“O‘zbekneftgaz” raqamli transformatsiyasining iqtisodiy samarasi 64,4 mln dollarni tashkil etdi. Bu haqda juma kuni press-tur davomida kompaniyaning Modellashtirish markazi rahbari o‘rinbosari Anvar Murodov ma’lum qildi.

Konsepsiya doirasida neft va gaz konlarini 3D modellashtirish, mavjud geologik-texnik ma’lumotlarni raqamlashtirish va yagona ma’lumotlar bazasini shakllantirish bo‘yicha Raqamli kon (E-kon) dasturi ishlab chiqildi, Modellashtirish markazi tashkil etildi.

E-kon — “O‘zbekneftgaz” AJ (118 ta kon) yer qa’ridan foydalanish tarkibidagi konlar samaradorligini bashorat qilish vositalari bilan birgalikda uglevodorod qazib olish tizimini operativ tahlil qilish hamda boshqarish uchun dasturiy-texnik kompleksi.

raqamlashtirish, узбекнефтgaz

“O‘zLITIneftgaz” boshqaruvi raisi Ulug‘bek Nazarov. Foto: “O‘zbekneftgaz”

Kompleks qazib olinayotgan gazni axborotlashtirish va raqamlashtirishni gazni yo‘ldosh suvdan ajratib olishni ta’minlovchi yer usti kon uskunalari tizimi bilan to‘liq integratsiya qilishga qaratilgan. Bu favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish bo‘yicha muammolarni tezkor hal qilish, har bir alohida quduq va konlarning texnologik rejimlarini optimallashtirish bo‘yicha o‘z vaqtida qaror qabul qilish uchun quduq unumdorligining real qiymatlarini hisobga olishga yordam beradi.

2019−2023-yillarda “O‘zbekneftgaz” tomonidan 7200 dan ortiq quduqlar bo‘yicha 470 mingga yaqin geologik va texnik ma’lumotlar, shuningdek, 1400 dan ortiq quduqlar bo‘yicha 44 mingta geofizik tadqiqotlar natijalari raqamlashtirildi.

Shuningdek, Amerikaning Schlumberger kompaniyasi bilan hamkorlikda O‘zbekiston neft-gaz sanoatining yagona milliy ma’lumotlar bazasi yaratildi.

Yer osti geologik ma’lumotlarini raqamlashtirish orqali 122 ta konning raqamli geologik modellari, 83 ta konning gidrodinamik modeli, 52 ta konning yer usti tarmoqlari modellari ishlab chiqildi.

raqamlashtirish, узбекнефтgaz

Anvar Murodov. Foto: “Gazeta.uz”

“Schlumberger mutaxassislari bilan birgalikda eXchroma texnologiyasidan foydalangan holda Ustyurt hududidagi Yuqori Yura (J3) konlarining 3D seysmik kublarini qayta tahlil qilish natijasida „Inom“, „Aslan“, „Shimoliy Berdaq“, „Quyi Surgil“ va „Sharqiy Berdaq“ katta istiqbolga ega bo‘lgan paleokanallarni (qadimgi daryo o‘zanlarini) aniqlashga muvaffaq bo‘lindi”, — deya ma’lum qildi kompaniya vakili.

raqamlashtirish, узбекнефтgaz

Raqamlashtirish tufayli ekspluatatsiya qilinayotgan konlarda geologik xavflarni 40−45 foizdan 5−10 foizgacha kamaytirish va 64,4 mln dollarlik iqtisodiy foyda olish imkoni bo‘ldi. Ya’ni, endi “O‘zbekneftgaz” konlarni ekspluatatsiya qilishning 100−200 ta variantini tahlil qilib, so‘ngra quduqlar va burg‘ulash uchun eng maqbul joyni tanlashi mumkin bo‘ladi (ilgari xato qilib, yer osti suvlari ko‘p bo‘lgan joyni tanlashi mumkin edi).

“Quyi-Sharqiy Berdaq”, “Quyi Surg‘il”, “Sho‘rtan”, “Dengizko‘l”, “Alan”, “Tegirmon”, “Kulbeshkak”, “Doyaxotin” va boshqa ko‘plab konlarda 150 ta quduqning loyihalash joylari ko‘rib chiqildi.

May oyida “O‘zbekneftgaz” AJ raisi Bahodirjon Sidiqov gaz qazib olishni keskin oshirish vazifasiga erishish uchun konlar va quduqlarni raqamlashtirish zarurligini ta’kidlagan edi. Unga ko‘ra, bu ishlarni yil oxirigacha yakunlash rejalashtirilgan.