29-sentabr kuni O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov bir qator rasmiylar bilan yana Sergeli tumanida portlash sodir bo‘lgan Quruvchilar massiviga borib, fuqarolarga davlat rahbarining voqeadan xabardorligini etkazdi. Prezident administratsiyasiga yaqin bo‘lgan Telegram-kanali uning aholi bilan suhbatlashgani aks etgan videoni e’lon qildi.

Unda hududda yashovchi fuqaro bosh vazirga holat haqida aytgan va yordam berganlardan minnatdorligini bildirgan. Bosh vazir bunga javoban prezidentning holatdan doimiy xabardorligi haqida gapirgan.

“[Prezident] Germaniyada bo‘lib, kechasi 1 da hokimga telefon qilgan, menga telefon qilgan. Ertalab 8 da yana telefon qildi menga. Men aytdim, … odamlarning hammasini jalb qildik, kechasi bilan ishlashdi. Shuning uchun hurmatli prezident safarda bo‘lsa ham sizlar ularning e’tiboridan chetda qolmaysizlar. Xavotir olmanglar. Butun xalqimiz prezidentning himoyalarida, e’tiborlarida”, — dedi bosh vazir.

Shundan so‘ng yig‘ilganlar duo o‘qib, o‘z ishini davom ettirdi.