Aholi uchun elektr energiyasida tabaqalashtirilgan tariflarni 2024-yilning 1-mayidan joriy qilinishi mumkin. Bu haqda energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov OAV vakillari bilan uchrashuvda aytib o‘tdi, deya ma’lum qildi O‘zA.

Uning qayd etishicha, e’lon qilingan loyihada faqat yuridik shaxslar uchun yangi tariflar belgilanishi nazarda tutilgan, lekin aholi uchun narxlar o‘zgartirilmayapti.

“Aholi uchun tabaqalashtirilgan tariflarni belgilashdan oldin biz eng avvalo uzluksiz elektr energiyasi yetkazib berishni ta’minlashimiz kerak. Ya’ni narx oshsayu, lekin yana elektrda uzilish bo‘laversa, aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘ladi. Shu sababli biz hozirda generatsiyalarni oshirish, tarmoqlarni modernizatsiya qilish ishlarini jadallashtiryapmiz”.

“Agar uzluksiz elektr yetkazib berishni ta’minlay olsakgina, aholi uchun elektr energiyasida tabaqalashtirilgan tariflarni 2024-yilning 1-mayidan joriy qilish bo‘yicha loyihani Hukumatga kiritishni rejalashtiryapmiz. Lekin bu aynan shu kundan narx oshadi, degani emas, hozircha barchasi loyiha xolos”, — deydi vazir.

“Tabaqalashtirilgan tarif deganda belgilangan “ijtimoiy norma”dan ko‘p elektr iste’mol qilayotgan, aytaylik uyida basseyni, saunasi, ko‘plab maishiy texnikalari bor xonadonlar, ya’ni nisbiy olganda boy va o‘ziga to‘q xonadonlar uchun narx oshadi, degani. Hozir 85% aholi bir oyda 300 kW•soatgacha elektr iste’mol qilyapti. Lekin qolgan 15% aholi ishlatayotgan elektr energiyasi hajmi mana shu 85% aholinikidan ko‘proq”, — dedi energetika vaziri.

Energiya bozorini liberallashtirish harakati

O‘zbekistonda gaz va elektr energiyasiga tariflar oxirgi marta 2019-yil avgust oyida oshirilgan edi. Energiya resurslari bo‘yicha narxlarni liberallashtirish va energetika sohasini isloh qilish ishlari bir necha bor ortga surilgan.

Hukumat 2020-yilning fevral-mart oylarida elektr energiyasi va gaz tariflarini oshirishni rejalashtirgan edi, biroq koronavirus pandemiyasi tufayli bu chorani keyinga qoldirgan. 2020-yil oktabr oyida “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati raisi Ulug‘bek Mustafoyev prezident tomonidan 2021−2022-yillarda elektr energiyasi tariflarini oshirmaslik vazifasi qo‘yilgani haqida ma’lum qilgandi.

Biz 2022-yil may oyida O‘zbekistonda 7,3 million abonent elektr energiyasi iste’mol qilishi, ularning 80 foizi oyiga o‘rtacha 200 kVt/soatgacha elektr energiyasini sarflashi haqida yozgandik. Vaholanki, bu uy xo‘jaliklari aholi tomonidan iste’mol qilinadigan umumiy elektr energiyasining atigi 31 foizini (5,7 milliard kVt/soat) tashkil etadi.

4 million gaz abonentining 85 foizi oyiga o‘rtacha 500 kub metrgacha gaz iste’mol qiladi. Shu bilan birga, ular aholi umumiy iste’molining atigi 35 foizini (4,5 milliard kub metr) tashkil qiladi.

Hukumat 2022-yil 15-iyuldan energiya iste’molining ijtimoiy normasini joriy etishni va limitlarni joriy qilishni rejalashtirgan edi, chunki ko‘proq iste’mol qilganlar davlat subsidiyalarining katta qismini oladi, biroq keyinchalik bu boradagi qaror keyinga qoldirilgan.

O‘tgan yil oxirida prezident aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlagan holda energiya resurslariga bozor narxlarini joriy etish zarurligini ta’kidlagandi.

Fevral oyida Markaziy bank rahbari o‘rinbosari Behzod Hamroyev may oyida elektr energiyasi va gaz narxlarining liberallashtirilishi kutilayotgani haqida xabar bergandi. Mart oyi oxirida iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Dilshod Sultonov 2023-yilda energiya resurslari uchun tariflarni oshirish rejalashtirilmagani, biroq bu masala muhokama qilinayotganini aytgan.

Iqtisodchi Behzod Hoshimovning ta’kidlashicha, O‘zbekiston energetika sohasidagi joriy narx siyosati kambag‘allarning qashshoqlashishiga, boylarning boyib ketishiga olib kelmoqda. Energetika kompaniyalariga bozordan tashqari narxlarni qo‘llab-quvvatlash uchun berilgan milliardlab dollarlik subsidiyalar boylar uchun ko‘proq foydalidir, degan u.

Bundan tashqari, past tariflar tufayli energetika kompaniyalari milliardlab dollar zarar ko‘rmoqda.