Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) Toshkent shahridagi uy-joy ijara narxlarini tahlil qilib, 2023-yil oktabr oyida poytaxtda barcha turdagi xonadonlar uchun taklif etilayotgan ijara narxlari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan arzonlaganini qayd etdi. Shahardagi o‘rtacha ta’mirlangan 1 xonali uylar ijarasi narxi o‘rta hisobda 348 dollarni tashkil etmoqda.

Foto: Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar institutiFoto: Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti

Toshkent shahri tumanlari kesimida o‘rtacha ta’mirlangan 1 xonali uylar uchun taklif etilayotgan ijara narxlari 2023-yilning oktabr oyida o‘tgan yilning mos davridagiga nisbatan o‘rtacha 6 foizga, 2 xonali uylar uchun 7,7 foizga, 3 xonali uylar uchun 13,9 foizga hamda 4 xonali uylar uchun 13,1 foizga tushgan.

Bunda 1 xonali uylar uchun ijara narxlarining eng yuqori tushishi Uchtepa (-26,9 foiz), Yunusobod (-17,5 foiz), Yakkasaroy (-14,7 foiz), Olmazor (-11,4 foiz) tumanlarida kuzatilgan bo‘lsa, qolgan tumanlarda 10 foizdan kam tushish qayd etilgan.

  • 2 xonali uylar uchun Bektemir (-20,2 foiz), Yunusobod (-13,7 foiz), Yashnobod (-12,8 foiz), Olmazor (-10,8 foiz) hamda Mirzo Ulug‘bek (-10,3 foiz) tumanlarida ijara narxlari 10 foizdan ko‘proq tushgani aniqlangan.
  • 3 xonali uylar uchun Olmazor (-22,2 foiz), Mirzo Ulug‘bek (-21,6 foiz), Yashnobod (-20,9 foiz) va Shayxontohur (-18,6 foiz) tumanlarida ijara narxlari 10 foizdan yuqori tushgani kuzatilgan.
  • 4 xonali uylar uchun Sergeli (-28,6 foiz), Yunusobod (-25,8 foiz) va Mirzo Ulug‘bek (-24 foiz) tumanlarida ijara narxlarida 20 foizdan ko‘proq tushish kuzatilgan.

ijara narxi, мобилизация, тошкент, мҳти
Bir yil ichida to‘liq ta’mirlangan uylar uchun ijara narxlari Toshkent shahrida o‘rtacha 9,9 foizga tushgan. Bunda 1 xonali uylar uchun Uchtepa (-16,7 foiz), Yakkasaroy (-15,5 foiz) va Mirobod (-15,4 foiz) tumanlarida ijara narxlari 15 foizdan ko‘proq tushgani kuzatilgan.

  • 2 xonali uylar uchun Olmazor (-15 foiz), Yashnobod (-11,3 foiz), Yakkasaroy (-10,8 foiz) hamda Uchtepa (-10,7 foiz) tumanlarida ijara narxlari 10 foizdan ko‘proq tushgan.
  • 3 xonali uylar uchun Uchtepa (-20,7 foiz) va Olmazor (-20 foiz) ijara narxlarida eng yuqori tushish qayd etilgan.
  • 4 xonali uylar uchun Yakkasaroy (-29,7 foiz) va Chilonzor (19,8 foiz) tumanlarida ijara narxlarining tushishi kuzatilgan.

ijara narxi, мобилизация, тошкент, мҳти

MHTI o‘tgan yilning sentabr-oktabr oylarida poytaxtdagi ijara narxlari sezilarli darajada oshib ketganiga shaharga relokantlar oqimining ko‘payishi hamda yangi o‘quv yili boshlanishi bilan talabalar tomonidan ijaraga bo‘lgan talabning oshishi sabab bo‘lganini eslatgan.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning 21-sentabrdan boshlab Rossiyada qisman safarbarlik holati e’lon qilingandi. Buning fonida esa Toshkentda ijaraga beriladigan uy-joyga bo‘lgan talab keskin oshishi kuzatilgan va poytaxtda o‘rtacha ijara narxi yil boshidan buyon 22,4 foizga qimmatlagandi.