“Ziki eski shahar” laqabi bilan tanilgan va 2023-yil dekabr oyida o‘tkazilgan reyd chog‘ida hibsga olingan Lutfilla Umarovga nisbatan hukm o‘qildi. Bu haqda Toshkent shahri sudlari “Gazeta.uz”ga xabar qildi.

Sud hukmi hujjatiga ko‘ra, sudlanuvchi 2023-yil may oyi oxirida Toshkent shahridagi jarlik hududidan 12 dona ko‘knori o‘simligi boshiqlarini topib, shamollashga qarshi dori deb do‘stiga saqlash uchun bergan.

7-dekabr kuni huquq-tartibot idoralari xodimlari tanishining xonadonini ko‘zdan kechirish chog‘ida umumiy massasi 9,64 gramm bo‘lgan, tarkibida opiy guruhiga mansub bo‘lgan alkoloidlar (kodein, tebain) bo‘lgan ko‘knori boshoqlari aniqlangan.

Sud hukmiga ko‘ra, Lutfilla Umarov Jinoyat kodeksining 273-moddasi 2-qismi (Giyovandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab ko‘p bo‘lmagan miqdorda qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki jo‘natish, shuningdek ularni ko‘p bo‘lmagan miqdorda qonunga xilof ravishda o‘tkazish) bilan aybdor deb topilib, 6 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

Aybdor jazoni umumiy tartibdagi koloniyada o‘tashi belgilandi.

Avvalroq “Salimboy” nomi bilan tanilgan tadbirkor Salim Abduvaliyev o‘qotar qurollarning noqonuniy muomalasida ayblanib, 6 yilga ozodlikdan mahrum qilingandi.