Toshkent shahrining Sergeli tumanida yuz bergan portlash bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi, deya xabar bermoqda Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, IIV Tergov departamenti tomonidan Jinoyat kodeksining 259-moddasi (Yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismi “a” va “b” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

“Hozirda jinoyat ishi yuzasidan tegishli idoralarning mutaxassislaridan iborat tergov-tezkor guruhi tuzilgan bo‘lib, yong‘in kelib chiqish sabablarini aniqlash maqsadida sudga oid tegishli ekspertizalar tayinlangan hamda kechiktirib bo‘lmaydigan tergov harakatlari amalga oshirilmoqda”, — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yilning 28-sentabr kuni soat 02:43 da Toshkent shahri Sergeli tumani Xonobod ko‘chasi 3-uy manzilida joylashgan Inter Logistics MCHJga qarashli 18,4 gektar yer maydonda joylashgan omborxonada taxminan 10 000 kv. metr maydonda yong‘in kelib chiqqan. Yong‘in sabab omborxonada kuchli portlash sodir bo‘ldi.

Portlash zarba to‘lqini natijasida omborxona atrofida joylashgan bir nechta ko‘p qavatli uylarga, binolarga hamda transport vositalariga shikast yetgan. 163 nafar fuqaro jarohatlangan.

Portlashda 2006-yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan fuqaro olgan jarohati oqibatida vafot etgani ma’lum bo‘ldi.

Hodisa tafsilotlarini o‘rganish bo‘yicha hukumat komissiyasi tuzilgan.