Turkmaniston Rossiyaning O‘zbekiston va Qozog‘iston bilan “gaz ittifoqi” kengayishi mumkinligi bo‘yicha berilayotgan bayonotlardan jiddiy xavotirda ekanini ma’lum qildi. Mamlakat Tashqi ishlar vazirligi saytida “Turkmangaz” davlat konserni raisining o‘rinbosari Mirad Archayevning bu masala yuzasidan bildirgan fikrlari e’lon qilindi.

Avvalroq Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Iqtisodiy hamkorlik departamenti direktori Dmitriy Birichevskiy O‘zbekiston va Qozog‘iston bilan “gaz ittifoqi” loyihasi kengayishi haqida fikr bildirib, buni istisno qilmasligini ta’kidlagandi.

“Biz gaz sohasida uch tomonlama hamkorlikni kengaytirish imkoniyatini istisno qilmaymiz. Bunga boshqa davlatlar ham qiziqish bildirayotganidan xabardormiz. Biz bunday hamkorlik barcha ishtirokchilarning pozitsiyasini hisobga olishi, o‘zaro manfaatli va konstruktiv bo‘lishi kerakligini anglagan holda bunga ochiqmiz”, — degandi Dmitriy Birichevskiy.

“Turkmangaz” davlat konserni raisining o‘rinbosari Birichevskiyning so‘zlariga quyidagicha munosabat bildirdi:

“Janob Birichevskiyning bayonoti kamida bir nechta savollarni tug‘diradi. Gap qanday „kengayish imkoniyatlari“ haqida ketmoqda, qaysi „boshqa davlatlar“ ularga qiziqish bildirmoqda, gaz sohasida „uch tomonlama hamkorlik“ ortida aynan nima turibdi? Rossiya diplomati ishlatadigan soddalashtirilgan til bu savollarga javob bermaydi. Masala boshqa davlatlarning, jumladan, Turkmanistonning manfaatlariga ta’sir qilishini hisobga olsak, to‘liq aniqlik talab etiladi”.

“Turkmangaz” rasmiysi Turkmaniston, Qozog‘iston, O‘zbekiston va Xitoy uzoq vaqtdan beri Markaziy Osiyodan Xitoyga tabiiy gazni tashish bo‘yicha aniq kelishilgan hajmlar, shartlar, iqtisodiy va texnik parametrlar bilan hamkorlik qilib kelayotganini eslatdi.

Hozirgi vaqtda Turkmaniston-Xitoy gaz quvurining uchta tarmog‘i mavjud bo‘lib, ular orqali mamlakat sharqi va janubi-sharqidagi konlardan gaz yetkazib beriladi. Uchta yo‘nalishning barchasi, ularning ishlashini ta’minlovchi ishlab chiqarish quvvatlari faqat Turkmaniston va Xitoy tomonidan (mos ravishda “Turkmangaz” davlat konserni va Xitoyning CNPC neft-gaz kompaniyasi) birgalikda qurilgan. Bugungi kunda Turkmaniston mazkur quvur orqali eng yirik gaz yetkazib beruvchi hisoblanadi: yiliga kelishilgan 55 mlrd kub metr hajmning 40 mlrd kub metri Turkmaniston tomonidan, qolgan qismi esa O‘zbekiston va Qozog‘iston tomonidan yetkazib beriladi.

“Quvurni to‘ldirish uchun boshqa davlatlardan gaz olib keluvchi manbalar nazarda tutilmagan, Xitoyga yetkazib beriladigan gaz hajmlarini taqsimlashning amaldagi sxemasida Turkmaniston-Xitoy gaz quvuri loyihasi ishtirokchilari sonini kengaytirish rejalashtirilmagan. Ta’kidlab o‘tish kerakki, Turkmaniston xitoylik, o‘zbekistonlik va qozog‘istonlik hamkorlari oldidagi majburiyatlariga qat’iy rioya qiladi va hamkor tomonlar ham bunga qonuniy ravishda amal qilishiga ishonadi”, — deydi Mirad Archayev.

Uning aytishicha, mavjud infratuzilmadan foydalangan holda gaz yetkazib berishning kelishilgan va rasmiylashtirilgan hajmlari va sxemalariga har qanday o‘zgarishlar kiritish uchun barcha ishtirokchilarning oldindan roziligi istisnosiz talab qilinadi.

“Ayni paytda Turkmaniston bilan bu borada hech qanday maslahatlashuvlar o‘tkazilmagan. Bunday yondashuv Turkmaniston tomoni uchun tushunarsiz va qabul qilib bo‘lmaydigan hisoblanib, mamlakatimiz tomonidan gaz sohasidagi xalqaro huquq normalari va amaliyotiga to‘g‘ri kelmaydigan deb baholanadi. Shu nuqtai nazardan, mamlakat rasmiy vakillarning Turkmaniston xalqaro majburiyatlariga u yoki bu tarzda ta’sir ko‘rsatadigan, ularning boshqa ishtirokchilar tomonidan bajarilishi bo‘yicha chalkashlik va spekulyatsiyalar keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan bayonotlaridan jiddiy xavotirda”, — deydi “Turkmangaz” davlat konserni raisi o‘rinbosari.

Ma’lumot o‘rnida, 2022-yilning noyabr oyi oxirida Vladimir Putin Rossiya, Qozog‘iston va O‘zbekistonning “uch tomonlama gaz ittifoqi”ni tuzishni taklif qilgani ma’lum bo‘lgandi.

7-dekabr kuni energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov mamlakat qo‘shnilardan gazni “qandaydir alyans yoki ittifoq” orqali emas, balki tijorat shartnomasi doirasida import qilish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazayotganini qayd etgan. Oradan bir kun o‘tib, Rossiya prezidenti Vladimir Putin “bu energetik alyans bo‘lishi mumkin”ligini aytgan.

24-yanvar kuni O‘zbekiston va “Gazprom” o‘rtasida gaz sohasida hamkorlik bo‘yicha “yo‘l xaritasi” imzolandi. Biroq hujjat tafsilotlari keltirilmadi. Ushbu yangilik tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lganidan so‘ng Energetika vazirligi “yo‘l xaritasi” bo‘yicha tushuntirish berdi. “Bunda gaz transport tizimi kimgadir berilishi yoki suverenitetimizga qandaydir tahdid umuman yo‘q”, — deyiladi xabarda.

4-iyun kuni Qozog‘iston energetika vaziri Almasadam Satkaliyev 2024-yilgi kuz-qish mavsumida mamlakat infratuzilmasi Rossiya gazini O‘zbekistonga tranzit qilish uchun tayyor bo‘lishini ma’lum qilgandi. 16-iyun kuni Energetika vazirligi Rossiya gazini O‘zbekistonga Qozog‘iston hududi orqali eksport qilish bo‘yicha Sankt-Peterburg Xalqaro iqtisodiy forumida shartnoma imzolangani va unga muvofiq gaz yetkazib berish 2023-yilning to‘rtinchi choragidan boshlanishini xabar qilgan.

Keyinchalik kelishuv tafsilotlari bo‘yicha ma’lumot berildi. Unga ko‘ra, hujjat ikki yilga tuzilgan, yetkazib berish hajmi kuniga 9 million kub metrni, yillik hajm deyarli 2,8 milliard kub metrni tashkil etadi. Lekin gaz qanday narxda sotib olinishi haligacha noma’lum. Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov bu bo‘yicha ma’lumot berolmasligini bildirgan. Narx bo‘yicha berilgan savolga vazir “Kelishuvdagi narxlar milliy manfaatlar, bozor kon’yunkturasidan kelib chiqib, raqobatbardosh narxlar belgilandi”, — deya javob bergan.