“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi kreditlari bo‘yicha asosiy qarzini to‘lash muddati foiz stavkalari o‘zgarmagan holda besh yilga uzaytirildi. Bu haqda prezidentning 10-oktabrdagi qarorida aytiladi, deya xabar beradi Adliya vazirligi “Gazeta.uz”ga.

Kreditlar Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki (O‘zmilliy bank) orqali jalb qilingan, shu sababli Markaziy bankka O‘zmilliybankka kreditlar bo‘yicha asosiy qarzni qaytarish muddatini istisno tariqasida aktivlar sifatini tasniflash talablari va jarimalarni to‘lash muddati uzaytirilishi munosabati bilan qo‘llamaslikni tavsiya qilinadi.

Kompaniyaning jamg‘arma oldida qanday qarzi borligi haqida ma’lumot berilmagan, biroq 2017-yilda jamg‘arma tomonidan Toshkent shahrida yerusti halqa metro liniyasi qurilishi uchun 140 million dollar ajratilgan va mablag‘lardan samarali foydalanish uchun “O‘zbekiston temir yo‘llari” mas’ul bo‘lgan.

Bundan tashqari, prezident Sanoatni rivojlantirish jamg‘armasiga (kapitali 1 milliard dollar) “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatiga istisno tariqasida, uning tarkibidagi korxonalar kafilligi asosida 150 million dollar miqdorida yillik 5% stavkada 10 yil muddat, shu jumladan, uch yillik imtiyozli davr bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri kredit ajratishni topshirdi. Mablag‘lar yuk va yo‘lovchi vagonlarini ishlab chiqarish hamda eksport hajmini oshirish uchun mavjud quvvatlarni oshirishga yo‘naltiriladi, deyiladi hujjatda.

Loyihalar va ular doirasida tuzilgan shartnomalarning texnik-iqtisodiy asoslari “Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” davlat unitar korxonasi ekspertizasidan o‘tkazilishi kerak.

2026-yil 1-yanvardan boshlab “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati va uning korxonalariga o‘zaro to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida tovarlarni sotish, ijaraga olish, sotib olish va yetkazish, shuningdek, xizmatlarni ko‘rsatishga ruxsat berildi.

O‘TYga istisno tariqasida harakatlanuvchi tarkibni ishlab chiqarish va ta’mirlash uchun zarur bo‘lgan asbob-uskunalar, tovarlar (ishlar, xizmatlar), butlovchi qismlar va ehtiyot qismlar, shuningdek, temir yo‘llarni ta’mirlash va qurish uchun ehtiyot qismlar, asbob-uskunalar va dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqarish korxonalar va ularning rasmiy dilerlari (distributorlari) bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida sotib olishga ruxsat etiladi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Transport vazirligi va “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJga istisno tariqasida 2026-yil 1-yanvarga qadar to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida eng yaxshi takliflarni tanlash orqali temir yo‘l sohasini isloh qilish doirasida xalqaro ekspertlar, konsalting, auditorlik va investitsiya maslahatchilari, shuningdek, investitsiya banklari va boshqa ixtisoslashtirilgan kompaniyalarni jalb etishga ruxsat berildi. Shu bilan birga, ular bilan tuzilgan shartnomalarni va ularga qo‘shimcha kelishuvlarni majburiy ekspertizadan o‘tkazish talab etilmaydi.

Avval xabar berganimizdek, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati negizida yil oxirigacha infratuzilma, yuk vagonlari va logistika, yo‘lovchi tashish (tezyurar poyezdlar uchun alohida) hamda vokzal boshqaruvi bo‘yicha alohida korxonalar tashkil etiladi. Davlat-xususiy sheriklik doirasida Toshkent, Samarqand va Qo‘qon temir yo‘l vokzallarini rivojlantirish rejalashtirilgan. Shuningdek, “Navoiy-Uchquduq” uchastkasini elektrlashtirish, “Toshkent-Angren” ikkinchi elektrlashtirilgan liniyasini qurish va boshqa loyihalar samaradorligini o‘rganish topshirilgan.