Shavkat Mirziyoyev 20-may kuni banklarning xorijiy sarmoyalarni jalb etishdagi ishtirokiga bag‘ishlangan taqdimot bilan tanishdi.

Davlat rahbari matbuot xizmati xabariga ko‘ra, so‘nggi 5 yilda banklarning kapitali ikki barobar, kredit portfeli 2,3 barobar, yillik kreditlash hajmi esa 1,8 barobar oshdi.

To‘rtta bank birinchi marta yevroobligatsiyalar chiqardi va 1,3 milliard dollar jalb etdi. O‘tgan yili banklar 3,8 milliard dollar xorijiy kreditlarni jalb qilgan, ularning yirik mijozlari esa hukumat kafolatisiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri 6 milliard dollar jalb qilgan, deyiladi xabarda.

Taqdimotda O‘zbekiston Milliy banki (O‘zmilliybank) va “O‘zsanoatqurilishbank” (SQB)ning mazkur yo‘nalishdagi faoliyati haqida ma’lumotlar berildi.

2023-yil yakuni bo‘yicha Milliy bank aktivlari hajmi 128 trillion so‘m, kredit portfeli 99 trillion so‘m, xorijiy kredit liniyalari 55 trillion so‘m, depozitlar hajmi 33 trillion so‘m, sof foyda 1,7 trillion so‘mni tashkil etadi.

Joriy yilda Milliy bank tomonidan umumiy qiymati 6 milliard dollar bo‘lgan loyihalar: zargarlik sanoatida 2,1 trillion so‘mlik 526 ta loyiha va xizmat ko‘rsatish sohasida 41,8 trillion so‘mlik kreditlar hisobidan 40 mingdan ortiq loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Natijada 2,5 milliondan ortiq kishi ish bilan ta’minlanishi kutilmoqda.

“O‘zsanoatqurilishbank”ning aktivlari 82,3 trillion so‘mga, kredit portfeli 59,5 trillion so‘mga yetdi. Bank joriy yilda xalqaro moliya bozorida 3,1 milliard dollarlik qarz mablag‘larini jalb qilishni rejalashtirmoqda. Bank mijozlari umumiy qiymati 4,8 milliard dollarlik investitsiya loyihalarini amalga oshirishni boshladi.

Bank 2024−2025-yillarda qurilish materiallari sanoatiga 529 ta loyiha orqali 2,8 milliard dollar xorijiy investitsiyalar jalb etishni mo‘ljallamoqda, buning natijasida 25 ming ish o‘rni yaratilishi kerak.

Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Milliy bank 967 ta, Sanoatqurilishbank 727 ta mahallada ishsiz aholi bandligini ta’minlashga ko‘maklashmoqda. “Banklar quyi bo‘g‘inga tushib ishlayotgani uchun ko‘plab biznes tuzilmalar “soya”dan chiqmoqda”, — deyiladi xabarda.

Prezident mijozlarning investitsiya loyihalarini tizimli monitoring qilish, yuzaga kelayotgan muammolarni tezkorlik bilan hal etish zarurligini ta’kidladi.