AQSh davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha yordamchisi Donald Lu 4−11-noyabr kunlari Qozog‘iston, O‘zbekiston va Hindistonga tashrif buyuradi, deb xabar bermoqda AQSh Davlat departamenti matbuot xizmati.

“Kotib yordamchisi Lu sentabr oyida BMT Bosh assambleyasi doirasida bo‘lib o‘tgan birinchi C5+1 prezidentlar sammiti va oktabr oyida bo‘lib o‘tgan C5+1 mintaqaviy hamkorlik vazirlar yig‘ilishidagi muvaffaqiyatni mustahkamlash maqsadida AQShning Markaziy Osiyo bo‘yicha delegatsiyasiga boshchilik qiladi”, — deyiladi xabarda.

Lu o‘z safarini Qozog‘istonga tashrif bilan boshlaydi, so‘ng Toshkentga boradi va u yerda AQSh-O‘zbekiston strategik sheriklik muloqoti yig‘ilishida Amerika delegatsiyasiga boshchilik qiladi.

Davlat kotibi yordamchisi O‘zbekiston hukumati rasmiylari bilan uchrashib, mintaqaviy muammolarni hal qilish, xalqlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, savdo va investitsiyani diversifikatsiya qilish uchun ikki davlatning xavfsizlik sohasidagi sherikligini kengaytirish masalalarini muhokama qilishi kutilmoqda.

Bundan tashqari, Lu inson huquqlari masalalari bilan shug‘ullanuvchi mahalliy fuqarolik jamiyati vakillari bilan uchrashishi rejalashtirilgan.

“AQSh delegatsiyasi Qozog‘iston va O‘zbekistonda bo‘lganida Qozog‘iston va O‘zbekiston suvereniteti, hududiy yaxlitligi va mustaqilligiga qat’iy sodiqligini yana bir bor tasdiqlaydi”, — deyiladi Davlat departamenti bayonotida.