Eron parlamenti 20-sentabr kuni ayollar majburiy islomiy kiyinish qoidalarini buzganliklari uchun jazoni kuchaytiruvchi “Hijob va iffat to‘g‘risida”gi qonunni ma’qulladi, deb xabar beradi Al Jazeera.

Parlamentning 152 nafar deputati qonunni yoqlab ovoz bergan, 34 nafar deputat qarshi, 7 nafari betaraf qolgan. Qonun uch yil muddatga eksperimental tarzda amal qiladi. Endi u din arboblari va huquq bo‘yicha ekspertlardan iborat Eronning parlamentdan yuqori maxsus organi — Konstitutsiyani qo‘riqlash kengashi tomonidan tasdiqlanishi kerak.

Qonunga ko‘ra, ayollarning “tor kiyim, shuningdek, bo‘yin ostidagi, to‘piqdan yuqorida yoki bilakdan yuqorida tananing qismlarini ko‘rsatadigan kiyim” kiyishlari mumkin emas. Erkaklarga esa “tananing ko‘krak ostidagi, to‘piqlari yoki yelkalari ustidagi qismlarini ko‘rsatadigan ochiq kiyim” kiyish taqiqlanadi. Hujjat jami 70 dan ortiq moddadan iborat.

BBC News aniqlik kiritishicha, jamoat joylarida nomaqbul kiyim kiygan holda qo‘lga olingan odamlar “to‘rtinchi darajali” jazoga tortiladi. Eron Jinoyat kodeksiga ko‘ra, bu 5 yildan 10 yilgacha qamoq jazosi va 180 dan 360 million rialgacha (3600 dollardan 7300 dollargacha) jarima solish degani.

Shuningdek, qonun “uyushgan tarzda” yohud “xorijiy yoki dushman hukumatlar, ommaviy axborot vositalari, guruhlar yoki tashkilotlar bilan hamkorlikda” kiyinish qoidalari buzishni targ‘ib qilgan shaxslarga 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etishni nazarda tutadi.

Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda “yalang‘ochlikni targ‘ib qiluvchi” yoki “hijobni masxara qiladigan” shaxslar, shuningdek, ayol haydovchi yoki yo‘lovchi hijob yoki tegishli kiyimda bo‘lmagan transport vositalari egalariga jarima belgilandi.

Xususiy korxonalar va biznes egalari kiyinish qoidalarining buzilishini “biron-bir tarzda targ‘ib qilsalar” jarimaga tortiladi, ularga sayohat qilish taqiqlanadi va qamoq jazosiga tortiladi, deb yozadi Al Jazeera.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining inson huquqlari bo‘yicha ekspertlari ushbu qonunni “gender aparteidining shakli” va Eron rasmiylarining “ayol-qizlarning irodasini to‘liq bo‘ysundirishga qaratilgan tizimli diskriminatsiyasining bir qismi” deb atashdi. Ular ushbu hujjat ayollarning asosiy huquqlari, jumladan, madaniy hayotda ishtirok etish huquqi, fikr va harakat erkinligi, tinch namoyishlar o‘tkazish huquqi, ijtimoiy, ta’lim va sog‘liqni saqlash xizmatlaridan foydalanish huquqini buzayotganini ta’kidladi.

Qonun hijobni noto‘g‘ri o‘ragani uchun hibsga olinganidan so‘ng politsiya hibsxonasida vafot etgan Mahsa Amini voqeasiga bir yil bo‘lishi munosabati bilan qabul qilingan. Uning o‘limi butun Eron bo‘ylab keng tarqalgan noroziliklarga sabab bo‘lgandi. Namoyishchilar gender tengligi, islohotlar va rejim o‘zgarishini talab qilishgandi. Noroziliklar davomida ayollar hijoblarini yoqib, sochlarini kesishgandi.

Eron hukumati norozilik namoyishlarini shafqatsizlarcha bostirdi, BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, ularda qatnashgani uchun 20 mingga yaqin odam hibsga olingan. Mamlakatda 2022-yilda qatl etilganlar soni 2021-yilga nisbatan 75 foizga oshgan — jami 582 kishi qatl etilgan.

Iyul oyida norozilik namoyishlaridan so‘ng g‘oyib bo‘lgan “axloq politsiyasi” islomiy kiyinish qoidalarini tatbiq etish uchun Eron shaharlarida piyoda va avtomobil patrullarini qayta boshladi.

Hijob kiyish 1983-yilda, islomiy inqilobdan to‘rt yil o‘tib, mamlakatda monarxiya ag‘darib, Islom respublikasi e’lon qilinganida, barcha Eron ayollari uchun majburiy bo‘lgan. Eronning amaldagi Jinoyat kodeksiga ko‘ra, omma oldida hijobsiz ko‘rinish bergan ayollar 10 kundan ikki oygacha qamoq yoki jarimaga tortilishi mumkin.