O‘zbekistonda yog‘ingarchiliksiz ob-havo dam olish kunlari ham saqlanib turadi, deya xabar bermoqda O‘zgidromet agentligi matbuot xizmati.

Uzoq muddat davom etgan quruq va nisbatan iliq ob-havodan so‘ng 11−12-oktabr kunlari O‘zbekiston hududiga Qora dengiz hududlaridan sovuq va nam havo massalari kirib keldi. Barcha joylarda yomg‘ir yog‘di, ayrim joylarda kuchli bo‘ldi, tog‘li hududlarda qorga aylandi.

Ba’zi joylarda shamol tezligi kuchayishi kuzatildi. Havo keskin sovuqlashdi.

Juma kuni ertalab deyarli barcha joylarda yog‘ingarchilik to‘xtadi va kun davomida respublika hududining katta qismida yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Faqat Farg‘ona vodiysida ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi, respublikaning tog‘li hududlarida yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘ladi.

13 oktbyar kuni kunduzi havo harorati +10…+15 daraja atrofida bo‘ladi. Shanba va yakshanba kunlari kechasi va ertalab harorat +3…+6 darajagacha pasayadi, kunduzi havo asta-sekin iliqlashadi va yakshanba kuni kunduzi havo +17…+20 darajagacha isiydi. Kechasi va ertalab ba’zi joylarga tuman tushishi mumkin.

Toshkent shahrida havo o‘zgarib turadi, yog‘ingarchilik kutimaydi, 14−15-oktabrda kechasi va ertalab tuman tushishi mumkin. G‘arbiy shamol yo‘nalishini o‘zgartirib, sharqdan 3−8 m/s tezlikda esadi.

Harorat 13-oktabrda +10…+12 daraja, 14-oktabrda kechasi +4…+6 daraja, kunduzi +14…+16 daraja, 15-oktabrda kechasi +5…+7 daraja, kunduzi +17…+19 daraja bo‘ladi.