9-oktabr kuni “O‘ztransgaz” aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisiga o‘rinbosarlar tayinlandi, deya xabar bermoqda kompaniya matbuot xizmati.

Xususan, Raxmonov Muhsin Narzulloyevich kompaniya boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari — bosh muhandis lavozimiga tayinlandi.

U tayinlovga qadar “O‘ztransgaz” AJ Gazli magistral gaz quvurlari boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari — bosh muhandis lavozimida faoliyat yuritgan.

“ўзтрансgaz”, тайинлов
Muhsin Raxmonov. Foto: “O‘ztransgaz”

Baybayev Jahongir Baxtiyarovich kompaniya boshqaruv raisining qurilish va transport bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlandi.

Shu paytga qadar u Energetika vazirligi huzuridagi Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi — “O‘zenergoinspeksiya” Neft-gaz sohasida nazorat tadbirlarini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgan edi.

“ўзтрансgaz”, тайинлов
Jahongir Baybayev.

Safarov Shohjahon Ilhomovich kompaniya boshqaruv raisining transformatsiya masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari vazifasini vaqtincha bajaruvchisi etib tayinlandi.

Bu tayinlovga qadar u “O‘ztransgaz” AJ investitsiyalar va istiqbolli rivojlanish departamenti boshlig‘i lavozimida ishlayotgandi.

Eslatib o‘tamiz, avgust oyida “O‘zneftgazinspeksiya” rahbari o‘rinbosari sifatida ishlab kelgan Askar Isakov “O‘ztransgaz” boshqaruvi raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlangandi. “Gazeta.uz”ning aniqlashicha, kompaniyaning avvalgi rahbari Behzot Normatov 6 oycha oldin lavozimini tark etgan, biroq bu haqda rasman xabar berilmagan.