Erkin Erkamovich Rustamov Toshkent viloyati Zangiota tumaniga hokim etib tayinlandi, deb xabar qildi 7-avgust kuni viloyat hokimligi matbuot xizmati. Avvalgi hokim Abdivahob Tamikayev 3-avgust kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning viloyatga tashrifidan so‘ng o‘z arizasiga binoan lavozimidan ozod etilgandi.

Erkin Rustamov ushbu tayinlovga qadar iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan. U bilan bir kunda iqtisodiyot va moliya vazirining yana bir o‘rinbosari — Dilshod Sultonov Toshkent viloyati Yangiyo‘l shahriga hokim etib tayinlangan.

Erkin Rustamov 1984-yilda Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida tug‘ilgan. 2005-yilda Toshkent davlat texnika universiteti bakalavriatini, 2007-yilda esa shu universitetning magistratura bosqichini tamomlagan.

Yil boshida Iqtisodiyot va moliya vazirligi tashkil etilgunga qadar 2022-yil sentabrdan iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan.

Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining Makroiqtisodiy tahlil, tarkibiy o‘zgartirishlar, bank-moliya tizimi, davlat aktivlarini boshqarish, raqobatni rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari kotibiyati mudirining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.

Qayd etilishicha, Erkin Rustamov nomzodi Zangiota hokimi v.b. lavozimiga Shavkat Mirziyoyev tomonidan tavsiya etilgan (Dilshod Sultonovning nomzodi singari).

эркин рuсtaмоv, тошкент viloyati, зангиоta tumanи

Tayinlov e’lon qilingan xalq deputatlari tuman kengashi sessiyasida so‘zga chiqqan viloyat hokimi Zoyir Mirzayev Zangiota tumanini obodonlashtirish borasidagi bir qator kamchiliklarga to‘xtalib o‘tdi.

U, xususan, viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari qatori barcha viloyat tashkilotlari rahbarlarining lavozimlariga muvofiqligi masalasini ham ko‘rib chiqish zarurligini ta’kidladi.

“Tumanda aholi murojaatlari bilan ishlash mutlaqo qoniqarsiz. Bugun muddati o‘tib ketgan 100 dan ortiq murojaatlar bor. Murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha zanjir bor: arizani aylanib-aylanib mahalla raisiga yuborish odati paydo bo‘lgan”, — deydi Zoyir Mirzayev.

“Sobiq hokim Abduvahob Tamikayev tajribali hokim edi. U kishi bilan turli yillarda yonma-yon ishladik. Biroq tumanning iqtisodiyoti orqaga ketishida tuman faollarining roli katta deb o‘ylayman”, — deya qo‘shimcha qildi u.

“Tumanda 15 ming aholi chetda ish izlab, sarson bo‘lib yuribdi. To‘g‘ri, ish o‘rinlari yaratilyapti. Lekin Zangiotadek salohiyatli joyda vaziyat maqtanarli emasligi achinarli”, — dedi viloyat hokimi.

“56 mahallada sartaroshxona, 38 ta mahallada go‘zallik salonlari yo‘q. Aholi bilan ishlash, ularning birlamchi ehtiyojlarini qondirish borasida qilinadigan ishlar ko‘p”, — dedi u.

Shuningdek, Zoyir Mirzayev yer ajratish sohasidagi qonunbuzarliklar, bolalarga bog‘chalarda joy yo‘qligi, qamrov qoniqarli emasligi (51,8 foiz), qurilish va sarmoya jalb etishda qoloqlik mavjudligini qayd etdi.

Shavkat Mirziyoyev 2-avgust kuni viloyatga tashrifi chog‘ida Toshkent viloyati hokimining kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari, Qibray va Yangiyo‘l tumanlari hokimlari va sektor rahbarlarini lavozimidan ozod etish bo‘yicha topshiriq bergandi. Shuningdek, viloyat hokimining yana ikki o‘rinbosariga hayfsan berilgan.

Ertasi kuni Bekobod va Zangiota tumanlari hokimlari lavozimidan ozod etilgani ma’lum bo‘lgan. Bir kun avval Bekobod tumaniga “Qishloq qurilish bank” departamenti boshlig‘ining o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Shuhrat Mirzayev hokim etib tayinlangan.