Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumanida maktab o‘quvchisi 5 yoshli bolani otib qo‘ydi. Bu haqda Zo‘rTV telekanalining “Bu kun” dasturida xabar berildi.

Tumanning “Karnaychi” mahallasida yashovchi bola uyi orqasidagi xo‘jalikda ishlovchi otasini ovqatlanishga chaqirish uchun oldiga borgan. Shu paytda uning mahalladoshi pnevmatik qurol bilan otib qo‘ygan. Gumonlanuvchi qurolda o‘q borligini bilmagan.

“Yaqinligi uchun har doim dadasini chaqirgani borib kelardi. O‘sha yerda dadasini oldida o‘tirganida u bola so‘rini tagidagi miltiqni olib, o‘qi yo‘q deb o‘ylab otib yuboribdi. 7−8 sinf yoshlaridagi bola, ikkita mahalla narida turardi, biz tarafga suv olish uchun kelib turishardi”, — dedi jarohatlangan bolaning onasi.

Shifokorlarning aytishicha, jarrohlik amaliyoti 5 soat davom etgan. Pnevmatik qurolning o‘qi chap o‘pkadan o‘tib, yurakning chap qorinchasiga kirib qolgan.

“Yurakni to‘liq to‘xtatgan holda, o‘qni olib tashladik. Hozirda bolaning ahvoli yaxshi”, — dedi shifokor.

Hozirda mazkur holat Qo‘shtepa tumani IIB tomonidan tegishli tartibda o‘rganilib, tergovga qadar tekshiruv ishlari davom etmoqda.