laqabi bilan mashhur Saidaziz Saydaliyevni qo‘lga olgan. Boshqarma ma’lumotlariga ko‘ra, u va yana bir necha kishi tovlamachilik ishi bo‘yicha gumonlanuvchi sifatida hibsga olingan. Ma’lum qilinishicha, ular pul evaziga odamlarni qarzini undirib bergan.

3-dekabr kuni O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari xodimlari “Baxti Tashkentskiy” laqabi bilan tanilgan Baxtiyor Qudratullayev va u bilan yaqin jinoiy aloqasi bo‘lgani qayd etilgan Doston Xalilov ushlandi.

Shuningdek, “Salimboy” va “Salimboyvachcha” nomlari bilan tanilgan 73 yoshli tadbirkor Salim Abduvaliyev protsessual tartibda ushlangan. Unga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasini tanlangan. Jinoyat ishining ayblovi o‘zgartirilib, yanada og‘irroq jazo nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, Toshkentda avval ham “kriminal avtoritet” sifatida qamalgan Abbosxon Xodjayev qo‘lga olingan.