O‘zbekistonda chang bo‘ronlariga sabab bo‘luvchi 2 ta omil mavjud. Bu haqda Gidrometeorologiya xizmati agentligi rahbariyati ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

Anjumanda qayd etilishicha, chang bo‘ronlarini quyidagi omillar keltirib chiqaradi.

Tashqi omillar:

  • Qozog‘iston, Turkmaniston va Afg‘oniston hududlarida global iqlim o‘zgarishi ta’sirida yomg‘ir miqdori keskin kamaygani, suv havzalari qurishi fonida sug‘oriladigan yerlarning degradatsiyaga uchrashi sababli cho‘llanish avj olib, kuchli bo‘ronlar sodir bo‘lmoqda va qum-chang ko‘tarilib, O‘zbekiston hududiga kirishi;
  • O‘zbekistoning G‘arbiy (Buxoro) va Janubiy (Qashqadaryo va Surxondaryo) viloyatlariga esa, Turkmaniston va Shimoliy Afg‘onistonning (Afg‘on shamoli) cho‘l hududlarida ko‘tarilgan qum va changlar bo‘ronlar orqali kirib kelishi.

Ichki omillar:

  • mamlakatda cho‘llanish va yaylovlar degradatsiyasining avj olishi;
  • qurilish maydonlari sonining ortishi oqibatida shamol fonida unda chang va qum zarrachalarining havoga ko‘tarilishi;
  • atmosferaga sanoat korxonalari va avtomashinalar tomonidan zararli tutunlarning chiqarilishi.

Ta’kidlanishicha, O‘zgidromet agentligining Atrof-muhit sifati monitoringi boshqarmasi 26 ta shaharning 74 ta statsionar kuzatuv punktlarida havo ifloslanishini kuzatadi. Ulardan 66 ta statsionar postlarda kuniga 3 marta havodan namuna olish amalga oshiriladi.

Respublikaning 7 ta — Jizzax, Guliston, Samarqand, Termiz, Nukus, Urganch va Toshkent shaharlarida o‘rnatilgan 8 ta zamonaviy avtomatik monitoring stansiyalarida “Horiba” onlayn kuzatuvlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, atmosfera havosi sifatini marshrut kuzatuvlari mobil ekologik laboratoriya yordamida amalga oshiriladi.

Mazkur kuzatish punktlari atmosfera havosini ifloslantiruvchi 12 turdagi tashlamalar monitoring qilinadi. Joriy yilda atmosfera havosidan Toshkent shahrida 23 mingtadan ziyod, butun tarmoq bo‘yicha 98 mingta namunalar olindi va tahlil qilindi. Buxoro, Termiz, Toshkent shaharlarida atmosfera havosini mayda chang zarralari RM10 bilan yuqori darajada ifloslanishi holatlari qayd etildi.

Shuningdek, Gidrometeorologiya xizmati agentligi qayd etishicha, havo harorati +40 daraja va undan yuqori bo‘lgan kunlar soni ortgan. Cho‘l hududlarida, respublikaning shimoli va janubida g‘ayritabiiy issiq kunlar soni 25−40 kungacha uzaydi. Odatda 15−30 kun davom etgan.

Quruq davrlarning davomiyligi ko‘paydi, bu esa atmosfera qurg‘oqchiligi va suv taqchilligi oshishiga olib keladi. So‘nggi yillarda atmosfera qurg‘oqchiligi bo‘lgan kunlar soni 50−80 kunni tashkil etib, o‘rtacha ko‘p yillik qiymatlardan ortmoqda (30−70 kun).