Aktrisa va boshlovchi Nilufar Hamidova “O‘zbekkonsert” davlat muassasasidan uzun kesmali ko‘ylagi uchun ogohlantirish oldi, deb xabar qildi tashkilot matbuot xizmati. Tashkilot aktrisaning fotosuratlarini e’lon qilarkan, oyoq va ko‘ylakning tepa qismini xiralashtirdi.

“So‘nggi paytlarda konsert-tomosha sohasida artistning odob-axloq qoidalariga zid bo‘lgan xatti-harakatlar qilishi hamda tomoshabinlarning his-tuyg‘ularini haqorat qiluvchi, konsert tadbirlarida repertuaridagi saviyaviz va noo‘rin qo‘shiqlar kuylagani, axloqsizlik g‘oyalarini targ‘ib qiluvchi holatlarga yo‘l qo‘ygani uchun ayrim ijodkorlar ijtimoiy tarmoqlar orqali tomoshabinlar va san’at muxlislarining haqli e’tirozlariga hamda muhokamalariga sabab bo‘lmoqda”, — deyiladi xabarda.

Muassasa xabariga ko‘ra, Nilufar Hamidova “Million” ijodiy jamoasi konsert dasturida tashkilotchilarning e’tiroziga qaramay, “ochiq libosda” sahna ko‘rinishini taqdim etgan. Bu harakati bilan u konsert-tomosha faoliyati uchun berilgan litsenziya talab va shartlarini buzgan, deya ma’lum qildi “O‘zbekkonsert”.

Ijtimoiy tarmoqlardagi videoda aktrisaning uzun kesmali ko‘ylakda rolini qanday ijro etayotganini ko‘rish mumkin. “Bu „Ochiqchasiga gaplashamiz“ ko‘rsatuvi, „Ochiqchasiga ko‘rsatamiz“ emas”, — deydi konsert ishtirokchilaridan biri. Shundan so‘ng Hamidova ko‘ylagi bilan oyoqlarini yopadi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarga ko‘ra, u ushbu konsertda turli xil liboslarda ishtirok etgan.

niлuфар hamидоva, ўзбекkonsert

“O‘zbekkonsert” xodimlari Nilufar Hamidova bilan suhbat o‘tkazib, bundan buyon litsenziya talab va shartlariga rioya qilishi to‘g‘risida ogohlantirgan. “Agarda shu kabi holat yana takrorlanadigan bo‘lsa, unda qonuniy chora ko‘riladi”, — deyiladi xabarda.

Shuningdek, bu borada “Million” ijodiy jamoasi rahbari Davron Kabulov bilan ham suhbat o‘tkazilib, jamoaning keyingi dasturlariga aktrisani jalb etmaslik masalasi ko‘rib chiqilgan.

niлuфар hamидоva, ўзбекkonsert
Davron Kabulov. Foto: Instagram/davron_kabulov.

Fevral oyida xonanda Kaniza “axloqsiz” videolari uchun litsenziyasidan bir oyga mahrum qilingandi. Uning aytishicha, tanqidlarga sabab bo‘lgan videoda qo‘shiqchi “ishtonsiz” bo‘lmagan, balki odam terisi rangidagi shim kiygan. U “O‘zbekkonsert”ni tanqid qilib, madaniyat vazirining “saroyiga” tashrif buyurishini aytgan.

2019-yilning noyabr oyida xonanda Lola Yo‘ldosheva “Sevgingni menga ayt” qo‘shig‘iga muqobil klip taqdim etib, unda san’atkorlar ijodini ma’naviyat va mentalitetga moslashtirishga urinishlarni kinoyali tarzda ko‘rsatib bergan.

2018-yilda “Gazeta.uz” koluministi Nikita Makarenko jamiyatni “provokatsion” kliplar emas, jaholat va korrupsiya buzayotgani, “O‘zbekkonsert” aksiyadorlik jamiyati xatti-harakatlari so‘z erkinligini himoya qiluvchi Konstitutsiyaga zid ekani haqida yozgandi.