O‘zbekiston Markaziy banki bank nazorat qo‘mitasining 10-noyabrdagi qarori bilan Brio Group (Oson brendiga egalik qiladi) mas’uliyati cheklangan jamiyatining to‘lov tashkiloti faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziyasi amal qilish muddati qayta tiklandi.

Kompaniya litsenziyasining amal qilish muddati qo‘mitaning 17-oktabrdagi qaroriga asosan vaqtinchalik to‘xtatib qo‘yilgandi. Undan avval esa regulyator Brio Group to‘lov tashkilotiga nisbatan jarima sanksiyasi qo‘llanganini ma’lum qilgan.

O‘shanda tashkilot to‘lov operatsiyalarini amalga oshirishda jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari talablarini buzgani ta’kidlangan. Shundan so‘ng Brio Group “Gazeta.uz”ga Markaziy bankning qonunbuzilishi uchun qo‘llagan jarimasi bo‘yicha izoh bergan.

“Bizning kompaniya qariyb 7 yildan beri bozorda ishlab kelmoqda, biz hech qachon ko‘rsatmalar yoki ogohlantirishlar olmaganmiz, qoidabuzarlik jarimalarini ham to‘lamaganmiz. Bundan tashqari, regulyatorning iltimosiga binoan biz protseduralar doirasidagi barcha ma’lumotlarni taqdim etdik va shaffof ishlayapmiz. Huquqshunoslar jamoasi hozirda jarima masalasiga aniqlik kiritish bilan shug‘ullanmoqda”, — deya ta’kidlagandi Brio Group bosh direktori Farhod Mahmudov.

Brio Group kompaniyasi OAVda xabarlar tarqalgach, O‘zbekistonning 50 dan ortiq fintex-tashkilotlari Markaziy bankdan 5-sentabrdan boshlab transchegaraviy davlatlararo tranzit operatsiyalarini amalga oshirish taqiqlanishi haqida xat olganini qo‘shimcha qilgandi. Bu xalqaro pul o‘tkazmalari bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish, o‘yin xizmatlari va xorijiy kompaniyalar xizmatlari uchun to‘lovlar, shuningdek, bir qator boshqa operatsiyalar amalga oshirish tugatilishini anglatadi.

“5-sentabrdan biz va barcha to‘lov tashkilotlariga hamma xalqaro servislarni o‘chirish majburiyatini yuklashyapti. Jahon miqyosidagi yirik kompaniyalar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalarimiz bor. Bundan kelib chiqadiki, biz regulyator bozorni yopib qo‘yayotganiga asoslanib, barcha kelishuvlarni bir tomonlama bekor qilishimiz kerak”, — degandi Farhod Mahmudov.

“Bizni ushbu xizmatlarni, ehtimol, ma’lum bir bankdan xarid qilish sari olib borishmoqda. Agar qoidalar shaffof, oldindan aytish mumkin va hamma uchun teng bo‘lsa, biz bu tizimga qarshi emasmiz”, — deya qo‘shimcha qilgan Mahmudov.

5-sentabrga kelib, Oson to‘lov xizmati xalqaro pul o‘tkazmalari va xorijiy xizmatlar uchun to‘lovlarni vaqtincha to‘xtatdi. Shu kunning o‘zida xizmat Markaziy bank jarima sanksiyalari ishi bo‘yicha barcha so‘rovlarni qaytarib olishini va jarimani to‘lashini ma’lum qildi. Oson 5-sentabrdan mustaqil ravishda xorijiy pul operatsiyalarini amalga oshirmayapti, deya qayd etgandi kompaniya.

O‘z navbatida, Markaziy bank ham sodir bo‘lgan voqealarga munosabat bildirgan. Oson to‘lov xizmati qabul qiluvchi va jo‘natuvchi to‘g‘risidagi talab qilinadigan ma’lumotlarni qonunchilikda ko‘rsatilganidek aks ettirmagani uchun jarimaga tortildi, deyilgan regulyator munosabatida.