Toshkentdagi Kichik halqa avtomobil yo‘lining, shuningdek, Qorasaroy ko‘chasining bir qismi 21−22-may kechasi (soat 22:00 dan 6:00 ga qadar) ta’mirlash ishlari tufayli yopilishi haqida xabar berilgandi. Poytaxt hokimligining ma’lum qilishicha, ishlar 26-maygacha davom etadi.

Qayd etilishicha, amalga oshirilayotgan ishlar jarayonida aholining iltimosiga binoan yoritish tizimlari, fasadlar, drenaj va irrigatsiya tizimlari, bordyurlarni yangilash, mahallalarga kirish yo‘llarini obodonlashtirish zarurati aniqlangan.

Yopiladigan qismlar:

  • Qorasaroy ko‘chasi — Nurafshon ko‘chasi bilan kesishmasidan Abdulla Qodiriy ko‘chasi bilan kesishmasigacha;
  • Kichik halqa avtomobil yo‘li — Nurafshon ko‘chasi bilan kesishmasidan Qorasaroy ko‘chasi bilan kesishmasigacha.

“Ishni imkon qadar tezroq yakunlash uchun jalb qilingan xizmatlar xodimlari kechayu-kunduz ishlaydi”, — deya xabar bermoqda hokimlik. Haydovchilardan aylanma yo‘llardan foydalanish so‘raldi.