Ridetech International (Niderlandiyada ro‘yxatdan o‘tgan, Yandex Go xizmatlarini taqdim etadi) O‘zbekistonning soliq rezidentiga aylanadi va 1-dekabrdan keyin ham o‘z faoliyatini davom ettiradi. Bu haqda “Gazeta.uz”ga kompaniya matbuot xizmati Soliq qo‘mitasining soliq rezidenti sifatida ro‘yxatdan o‘tish va belgilangan soliqlarni to‘lash zarurligi haqidagi bayonotiga javoban ma’lum qildi.

“Biz Soliq qo‘mitasi bilan mahalliylashtirish bo‘yicha muloqot olib bormoqdamiz va bozor amaliyotini takomillashtirish bo‘yicha hamkorlikda ishlayapmiz”, — deyiladi kompaniya xabarida.

Soliq qo‘mitasi o‘z bayonotida Yandex Go soliq organlari axborot tizimi bilan integratsiyalashuvni ta’minlash va mijozlarga avtomatik shakllantiriladigan fiskal chek taqdim etishi kerakligini ta’kidlagan.

Agar bu talablar 1-dekabrga qadar bajarilmasa, Soliq qo‘mitasi Raqamli texnologiyalar vazirligiga Yandex Go kompaniyasining O‘zbekiston hududida agregator sifatida foydalanib kelinayotgan elektron platformadan foydalanishni bloklash bo‘yicha rasmiy murojaat yubormoqchi.

“Safarlarga onlayn buyurtma berish xizmatlaridagi fiskal tushumlar bozor uchun yangilik va integratsiya nuqtai nazaridan ko‘p mehnat talab qiladigan jarayondir. Biz ushbu sohada SQ bilan hamkorlikni boshlagan mamlakatdagi birinchi platformamiz”, — deydi Yandex Go.

Mart oyida sobiq iqtisodiyot va moliya vaziri Sherzod Kudbiyev Yandex Go`ning soliqqa tortilishi hamda O‘zbekistondagi taksi bozori bilan bog‘liq vaziyatni sharhlab, Iqtisodiyot va moliya vazirligi bozorda teng imkoniyatlar yaratuvchi takliflar ishlab chiqishini ma’lum qilgandi.

Mart oyi oxirida Ridetech International vakillari Toshkentda Soliq qo‘mitasi va Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasida uchrashuvlar o‘tkazgandi. Unda Yandex Go foydalanuvchilariga fiskal cheklar berish bo‘yicha ishlar rejasi belgilab olinib, 1-apreldan haydovchi va yo‘lovchilar sug‘urtalanishi e’lon qilingandi.

OAV va blogerlar kompaniya O‘zbekistonda daromad solig‘i to‘lamasligi, bu esa mahalliy raqobatchilarga qaraganda ustunlik berishi, cheklar berilmasligi haqida bir necha marta yozgan.