2020-yilning fevralidan beri O‘zbekiston bola huquqlari bo‘yicha ombudsmani Aliya Tuygunovna Yunusova o‘z faoliyatini to‘xtatayotganini ma’lum qildi. U bu haqda o‘zining Facebook`dagi sahifasida yozib qoldirdi.

“Mavjud vaziyatdan kelib chiqib, men bolalar huquqlari bo‘yicha vakil sifatidagi faoliyatimni to‘xtatayotganimni ma’lum qilaman. Muhtaram prezident Shavkat Mirziyoyevga bola huquq va manfaatlarini ta’minlash, yosh avlodning har tomonlama barkamol voyaga yetishi, onalik va bolalikni muhofaza qilish masalalariga alohida e’tibor qaratayotgani uchun minnatdorchilik bildiraman”, — deb yozdi u.

Bolalar huquqlarini ta’minlash va himoya qilishning xalqaro standartlarga javob beradigan kuchli tizimini shakllantirishda biz bilan hamkorlik qilgan, qo‘llab-quvvatlagan, hissa qo‘shgan, ishongan va ishlagan barchaga minnatdorchilik bildiraman. Ayniqsa, YUNISEFning O‘zbekistondagi Bolalar jamg‘armasi rahbari janob Munir Mammadzade va uning jamoasiga bolalar manfaatlari yo‘lidagi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlagani va ilgari surayotgani uchun alohida minnatdorchilik bildirmoqchiman, deya post qoldirgan Yunusova.

Aliya Yunusova yuridik fanlar nomzodi, 20 yildan ortiq vaqt davomida bolalar huquqlari bilan shug‘ullanadi. 1999-yildan buyon u Inson huquqlari bo‘yicha milliy markazning ta’lim bo‘limi mudiri bo‘lib, u yerda bolalar huquqlari sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish, bolalar huquqlari to‘g‘risidagi qonun loyihasini ishlab chiqish bilan shug‘ullangan. 2004-yildan beri u uch marta Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati etib saylangan.

2020-yilda fevral oyida ombudsman o‘rinbosari — bola huquqlari bo‘yicha vakil lavozimiga sobiq deputat Aliya Yunusova nomzodi ma’qullangandi.

Ma’lumot o‘rnida, Bola huquqlari bo‘yicha vakil o‘z vakolatlarini mustaqil hamda davlat organlari va ularning mansabdor shaxslariga tobe bo‘lmagan tarzda bajaradi. Bola huquqlari bo‘yicha vakil O‘zbekiston Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati tomonidan 5 yil muddatga saylanadi. Mazkur lavozimga esa nomzodni prezident tavsiya etadi.

Aliya Yunusova faoliyati haqida

Yunusovaning bola ombudsmani lavozimiga tayinlanishi bilan tizimda ko‘plab ishlar amalga oshirildi. Jumladan, bolalarning huquqlari buzulishi bilan bog‘liq har qanday holatga zudlik bilan munosabat bildirish hamda vaziyatni nazoratga olish bo‘yicha ishlar jonlandi.

2020-yilning avgustida “Gazeta.uz” bola ombudsmani ishga kirishgach amalga oshirgan ishlar va vakilning shaxsiy xulosalari haqida maqola e’lon qilgandi. Unda Aliya Yunusova ixtisoslashtirilgan bolalar muassasalariga, shuningdek, Toshkent shahri, Qashqadaryo, Andijon, Farg‘ona, Namangan va Toshkent viloyatlaridagi jazoni o‘tash muassasalari hamda qamoqda saqlash joylariga tashrif buyurgani haqida yozgandi.

O‘shanda vakil bolalar, ushbu muassasalar rahbarlari va xodimlari bilan uchrashuvlar va yuzma-yuz suhbatlar o‘tkazgan. Afsuski, tarbiyachilar voyaga yetmagan bolalarga nisbatan zo‘ravonlik ishlatgani to‘g‘risidagi dalillar keltirilgan. Shundan so‘ng Ombudsman YUNISEF bilan hamkorlikda bolalarning ixtisoslashtirilgan muassasalari o‘smirlarining murojaatlari va shikoyatlari uchun “ishonch telefoni” xizmatini yo‘lga qo‘ydi.

Bola ombudsmani o‘shanda shunday fikrlarni bildirgandi: “Har safar institutsional muassasaga kelganimda, bolalarning ko‘zlarida qalb nolasi, og‘riq va umidsizlikni ko‘raman”, “hech bir tarbiyachi hech qachon mehribon ota-onalarning muhabbati va mehri o‘rnini bosa olmaydi”, “Bolalarning o‘zining „shaxsiy hududi“, shaxsiy aloqalari yo‘q”, “Bolalarning ko‘pchiligi ularning oilalari qo‘llab-quvvatlanganida va inklyuziv ta’lim xizmatlari ko‘rsatilganida o‘z oilalari bilan birga bo‘lishlari mumkin edi”, “Mehribonlik uylari — bolalarning joyi emas”.

Bundan tashqari, 2021-yilning aprelida vakil o‘rganishlar davomida Qashqadaryo viloyati Kitob tumanidagi 5-sonli Mehribonlik uyini tugatish kerakligini ma’lum qilgandi. O‘tkazilgan o‘rganishlarda oziq-ovqat mahsulotlarining sifati o‘zgargani va chirigani, beton poldan iborat xonalar zaxligi, mebellar esa eskiligi sabab bolalar juda yomon sharoitda yashayotgani aniqlangan. Uning o‘rnida Bolalar shaharchasini tashkil etish taklifi bildirilgandi.

24-may kuniga kelib, Samarqand viloyati 63-sonli aqli zaif bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internat tarbiyalanuvchilarining yuz qismi ko‘kargani, shikastlangan va yirtiq-yamoq kiyimlarda yurgani va kir yuvishga majbur qilinayotgani aks etgan fotolavhalar tarqalgandi.

Holat Bola ombudsmani tomonidan o‘rganilib, “muassasada nosog‘lom muhit hukm surmoqda”, degan xulosaga kelingandi.

“Bolalar tilanchiligi bizning umumiy fojiamizdir”

2022-yilning mart oyida bola huquqlari bo‘yicha vakil Aliya Yunusova ko‘chalarda bolalar orqasidan tilanchilik qilayotgan va buni “biznes"ga aylantirib olganlar borasida munosabat bildirgandi. U bolalarni ekspluatatsiya qilishni zamonaviy qullik va voyaga yetmaganlarga nisbatan zo‘ravonlik deb baholagandi. Ombudsman fuqarolarni yo‘llarda tilanchilik qilayotgan bolalarga pul bermaslikka chaqirgandi.

“Bolalarga nisbatan zo‘ravonlikni to‘xtating”

2022-yilning mart oyi oxirlarida tarmoqlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jayli tumanida noma’lum ayol farzandlariga jismoniy va ruhiy tazyiq o‘tkazayotgani aks etgan video tarqaldi.

Bola ombudsmani Aliya Yunusova shu va boshqa shunga o‘xshash voqealar ortidan “bolalarga nisbatan zo‘ravonlikni to‘xtatishni” so‘rab chiqdi. “Biz jamiyat sifatida bu haqiqatni qabul qilmasligimiz kerak. Bolalarni shafqatsiz muomala va zo‘ravonlikdan asrash uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishimiz lozim”, — dedi u.

O‘shanda vakil holatni o‘z nazoratiga oldi. O‘z farzandlariga jismoniy va ruhiy tazyiq o‘tkazgan ayolga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

“Pedofillarga eng og‘ir jazo turi qo‘llanishi kerak”

2023-yilga kelib, O‘zbekistonda voyaga yetmagan bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik holatlari tobora kuchayib ketdi. Bola ombudsmani shunga ham munosabat bildirib, jinoyatchilarga jazoni yanada kuchaytirish taklifi bilan chiqdi. Jumladan, Toshkent shahrining Yangihayot tumanidagi 12 yashar qizning ayanchli o‘limi butun mamlakatni larzaga keltirdi va O‘zbekistonda bolalar xavfsizligi to‘liq ta’minlanmaganini ko‘rsatib berdi.

“Shaxsan menga yuborilayotgan murojaatlar orasida oila a’zolari, buvasi, o‘gay akasi yoki o‘gay otasi tomonidan muntazam jinsiy zo‘ravonliklarga uchrayotgan bolalar ham topiladi. Hatto 4−9, 10−14 yoshli bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonliklar amalga oshirilyapti. Albatta, bu — juda achinarli holat. Bunday murojaatlarni o‘qish juda og‘ir. Axir bolalar himoyaga muhtoj-ku. Bu holatlarni o‘zimiz nazoratga olib, Bosh prokuraturaga rasmiy xat bilan murojaat qilyapmiz”, — deb yozgandi u.

Vakil o‘shanda bolalarning ham zo‘ravonlikka uchraganda, oila a’zolari tomonidan tahqirlanganda yoki boshqa holatlarda imo-ishora bilan xabar berish bo‘yicha ko‘nikmalarini shakllantirish kerakligini ta’kidlagandi.

“Aslida bu kabi voqealar bizni bolalar himoyasini yanada mustahkamlashga undashi va mas’uliyatimizni yanada oshirishi zarur. Bular orqali bolalarning huquqlari himoyalangan va xavfsizligi ta’minlangan jamiyatda yashashini ta’minlashimiz kerak”, — degandi u.