Bu yil qishda O‘zbekiston aholisi ijobiy o‘zgarishlarni sezadi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev 18-avgust kuni tadbirkorlar bilan uchrashuvda aytib o‘tdi.

“Bir narsani to‘g‘ri tushunishimiz zarur, biz ayrim mamlakatlar kabi neft va gaz resurslarini sotish evaziga yuqori iqtisodiy o‘sishni ta’minlay olmaymiz. Mana shuni hammamiz bilishimiz kerak. Bizda bunday resurslar yo‘q. Bori ham, xalqimiz ko‘paymoqda, o‘zimizga kerak, chetga sotolmaymiz. Biz bu [borada] ko‘p ishlar qilyapmiz. Xudo xohlasa, bu yil xalqimiz nima ishlar qilganimizni qishda sezadi”, — dedi prezident.

“Lekin yana bir marta aytaman, neft va gaz sotish hisobiga yuqori iqtisodiy o‘sishni ta’minlay olmaymiz. Bizning „neftimiz“ ham, „gazimiz“ ham bu — siz kabi tashabbuskor va ishbilarmon tadbirkorlar xom ashyoddan yaratayotgan yuqori qiymatli va sifatli mahsulotlardir. Neftni, gazni sotishga imkoniyatimiz yo‘q, o‘zimizga kerak”, — dedi davlat rahbari.

Qishda nima bo‘lgan edi?

2023-yil 10−15-yanvarda respublika bo‘yicha anomal sovuq ob-havo kuzatildi. Ushbu davr avvalida “O‘zbekneftgaz” siquv kompressor stansiyalaridagi gaz haydash agregatlarida avariyali holatda to‘xtashlar kuzatilganini ma’lum qildi. 12-yanvar kuni Energetika vazirligi gaz bosimining keskin pasayishi kuzatilayotganini ma’lum qilib, metan “zapravka”lar faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan. Ularning faoliyati 30-yanvarga kelibgina qayta tiklandi.

Respublika bo‘ylab, hususan, Toshkent shahrining ayrim tumanlarida gaz bosimining pasayishi sababli isitishda muammolar kuzatildi. Shuningdek, gaz quvurlarining shikastlanishi kuzatilgan.

Qishda elektr energiyasida ham uzoq muddatli uzulishlar kuzatilgan. Toshkentning Yunusobod tumanida 2−3 kunlab umuman elektr energiyasi bo‘lmagan. “Svet” ham gaz ham yo‘q sharoitda ba’zi odamlar ko‘chada olov yoqib isinishdi. Ushbu voqealardan so‘ng “Bazalt” operatsiyasi boshlandi va Toshkentdagi “dom”larni sovuq o‘tmaydigan uylarga aylantirishga kirishildi.

16-yanvar kuni Shavkat Mirziyoyev anomal sovuq fonida elektr energiyasi, gaz va issiqlik ta’minotida kuzatilayotgan muammolarga tizimsiz ishlash, energoresurslarni talon-toroj qilish holatlari ham sabab bo‘layotganini aytdi. O‘shanda DXX va Bosh prokuraturaga tizimdagi korrupsiyani yo‘q qilish bo‘yicha alohida choralar ko‘rish topshirilgandi.