O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi mahalliy ishlab chiqaruvchi Samo kompaniyasidan 3,55 mln quti “Antistrumin” (kaliy yodid) dori vositasini tendersiz sotib olgan. “Gazeta.uz” davlat xaridlari portalidan bu haqdagi ma’lumotlarini o‘rganib chiqdi.

2022-yil 24-mart kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi o‘z saytining tenderlar bo‘limida O’zmedimpex ishchi organi tomonidan 120 mln tabletka miqdorida 1 mg (0,001) kaliy yodid sotib olishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi. Yetkazib beruvchilardan tovarlarning dastlabki texnik kvalifikatsiyasini o‘tkazish va xaridlar budjetini aniqlash uchun tijoriy takliflarini kiritish so‘ralgan. Shartlarda birlamchi qadoqda “sotish mumkin emas” deb ko‘rsatilishi kerakligi aytilgan.

Shu yilning 30-may kuni O’zmedimpex Samo farmatsevtika kompaniyasi bilan 6,6 mlrd so‘mlik 1,2 mln quti “Antistrumin” preparatini yetkazib berish bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib berish shartnomasi tuzdi. Bitta qadoqning narxi 5500 so‘m.

2023-yil aprel oyida Sog‘liqni saqlash vazirligi yana kaliy yodid sotib olinishini e’lon qildi. Vazirlik 3,54 mln qutiga (ichida 100 dona tabletka bo‘ladi) dori talabi borligini va 2,35 mln o‘ramni sotib olayotganini ma’lum qildi. Boshlang‘ich narx — 6500 so‘m (import qiluvchilar uchun — 1 dollar) etib belgilandi, budjet — 15,27 mlrd so‘m.

4-may kuni O’zmedimpex yana Samo kompaniyasi bilan yetkazib berish hajmi 2,35 mln qadoq (har bir o‘ram uchun 6500 so‘m) bo‘lgan 15,27 mlrd so‘mlik shartnoma imzoladi. Xarid komissiyasi bayonnomasida qayd etilishicha, tijorat taklifi faqat bitta — Samo kompaniyasidan kelgan.

Shunday qilib, Samo kompaniyasidan 3,55 qadoqdagi “Antistrumin”ning umumiy xarid narxi 21,875 mlrd so‘mni tashkil etdi.

samo, антиструмин, bolalarning zaharlanishi, davlat xaridlari, yod ishи, kaliy yodid

Yuqorida ta’kidlanganidek, 2022-yilda dori bir o‘rami 5500 so‘mdan xarid qilingan bo‘lsa, joriy yilda 6600 so‘mdan sotib olingan. Dorixonalarda esa 3000 so‘mdan chakana narxda (bu narx med24.uz va apteka.uz saytlarida ko‘rsatilgan, biroq keyinroq olib tashlandi), ya’ni 1,8−2,2 barobar arzon (ulgurji narxi bundan ham pastroq bo‘lishi kerak) sotilgan.

“Gazeta.uz” Toshkentda Samo kompaniyasi ishlab chiqargan “Antistrumin” dorisi sotilayotgan “Farzona Farm Pro” dorixonasiga qo‘ng‘iroq qilib, uning 3000 so‘mdan sotilgani tasdig‘ini oldi, biroq ayni paytda dori sotuvda mavjud emas.

O’zmedimpex kaliy yodid sotib olayotganda ochiq tanlov o‘tkazilgani, uning doirasida Sog‘liqni saqlash vazirligi kelib tushgan takliflarni baholaganini ta’kidladi (eslatib o‘tamiz, Samo kompaniyasidan faqat bitta taklif olingan).

Lotlar O‘zbekiston prezidentining 2018-yil 27-sentabrdagi qarori doirasida davlat buyurtmachilari tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha xarid qilinadigan tovarlar ro‘yxatiga Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan davlat xaridlari sohasidagi vakolatli organ bilan kelishilgan holda tasdiqlanadigan ro‘yxat bo‘yicha dori vositalari va tibbiyotda qo‘llaniladigan buyumlar ham kiritilgan. Biroq mazkur ro‘yxatni ochiq manbalardan topib bo‘lmadi.

Bolalarning ommaviy zaharlanishi

Namangan viloyatida kamida 71 nafar bola kasalxonaga yotqizilgani (jami 450 nafar bola haqida xabar berilgan) ma’lum bo‘lgach, O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi 22-sentabrdan “Antistrumin” №100 tabletkalaridan foydalanishga cheklov joriy qilgan edi. Andijon viloyati hokimligi “Antistrumin” preparatini qabul qilgan 12 nafar bola kasalxonaga yotqizilgani haqida xabar berdi.

Biroq ko‘p o‘tmay Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonova “oziq-ovqat yoki dori-darmondan zaharlanish gumonlari hali tasdiqlanmaganini” aytdi. U bolalarda O‘RVI bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi.

Toshkent shahridagi tez tibbiy yordam markazining toksikologiya bo‘limlariga ham o‘nlab bolalar zaharlanish belgilari, isitma, oshqozon buzilishi bilan yotqizilgan. Ota-onalar farzandlari yod iste’mol qilganidan keyin kasal bo‘lib qolishganini aytishdi. Shifokorlar esa preparat bilan hech qanday aloqasi yo‘qligini ta’kidlamoqda.

Yuzlab bolalar kasalxonaga yotqizilgani holati bo‘yicha jinoiy ish ochildi. Dushanba kuni preparat ishlab chiqariladigan zavodda tekshiruv boshlangani ma’lum bo‘ldi.

Prezident matbuot xizmati avvalroq davlat rahbari bolalarning kasalxonaga yotqizilishi bilan bog‘liq vaziyatdan “chuqur tashvishda” ekanini ma’lum qilgandi. Davlat rahbari topshirig‘iga ko‘ra prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva Namangan viloyatiga tashrif buyurdi.