So‘nggi kunlarda O‘zbekiston va Qirg‘izistondan borgan migrantlarning aeroport va quruqlikdagi nazorat punktlarida Rossiyaga kirishi ommaviy ravishda cheklanayotgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi bu holat bo‘yicha ma’lumot berdi.

Tarqalgan xabarlarda aytilishicha, Rossiya shu vaqtgacha boshqa biror davlat fuqarolariga mamlakatga kirishda bunday keng miqyosdagi taqiqni qo‘ymagan, migrantlarni kirish vaqtida ommaviy hibsga olish 24-aprel kuni boshlangan. 1-mayga qadar Rossiya aeroportlarida 4500 ga yaqin odam to‘plangan va taxminan shuncha odam yerusti nazorat punktlarida federatsiyaga kiritilmagan, deyiladi xabarda.

Keltirilishicha, chegarada ushlab turilganlarning yarmiga yaqini O‘zbekiston, chorak qismi Tojikiston, qolgani asosan Qirg‘iziston fuqarolaridir.

“Huquq himoyachisi Valentina Chupik 24-apreldan beri chegarachilar tomonidan to‘xtatilgan migrantlardan ikki yuzga yaqin so‘rov olgan. Odamlarning aksariyati ikki kun ichida ortga qaytarib yuborilmoqda, ammo ba’zi hollarda bu bir haftagacha davom etishi mumkin. Ushlanganlar ularga ovqat va suv berilmayotganidan, hojatxonaga chiqolmayotgani, telefonlari olib qo‘yilganidan va holat bo‘yicha hech narsa tushuntirilmayotganidan shikoyat qilmoqda”, — deyiladi xabarda.

Shuningdek, Rossiyaga ro‘mol o‘ragan ayollar va soqolli erkaklar kiritilmayotgani haqida ham so‘z borgan. Kirishi taqiqlanganlarning aksariyati avval ham Rossiyada ishlagan fuqarolardir, deya ta’kidlaydi huquq himoyachisi.

O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi holat bo‘yicha Rossiyadagi vakolatxona bilan bog‘langanini xabar qildi. Unga ko‘ra, vaziyatni o‘rganish maqsadida Moskva shahridagi aerportlarning mas’ul xodimlari bilan bog‘lanilgan.

“Moskva shahridagi Domodedovo, Vnukovo, Sheremetevo ayeroportlarida O‘zbekiston fuqarolarining Rossiya hududiga qo‘yilmayotgani yoki uzoq vaqt davomida ushlab turish holatlari kuzatilmayotgani aniqlandi”, — deyiladi izohda.

Keltirilishicha, avtomashinalar orqali Rossiyaga kirib boriladigan Orenburg, Samara, Saratov viloyatlaridagi “Ozinki”, “Mashtakovo”, “Sagarchin” bojxona chegara postlaridagi holatlar ham o‘rganilgan. Ushbu chegara postlari doimiy ish tartibida ishlayotgani, O‘zbekiston fuqarolari biron-bir to‘siqlarsiz Rossiya hududiga kirayotgani malum bo‘ldi, deya xabar berdi agentlik.

Avvalroq Tojikiston TIV mamlakat fuqarolariga “jiddiy zaruratsiz” Rossiyaga sayohat qilishdan vaqtincha tiyilishni tavsiya qilgandi. Bungacha so‘nggi bir necha hafta ichida fuqarolarning Rossiyaga kirishiga ommaviy to‘sqinlik qilinayotgani aytilgandi.

Rossiya TIV Rossiya va Qozog‘iston chegarasida xorijliklarni tekshirish zaruriyatini “terrorchilik tahdidining saqlanib qolayotgani” bilan izohlab, “chegarani kesib o‘tgan shaxslarning fuqaroligidan qat’i nazar” barchasi tekshirilayotganini ma’lum qilgan.

  • 22-mart kuni Moskva viloyatidagi “Krokus siti holl” konsert zaliga bir necha qurollangan shaxs bostirib kirib, o‘t ochgan. Terakt oqibatida 140 dan ortiq kishi halok bo‘lgan, 360 dan ortiq kishi jarohatlangan, 11 kishi teraktni sodir etganlikda gumonlanib hibsga olingan, asosiy ayblanuvchilar sifatida Tojikistonlik migrantlar ko‘rilgan. Shuning fonida Rossiyada migrantlarga qarshi choralar, masalan, viza rejimini joriy etish, huquqbuzarliklar uchun deportatsiya qilish, shuningdek, patentlarni cheklash kabilar haqida munozaralar kuchaydi.

29-aprel kuni Tojikiston tomoni Rossiyada fuqarolarining huquqlari “keng miqyosda poymol etilayotganidan” xavotir bildirib, Rossiya elchisiga norozilik notasi topshirdi.