Qish yaqinlashmoqda — OAV va ijtimoiy tarmoqlar muntazam ravishda is gazidan zaharlanish oqibatida vafot etgan va aziyat chekkan fuqarolar haqidagi xabarlarni yorita boshlaydigan og‘ir mavsum.

O‘tgan anomal qishda yana ana shunday fojiali hodisalar haqida xabar topdik: Kattaqo‘rg‘onda yangi turmush qurgan kelin-kuyov uyquda paytida is gazidan zaharlanib vafot etdi, Kasbi tumanida er-xotin hamda ularning 3 va 5 yoshli farzandlari halok bo‘ldi, Namanganda 8 va 3 yoshli ikki bola kasalxonaga yotqizilib, ulardan biri vafot etdi, Farg‘ona viloyatining Buvayda tumanida uch kunlik kelin-kuyov, Toshkent viloyati Chinoz tumanida yosh oila uch oylik chaqalog‘i bilan, Buxoro viloyatining Jondor tumanida besh kishilik oila, jumladan, uch nafar voyaga yetmagan bola halok bo‘ldi.

Yuqorida 2022-yil dekabridan 2023-yil yanvarigacha bo‘lgan davrda O‘zbekistonning turli hududlarida kuzatilgan is gazidan zaharlanish holatlarining bir nechtasigina keltirilgan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 2020-yil boshidan 2022-yil may oyining oxirigacha (2,5 yildan kamroq vaqt ichida) respublika bo‘yicha jami 428 ta is gazidan zaharlanish holati rasman qayd etilgan, buning natijasida 366 kishi halok bo‘lgan va 307 kishi turli darajada jarohatlangan. Bu singari o‘lim holatlarining qanchasi rasmiy statistikadan tashqarida qolayotgan bo‘lishi mumkin?

2022-yilda Senatda bu boradagi qator muammo va kamchiliklar, xususan, aholi tomonidan tabiiy va suyultirilgan gaz hamda muqobil yoqilg‘i turlaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga amal qilish madaniyati past ekanligi ma’lum qilingan edi.

O‘zbekiston is gaziga qarshi kurash jamiyati tashabbuskor guruhi a’zolaridan biri Mixail Ursakining ta’kidlashicha, so‘nggi vaqtlarda ushbu masalaga yetarlicha e’tibor qaratilmayapti. Butun mamlakat bo‘ylab mo‘ri va pechkalar bo‘yicha mutaxassislar yetishmaydi, vaholanki, bunday mutaxassislar ventilyatsiya kanallari va gaz taqsimlash qurilmalarni o‘z vaqtida tekshirib, texnik ko‘rikdan o‘tkazib turishi mumkin. Ayniqsa, qattiq yoqilg‘i, ko‘mir, tappi va boshqalar yoqiladigan qishloq joylarida muammo dolzarbligicha qolmoqda. Biroq, mo‘rilarni tozalash yoki sifatli pechkalar qurish uchun mutaxassislar yo‘q. Odamlarning hayoti va mol-mulkini saqlab qolish uchun aholi o‘rtasida muntazam ravishda yong‘inga qarshi jamoatchilik tadbirlari va targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borish nihoyatda muhim.

Bunday jamoat ishlari MDHning ko‘plab mamlakatlarida nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Masalan, Rossiyada 1892-yildan beri Yong‘inga qarshi kurash bo‘yicha butunrossiya ko‘ngillilar jamiyati (VDPO) faoliyat ko‘rsatib keladi. Tashkilot mamlakatning turli hududlarida yong‘inga qarshi kurash bo‘yicha ko‘ngillilar jamiyatlariga ega.

Shunga o‘xshash jamoat birlashmalari postsovet makonidagi ko‘plab respublikalarda ko‘p yillardan beri mavjud. 1980-yillarning oxirida bu kabi birlashmalar rasmiy ro‘yxatga olingunga qadar, bunday tashabbuskor fuqarolar guruhlarini “mo‘ri tozalovchilar” deb atashgan.

O‘zbekiston Respublikasi “Yong‘in xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonunining o‘zida — 32-moddada ko‘ngilli yong‘indan saqlash xizmatiga — “fuqarolar va jamoat birlashmalarining tashkilotlarda, aholi punktlari va boshqa hududlarda yong‘in xavfsizligi chora-tadbirlarini ta’minlashda, yong‘inlarni o‘chirishda ishtirok etishining shaklidir”, deb ta’rif berilgan. Nega O‘zbekiston adliya organlari mana uch yildirki, ana shunday tashabbuskor tashkilotni ro‘yxatdan o‘tkazmay kelmoqda?

O‘zbekiston is gaziga qarshi kurash jamiyati nizomida qayd etilganidek, jamoat birlashmasining maqsadi binolarni isitish uchun qattiq yoqilg‘i va tabiiy gazdan foydalanishda fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini is gazi ta’siridan himoya qilishdan iborat.

Ro‘yxatdan o‘tkazilmagan mazkur jamiyat o‘z vazifalarini quyidagilardan iborat deb hisoblaydi: aholini tabiiy gaz va qattiq yoqilg‘idan foydalanishda mo‘rilar va ventilyatsiya kanallaridan to‘g‘ri foydalanish bo‘yicha o‘qitish; maishiy xizmat ko‘rsatish tarmoqlari, maktablar, maktabgacha ta’lim muassasalari, ta’lim muassasalari va qishloq aholi punktlarida is gazidan zaharlanish, maishiy yong‘inlar sodir bo‘lishi yuzasidan xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha is gazidan zaharlanish va maishiy yong‘in holatlarining oldini olish va ularga qarshi ogohlantirishga qaratilgan ommaviy jamoatchilik tadbirlarini o‘tkazishga keng aholi qatlamini jalb etish orqali davlat organlariga ko‘maklashish va boshqalar.

Uch yil va ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha 12 ta rad javobi

2020-yil 9-noyabr — ta’sis hujjatlari Adliya vazirligiga ilk marta taqdim etilgan sanadan boshlab o‘tgan uch yil davomida O‘zbekiston is gaziga qarshi kurash jamiyati NNT sifatida ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha 12 marta rad javobini oldi. Mazkur jamiyat a’zolari uzoq yillar davomida yong‘in xavfsizligi masalalari bilan shug‘ullangan va bu borada katta tajribaga ega mutaxassislar hisoblanadi.

2020-yilning 12-oktabrida jamiyatning qurultoyi o‘tkazilib, unda jamiyat nizomi bir ovozdan qabul qilingan va tasdiqlangan, shuningdek, tashkilotning boshqaruv organlari saylangan edi. Avvalroq yozganimiz — boshqa NNTlar bilan bo‘lgan holatlardagi kabi, har bir yangi rad javobida ro‘yxatga oluvchi organ ta’sis hujjatlarida yangi va yangi xatolarni ko‘rsatib, shu bilan bir paytda, NNTni ro‘yxatdan o‘tkazishda sun’iy to‘siqlar va byurokratik g‘ovlar yaratmoqda.

“O‘zbekiston is gaziga qarshi kurash jamiyati” NNTni ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etishning xronologiyasi va sabablari

Rad javobining tartib raqami
Rad javobi berilgan sana va rad etish bo‘yicha javob xatining tartib raqami
NNTni ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etish sabablari
1
2020-yil 9-noyabr
№ 9/12−16/256
Taqdim etilgan tashkilotning qurultoyi bayonnomasida tashkilotning alohida bo‘linmalari (vakolatxonalari va filiallari) tashkil etilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar mavjud emas, tashabbuskorlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar esa “Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida”gi qonun hamda Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 10-martdagi 57-sonli qarorida ko‘rsatilgan Nodavlat notijorat tashkilotlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom talablariga to‘liq mos kelmaydi.
2
2021-yil 1-mart
№ 9/12−16/30

Taqdim etilgan Nizomda “O‘zbekiston Respublikasida jamoat birlashmalari to‘g‘risida”gi qonunning 10-moddasi 9-bandiga muvofiq tashkilot faoliyatini tugatish tartibi nazarda tutilmagan.

Tashkilotni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risidagi arizaga Nodavlat notijorat tashkilotlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomning 13-bandiga muvofiq uning pochta manzili sifatida foydalanish uchun mo‘ljallangan ko‘chmas mulk yoki undan foydalanish huquqi mavjudligini tasdiqlovchi hujjat ilova qilinmagan.
3
2021-yil 14-aprel
№ 9/6−16/66

Tashkilot tomonidan 735 000 so‘m miqdorida davlat boji to‘lanishi shart ekanligiga qaramay, tashkilotni davlat ro‘yxatidan o‘tkazganlik uchun ushbu miqdordagi davlat boji to‘lanmagan.

Fuqarolik Kodeksining 53-moddasida yuridik shaxsning tugatilishi uning huquq va majburiyatlarining huquqiy vorislik tartibida boshqa shaxsga o‘tkazmagan holda tugatilishiga olib kelishi nazarda tutilgan. 2019-yilning 2-oktabrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi O‘zbekiston yong‘inga qarshi kurash jamiyatini tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilgan. Shunga qaramay, taqdim etilgan Nizomning 1.18-bandida tashkilot O‘zbekiston Yong‘inga qarshi kurash jamiyatining huquqiy vorisi ekanligi ko‘rsatilgan.
4
2021-yil 21-may
№ 9/6−16/110
Taqdim etilgan Tashkilotni tuzish to‘g‘risidagi ta’sis Qurultoyi bayonnomasida nazorat-taftish komissiyasi tuzilmagan.
5
2021-yil 5-iyul
№ 9/6−16/149
Ta’sis yig‘ilishining taqdim etilgan tashkilotni tuzish to‘g‘risidagi bayonnomasida nazorat-taftish komissiyasi tuzilmagan. Adliya vazirligining 2021-yil 21-maydagi 9/6−16/110-sonli avvalgi xatida ko‘rsatilgan kamchiliklar bartaraf etilmagan.
6
2021-yil 27-sentabr
№ 9/6−16/247

Tashkilotni tuzish bo‘yicha ta’sis Qurultoyining bayonnomasida tashkilotni tuzish to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘rsatilmagan.

Taqdim etilgan Nizomda tashkilotning alohida bo‘linmalarini hisobga olish bilan bog‘liq qoidalar belgilanganligi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 3-martdagi “Nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, ularning faoliyati erkinligi, huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta’minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-5012 sonli Farmoni 1-bandi talablariga mos kelmaydi.

7
2021-yil 13-dekabr
№ 9/6−16/316

Taqdim etilgan Tashkilotni tuzish to‘g‘risidagi ta’sis Qurultoyi bayonnomasida nazorat-taftish komissiyasi tuzilmagan.

Tashkilotni tuzish bo‘yicha ta’sis Qurultoyining bayonnomasida tashkilotni tuzish to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘rsatilmagan.

Adliya vazirligining 2021-yil 5-iyuldagi 9/6−16/149-sonli va 2021-yil 16-sentabrdagi 9/6−16/247-sonli avvalgi xatlarida ko‘rsatilgan kamchiliklar bartaraf etilmagan.


8
2022-yil 4-mart
№ 9/16−16/35
Taqdim etilgan Tashkilotni tuzish to‘g‘risidagi ta’sis Qurultoyi bayonnomasida Markaziy Kengash Prezidiumi tuzilmagan.
9
2022-yil 13-iyun
№ 21/6−16/158
Tashkilot Markaziy Kengashi Prezidiumi tashkilotni ta’sis etish to‘g‘risidagi ta’sis Qurultoyi qarori bilan emas, balki Kengash majlisi qarori bilan tuzilgan.
10
2022-yil 31-avgust
№ 21/6−16/253
Taqdim etilgan nizomning 3.6-bandiga ko‘ra tashkilot Markaziy Kengashi Prezidiumining raisini saylash, 6.7-bandiga ko‘ra esa Prezidium raisining Qurultoy tomonidan saylanishi nazarda tutilgan, 6.12-banddan keyin esa Markaziy Kengash Prezidiumining vakolatlari ko‘rsatilgan. Biroq, Tashkilot Qurultoyining 2022-yil 26-iyuldagi yig‘ilishida mazkur organ tuzilmagan, Prezidium raisi esa saylanmagan.
11
2022-yil 29-dekabr
№ 21/6−16/369
Biroq, Tashkilot Qurultoyining 2022-yil 26-iyuldagi yig‘ilishida mazkur organ tuzilmagan, Prezidium raisi esa saylanmagan. Bundan tashqari, nizomda Tashkilotning tuzilmasi ko‘rsatilmagan, Markaziy Kengash Prezidiumi va Prezidium raisi vakolatlari, shakllanish tartibi, vakolat muddatlari to‘liq ko‘rsatilmagan. Adliya vazirligining 2022-yil 31-avgustdagi 1/6−16/253-sonli avvalgi xatida ko‘rsatilgan kamchiliklar bartaraf etilmagan.
12
2023-yil 2-may
№21/6−16/104

Taqdim etilgan nizomning 3.6-bandiga ko‘ra tashkilot Markaziy Kengashi Prezidiumining raisini saylash, 6.7-bandiga ko‘ra esa Prezidium raisining Qurultoy tomonidan saylanishi nazarda tutilgan, 6.12-banddan keyin esa Markaziy Kengash Prezidiumining vakolatlari ko‘rsatilgan. Biroq, Tashkilot Qurultoyining 2022-yil 26-iyuldagi yig‘ilishida mazkur organ tuzilmagan, Prezidium raisi esa saylanmagan.

Adliya vazirligining 2022-yil 31-avgustdagi 21/6−16/253-sonli xatida ko‘rsatilgan kamchiliklar bartaraf etilmagan.
13
2023-yil 2-avgust
Adliya vazirligidan javob kutilmoqda.

“Bu bizni — respublika bo‘ylab ish o‘rnini kutayotgan 2000 ga yaqin odamni — masxaralash degani. Is gazidan butun boshli oilalar halok bo‘lishda davom etmoqda. Favqulodda vaziyatlar vazirligi bu ishda ishtirok etishimizni so‘raydi, biroq jamiyat qonunda belgilangan tartibda ro‘yxatga olinmas ekan, odamlarimiz bu ishni qila olmaydi. Nizomimiz, bayonnomamiz va ta’sis hujjatlarimiz NNTlar to‘g‘risidagi qonun hamda Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 10-martdagi 57-sonli qarori talablariga to‘liq javob beradi. O‘n ikki marta rad javobi — bu shunchaki bizni ro‘yxatdan o‘tkazishni istamaslik va to‘laqonli byurokratiya”, — deydi Mixail Ursaki.

Tashabbuskor guruh a’zolari prezidium va uning raisining vakolatlari nizomda aniq ko‘rsatilganini tasdiqlaydi. Jamiyatning asosiy boshqaruv organi markaziy kengash bo‘lib, uning a’zolari qurultoyda ochiq ovoz berish yo‘li bilan ko‘pchilik ovozi asosida saylanishi ko‘rsatib o‘tilgan. Markaziy kengash raisi ham qurultoyda ochiq ovoz berish yo‘li bilan, ko‘pchilik ovoz bilan saylanadi. Nizomda, shuningdek, markaziy kengash prezidiumi markaziy kengash majlisida qurultoy a’zolari tomonidan emas, balki kengash a’zolari tomonidan saylanishi, markaziy kengash prezidiumi raisi esa, prezidium jamiyatning markaziy kengash ko‘rsatmalari va qarorlarini ijro etuvchi ishchi organi hisoblanganligi uchun, kengash a’zolari tomonidan saylanishi ham qayd etilgan. Markaziy kengash yig‘ilishi yiliga ikki marta, markaziy kengash prezidiumining yig‘ilishi esa har chorakda bir marta o‘tkaziladi va uning barcha qarorlari markaziy kengash tomonidan tasdiqlanadi. Shunday ekan, prezidium boshqaruv organi emas, balki ijro etuvchi organ hisoblanadi.

Qizig‘i shundaki, Adliya vazirligi o‘zining rad etish to‘g‘risidagi uchinchi javob xatida O‘zbekiston Yong‘in xavfsizligi jamiyatini tugatish to‘g‘risidagi Oliy sud qaroriga ishora qiladi. Biroq, ro‘yxatga olingan NNTlarning ochiq reyestrida ushbu tashkilot respublika bo‘ylab o‘zining barcha bo‘linmalari bilan hali ham ro‘yxatga kiritilgan. Mazkur tashkilot tugatilgan taqdirda ham, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasining 39-moddasiga ko‘ra, fuqarolar “kasaba uyushmalari, siyosiy partiyalar va boshqa jamoat birlashmalariga birlashish, ommaviy harakatlarda ishtirok etish huquqiga egadirlar”.

adliya vazirligi, дилмурод юсупов, is gazi, ннт, ннтларни ro‘yxatdan o‘tkazish

2023-yil 7-oktabr holatiga ko‘ra NNT portalining (e-ngo.uz) skrinshoti.

Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risidagi qonun talablarining buzilishi

NNTlarni ro‘yxatdan o‘tkazishdagi qog‘ozbozlik fuqarolarning mustaqil tashabbuskor guruhlari jamoat tashkilotini tuzish niyatidan voz kechishini ta’minlashga qaratilgan, degan asosli taassurot uyg‘onmoqda. O‘zbekiston is gaziga qarshi kurash jamiyati misolida ko‘rilgan NNTlarni ro‘yxatdan o‘tkazishning cheklovchi tartiblari “Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi qonun (MTQ) talablarini qo‘pol ravishda buzadi. Ta’sis hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishda ma’muriy organ tomonidan ariza beruvchiga ilgari yozma ravishda ma’lum qilinmagan rad etish sabablarining taqdim etilishiga yo‘l qo‘yilmasligi lozim.

O‘zbekiston is gaziga qarshi kurash jamiyatining ta’sis hujjatlarini ko‘rib chiqishda O‘zMTQning 45-moddasiga asosan, hujjatlarda xatoliklar aniqlangan taqdirda, Adliya vazirligi ma’muriy organ sifatida, qonun hujjatlarida boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, kamida 5 ish kuni muddat belgilagan holda, ariza beruvchiga xatolarni bartaraf etish imkoniyatini taqdim etishi shart.

MTQ Adliya vazirligi va uning bo‘linmalarining NNTlarni ro‘yxatga olish tartib-qoidalariga oid qarorlari bilan bevosita bog‘liq. Shundan kelib chiqib, NNTlarni ro‘yxatdan o‘tkazish MTQ tamoyillari va talablariga javob berishi uchun Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 10-martdagi 57-sonli qarorida ko‘rsatilgan “Nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi eskirgan nizomni qayta ko‘rib chiqish zarur.

Prezidentning 2018-yil 4-maydagi farmonida “nodavlat notijorat tashkilotlarini ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonlarini, ularning faoliyati tartibini belgilovchi qonunchilik normalarida ortiqcha byurokratik talablar va g‘ovlar nazarda tutilgan bo‘lib, bu normalar eskirgan va zamon talablariga javob bermasligi” aytib o‘tilgan. Biroq, hali ham Adliya vazirligi va tegishli davlat organlari tomonidan NNTlarni ro‘yxatdan o‘tkazish tartib-taomillaridagi mazkur byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmadi, bu borada amaldagi tartib esa anchadan beri hozirgi davr — O‘zbekistonda mustaqil va kuchli fuqarolik jamiyatini rivojlantirish talablariga javob bermaydi.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.