Davlat xavfsizlik xizmati Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hududlarda o‘tkazgan tezkor tadbirlar davomida qalbaki valyutalarning muomalaga chiqarilishiga chek qo‘ydi, deya xabar bermoqda DXX matbuot xizmati.

Xususan, Sirdaryo viloyati Oqoltin tumanida yashovchi 25 yoshli shaxs 2 nafar fuqaroning ishonchiga kirib, ulardan biriga 10 ming, ikkinchisiga esa 4 ming, jami 14 ming qalbaki dollarni o‘tkazmoqchi bo‘lgan vaqtida ushlandi.

Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanida yashovchi, muqaddam sudlangan 34 va 37 yoshli shaxslar xaridorga qalbaki 10 ming dollarni 5 ming dollarga sotishga kelishgan. Ular qalbaki 8300 dollarni berib, qolganini tez kunda yetkazishlarini aytgan va 5 ming dollarni olgan vaqtlarida ushlangan.

Navoiy viloyati Qiziltepa tumanida va Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanida yashovchi 1993−1997-yillar oralig‘ida tug‘ilgan 3 nafar shaxs 200 ming so‘mlik qalbaki kupyuralardan iborat 400 mln so‘m qalbaki pullarni 160 mln so‘mga sotayotgan vaqtlarida qo‘lga olingan.

Shuningdek, ular tomonidan qalbaki pullar tayyorlangan savdo do‘koni binosi ko‘zdan kechirilganda kupyuralar tayyorlashda foydalanilgan noutbuk, rangli printer, skaner, qog‘oz kesuvchi uskuna, 14 dona qalbaki 200 ming so‘mlik, 1 dona 100 ming so‘mlik va 8 dona oq qog‘ozning bir tomoniga chop etilgan 200 ming so‘mlik kupyuralar borligi aniqlanib, tegishli tartibda hujjatlashtirib olingan.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.