“O‘zenergoinspeksiya” tomonidan yanvar-sentabr oylarida ayrim xususiy AYOQSHlarda 9 mln 150 ming litr sifatsiz neft mahsulotlarining iste’molga chiqarilishi oldi olindi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.

Nazorat tadbirlari davomida 225 ta holatda sifatsiz neft mahsulotlari sotilayotgani aniqlangan. Bunda jami 179 mln 39 ming litr neft mahsulotlarining 9 mln 150 ming litri (5,1%) sifatsizligi bois iste’molga chiqarilmagan.

Eng ko‘p aniqlangan holatlar, asosan, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo va Samarqand viloyatlari hissasiga to‘g‘ri kelgan.

O‘tgan yilning dekabr oyida narxni oshirgan va sifatsiz mahsulot sotgan 299 ta AYOQSHga benzin yetkazib berish to‘xtatilgandi.

2022-yilda “O‘zneftgazinspeksiya” tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlarda 43 ta holatda iste’molchilarga benzin har 10 litr uchun 10 dan 740 ml gacha kam quyilayotgani ma’lum bo‘lgandi.