Rossiyaning “Rosatom” davlat korporatsiyasi bosh direktori Aleksey Lixachev “Primakovskiye chteniya” forumida O‘zbekistonda atom elektr stansiyasini qurish yuzasidan shartnoma bo‘yicha ishlar yakuniy bosqichda ekanini ta’kidladi, deya xabar bermoqda Rossiyaning “TASS” nashri.

“Bizning tushunishimiz bo‘yicha, biz 2019-yilda barcha asosiy qarorlarga erishdik. <...> Pandemiya ko‘plab jarayonlarni to‘xtatdi, biroq men o‘zbek loyihasini to‘xtatilgan loyiha deb atay olmayman. <...> Atom elektr stansiyasi qurilishi yuzasidan shartnoma bo‘yicha ishlar yakuniy bosqichda”, — degan “Rosatom” rahbari loyihani ishlab chiqish davom etayotganini aytib.

“Biz, jumladan, kam quvvat, kadrlar tayyorlash bo‘yicha qo‘shimcha takliflar berdik. Shartnoma ustida ishlash yetarlicha intensiv davom etmoqda va menimcha, umuman olganda, biz shartnoma imzolashdan yiroqda emasmiz”, — dedi Lixachev.

O‘zbekistonda AES

O‘zbekistonda 2019−2029-yillarda atom energetikasini rivojlantirish konsepsiyasiga ko‘ra, atom elektr stansiyalari qurilishini boshlash 2022-yilga mo‘ljallangan edi. Stansiya O‘zbekiston davlat budjeti va Rossiya davlat krediti hisobidan qurilishi aytilgan.

Loyiha Jizzax viloyatida quvvati 1,2 GVt/soat bo‘lgan VVER-1200 tipidagi bosimli suv reaktorlariga ega atom elektr stansiyasini qurishni nazarda tutadi. Uni qurishda Rossiyaning “Rosatom” davlat korporatsiyasi ishtirok etishi nazarda tutilgan.

O‘sha vaqtda “O‘zatom” bosh direktori bo‘lgan Jo‘rabek Mirzamahmudov 2028-yil dekabr oyida stansiyaning birinchi energoblokini, 2030-yil iyun oyida ikkinchi blokni ishga tushirish rejalashtirilganini ta’kidlagandi.

2019-yil oktabr oyida “Rosatom” bosh direktori Aleksey Lixachev korporatsiya 2019-yil oxirigacha O‘zbekistonda atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha asosiy shartnomani imzolashni rejalashtirayotganini ma’lum qilgandi. Biroq hozircha hujjat imzolangani haqida xabarlar kelib tushmagan.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2021-yil 19-noyabrdagi Rossiyaga bir kunlik tashrifi chog‘ida mamlakatlar o‘rtasida 18 ta hujjat, jumladan, hukumatlar o‘rtasida yadroviy va biologik xavfsizlik sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitimlar imzolangan.

2021-yil noyabr oyi boshida Tashqi ishlar vazirligining o‘sha paytdagi rahbari Abdulaziz Kamilov O‘zbekistonda atom elektr stansiyasini qurish masalasi loyihaning iqtisodiy maqsadga muvofiqligi, yashil energetikaga sarmoya kiritish bo‘yicha ko‘plab takliflarni hisobga olgan holda ham, uning shaffofligi nuqtai nazaridan ham ko‘rib chiqilayotganini aytgandi. “Biz nafaqat O‘zbekiston, balki qo‘shni davlatlarda ham jamoatchilikning bu masalaga munosabatini o‘rganamiz”, — degandi u.

2022-yilning yozida energetika vazirining sobiq o‘rinbosari Sherzod Xodjayev O‘zbekiston “Rosatom” bilan atom elektr stansiyasini qurish narxini pasaytirish masalasini muhokama qilayotgani haqida xabar bergandi. Agar stansiyada ishlab chiqarilgan elektr energiyasining narxi boshqa manbalar bilan raqobatbardosh bo‘lmasa, loyiha amalga oshiriladimi yoki yo‘q, degan xulosa “o‘z-o‘zidan aniq” bo‘ladi, degan edi u.