Iyul oyida O‘zbekiston Xitoyga tabiiy gaz eksportini qiymat ko‘rsatkichida oshirdi, deya xabar qildi Xitoy Xalq Respublikasi Bosh bojxona boshqarmasi.

Avval xabar berganimizdek, aprel oyida O‘zbekiston o‘sha oyda 40,47 mln dollarlik “zangori olov” eksportini tikladi. May oyida yetkazib berish hajmi 78,16 mln, iyunda 85,27 mln, iyulda esa o‘tgan oyga nisbatan 7,2 foizga ko‘proq — 91,39 mln dollarga oshgan.

Yil boshidan buyon eksport hajmi umumiy 295,3 mln dollarni tashkil etdi, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 41,6 foizga kam — 505,87 mln dollar. Buni yanvar-mart oylarida O‘zbekistondagi energetika inqirozi fonida gaz eksporti to‘xtatilgani bilan izohlash mumkin.

O‘tgan oydagi ko‘rsatkichlarni solishtiradigan bo‘lsak, 2022-yil iyul oyida 99,55 mln dollarlik gaz yetkazib berilgan.

Ayni paytda Turkmaniston Xitoyga gaz yetkazib berish bo‘yicha yetakchi bo‘lib qolmoqda va yetti oy davomida 5,85 mlrd dollarlik gaz eksport qildi (o‘tgan yilning shu davriga nisbatan +10 foiz). Ikkinchi o‘rinni esa Rossiya egalladi, u yetkazib berish hajmini qariyb ikki baravar oshirib, 3,94 mlrd dollarga yetkazdi. Myanma (861 mln dollar) va Qozog‘iston (614 mln dollar) keyingi o‘rinlarda turibdi.

“Gazeta.uz” avvalroq O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi gaz eksporti bo‘yicha ma’lumotlar bir necha martaga farq qilayotganini yozgan edi. Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov buni Xitoy turkman gazi tranzitini ham hisobga olishi bilan izohladi. Bizning hisob-kitoblarimizga ko‘ra, hatto buni hisobga olgan taqdirda ham, statistika katta farq qilishi mumkin.

Avval xabar berganimizdek, yilning dastlabki olti oyida O‘zbekistonda gaz qazib olish hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 9,6 foizga yoki 2,51 mlrd kub metrga kamaygan.

Avvalroq “Turkmangaz” davlat konserni raisi o‘rinbosari Mirad Archayev Turkmaniston Rossiyaning O‘zbekiston va Qozog‘iston bilan “gaz ittifoqi” bo‘yicha bayonotlardan xavotirda ekanini bildirgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu Xitoyga gaz eksport qiluvchi Turkmaniston manfaatlariga daxl qiladi. U Turkmaniston-Xitoy gaz quvuri boshqa davlatlardan Xitoyga gaz yetkazib berish uchun ishlatilishi mumkinligidan xavotirda.

Keyinroq Qozog‘iston Energetika vazirligi Rossiya va O‘zbekiston bilan uch tomonlama gaz ittifoqini yaratish bo‘yicha rasmiy takliflar olmaganini ma’lum qildi. Ushbu davlatlar bilan gaz sohasida hamkorlik ikki tomonlama formatda amalga oshirilmoqda, deya ta’kidladi vazirlik.

O‘zbekiston Turkmaniston tomonining bayonotiga izoh bermadi.