O‘zbekistonda 2023-yilgi qish mavsumida anomal hodisalar bo‘lishi kutilmayapti. Bu haqda 5-oktabr kuni AOKAda ob-havo o‘zgarishi borasida o‘tkazilgan matbuot anjumanida O‘zgidromet xizmati agentligining Gidrometeorologik ta’minot boshqarmasi boshlig‘i Azimjon Narzullayev ma’lum qildi.

“Qish mavsumi haqida gapiradigan bo‘lsak, 2023-yilning yanvar oyida bo‘lgani kabi anomal hodisalar kutilmayapti. 2023−2024-yillarning qish mavsumida havo harorati −7…−12 darajagacha, shimolda −17…−22 darajagacha tushishi mumkin. Ob-havoda qisqa muddatli bunday sovuq tushishlar odatiy hol hisoblanadi”, — dedi O‘zgidromet boshqarmasi vakili.

Uning so‘zlariga ko‘ra, gidrometeorologiya sohasida faoliyat yuritadigan barcha davlatlarning tajribasidan kelib chiqilsa, 3 kunlik ob-havo prognozlarining oqlanish darajasi yuqori, 5 kunlikniki esa 80−90 foizni tashkil etadi. 1 oy avval beriladiganlari esa normaga nisbatan iqlimiy ma’lumotlar hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yilning yanvar oyida O‘zbekiston hududiga Volgabo‘yi hududlaridan Rossiyaning Yevropa qismidagi shimoliy hududlarida shakllangan sovuq havo massasi kirib kelishi hisobiga respublika bo‘yicha anomal sovuq ob-havo kuzatilgan.

Havo harorati kechalari −12…−17 darajagacha, kunduz kunlari −5…−8 darajacha, shimolda kechalari −17…−22 darajagacha, Ustyurtda va cho‘l hududlarda ba’zi joylarda −25…−27 darajagacha, kunduz kunlari −7…−10 darajagacha, janubda va Farg‘ona vodiysida esa kechalari −5…−10 darajagacha, kunduz kunlari −2…−5 darajagacha pasaygan.

Anomal sovuq sabab tashqaridagi bankomatlar pul chiqarmay qolishi holatlari kuzatilgan, zavod va boshqarmalarning siquv kompressor stansiyalaridagi gaz haydash agregatlarida avariyali holatda to‘xtashlar sodir bo‘lgan, maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ta’til e’lon qilingan, maktab va litsey o‘quvchilari, shuningdek, davlat oliy o‘quv yurtlari talabalarining qishki ta’tillari uzaytirilgan.

Jumladan, energiya ta’minotida dekabrdan keyin yana inqiroz yuzaga keldi. Ilgari faqat viloyatlarda elektr energiya va gaz yetkazib berishda uzilishlar kuzatilgan bo‘lsa, bir necha yildan beri poytaxtliklarni ham ushbu muammolar qurshab olgan. Ayni izg‘irin sovuq kunlarda O‘zbekistonning turli hududlari va Toshkent aholisi “svet” va gazsiz qanday kun kechirgani borasida “Gazeta.uz” aholi vakillari bilan suhbatlashgandi.

“Gazeta.uz”, shuningdek, anomal sovuqdan O‘zbekiston sanoati qanday zarar ko‘rgani haqida ham yozgan.