30-aprel kuni “2024-yilda ipoteka kreditlarini ajratish mexanizmlarini takomillashtirish va aholining uy-joy sharoitlarini yaxshilashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident farmoni [PF-70-son] qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qildi.

Farmonga ko‘ra, Ipotekani qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etiladi. 2024-yil 1-maydan quyidagi tartiblar o‘rnatiladi:

  • birlamchi uy-joy bozoridagi kvartiralarni sotib olish uchun ipoteka kreditlarini ajratishda ipoteka predmetini sug‘urta xavflaridan sug‘urta qilish talabi bekor qilinadi;
  • ko‘p qavatli uy-joylarni qurish huquqi “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimidagi elektron reyting bahosi “S” va “SS” bo‘lgan qurilish tashkilotlariga ham beriladi. Bunda, elektron reyting bahosi “S” bo‘lgan tashkilotlarga 5 qavatdan yuqori bo‘lmagan, “SS” bo‘lgan tashkilotlarga — 9 qavatdan yuqori bo‘lmagan uy-joylarni qurishga ruxsat etiladi;
  • 2025-yil 1-yanvargacha belgilangan yangi qurilish va maxsus texnikalarning importida bojxona bojining nol stavkasi qo‘llaniladi;
  • “Yangi O‘zbekiston” massivlarida ko‘p qavatli uy-joylar qurilishida ishtirok etadigan qurilish tashkilotlarining aylanma mablag‘larini to‘ldirish uchun budjetdan 500 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi;
  • qurilish tashkilotlariga Toshkent shahrida — 9 va undan yuqori, boshqa shaharlarda — 7 va undan yuqori, qishloq joylarda — 5 va undan yuqori qavatli uy-joylar qurish uchun ajratilgan milliy valyutadagi kreditlar bo‘yicha 24 oydan ortiq bo‘lmagan muddatga “1+1” tamoyili asosida hududlarning toifasidan kelib chiqib kafillik va kompensatsiyalar taqdim etiladi.

Farmonga muvofiq, 2025-yil 1-yanvardan qurilish tashkilotlariga “yashil” uy-joy standartlari talablari asosida ko‘p kvartirali uy-joylarni qurish uchun Markaziy bankning asosiy stavkasidan bir foiz bandga yuqori stavkada kreditlar ajratiladi.

2024-yil 1-oktabrgacha “yashil” uy-joy standartlari tasdiqlanadi. 2025-yil 1-aprelgacha “yashil” uy-joy standarti talablari asosida qurilgan uy-joylarni sotib olish uchun jismoniy shaxslarga “yashil” ipoteka kreditlarini ajratish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.