Shvetsiya Qirollik Fanlar akademiyasi iqtisodiyot bo‘yicha 2023-yilgi Nobel mukofotiga Garvard universiteti iqstisodchisi Klaudiya Goldinni loyiq topdi.

Asosiy nominatsiyalardan farqli ravishda ushbu mukofotni Alfred Nobel xotirasiga atab Shvetsiya milliy banki ta’sis etgan. Mukofot iqtisodiyot sohasidagi yutuqlar uchun beriladi.

Mukofot Klaudiya Goldinga ayollar mehnat bozorining samarasi tushunchasini kengaytirishda xizmat qilgan tadqiqotlari uchun berildi. U mehnat bozoridagi gender farqlarining asosiy omillarini ochib bergan, asrlar davomida ayollarning daromadlari va mehnat bozoridagi ishtiroki haqida birinchi bo‘lib to‘liq ma’lumotni taqdim etgan.

“Ayollar jahon mehnat bozorida juda kam ulushlarni tashkil qiladi va ular erkaklardan ko‘ra kamroq maosh oladi. Klaudiya Goldin arxivlarni o‘rganib chiqib, birgina AQSh misolida 200 yillik ma’lumotlarni to‘pladi. Bu unga yillar davomida daromadlar va bandlik darajasidagi gender farqlari qanday va nima uchun o‘zgarganini ko‘rsatishga imkon berdi”, — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, endilikda Nobel-2023 haftasini yopiq deya e’lon qilish mumkin. Laureatlarni taqdirlash marosimi 10-dekabr kuni — Alfred Nobelning vafot etgan sanasida o‘tkaziladi.

Mukofotning sovrin jamg‘armasi o‘n million shved kroni yoki taxminan 900 ming dollarni tashkil qiladi. Shuningdek, sovrindorlar oltin medallar va diplomlar bilan taqdirlanadi.

Boshqa yo‘nalishlarda taqdirlanganlar haqida ma’lumotni quyida o‘xshash xabarlar orqali tanishib chiqish mumkin.